Moskva viloyatida ikki ming mehnat muhojiri ushlangan

Image copyright AFP
Image caption Rossiyada noqonuniy muhojirlarni ushlash amaliyoti davom etmoqda

Rossiya politsiyasi Podmoskoveda ikki mingga yaqin noqonuniy muhojirni ushlagani xabar qilinmoqda.

Chorshanba kuni "jamoat tartibini mustahkamlash" hamda Podmoskove hokimining saylovoldi tadbirlari oldidan Odintsov tuman politsiyasi "Noqonuniy muhojir" reydini o‘tkazdi, deyiladi Moskva viloyati IIB matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

O‘tkazilgan amaliyot davomida qurilish va qishloq xo‘jalik bozorlari tekshirilgan va 1800ta noqonuniy mehnat muhojiri aniqlanib, politsiya bo‘limlariga olib ketilgan.

Shuningdek, hujjatlarni soxtalashtirganlik bo‘yicha o‘nlab, noqonuniy muhojirlikni tashkil qilish bo‘yicha 13 ta jinoiy ish ochilgani aytiladi.

Ayni paytda Golyanovo jamlog‘idan yana bir guruh muhojirlar vatanlariga deportatsiya qilinishi ma‘lum qilindi.

Rossiya FMXning Moskva bo‘yicha bo‘limi vakili Nikolay Azarov payshanba kuni 24 vetnamlik vataniga qaytarilishini bildirdi.

Hozirda chodir jamloqda 512 muhojir qolmoqda. Ular birin-ketin Muhojirlarni saqlash markaziga ko‘chirilishi kutilmoqda.

O‘tgan shanbada Golyanovodagi "chodir-jamloq"dan birinchi guruh- 31 vetnamlik yurtiga deportatsiya etildi.

Federal xizmat xodimlariga ko‘ra, avgust oyi oxirigacha jamloq to‘liq tugatiladi.

Rossiyadan kelayotgan oxirgi xabarlarga ko‘ra, Peterburg shahridagi muhojirlarni saqlash markazida joylar to‘lgan. Muhojirlik federal xizmatidan aytishlaricha, 20ga yaqin noqonuniy muhojir joy yo‘qligi sababli avtobuslarda tunni o‘tkazishga majbur bo‘lishgan.

15 avgustda IIB, FMX va shahar hokimligi rasmiylari birgalikda shoshilinch majlis o‘tkazib, ushbu masalani hal qilishlari kerakligi aytilyapti.

Moskvada muhojirlarni ommaviy tekshirish Matveysk bozorida kavkazliklar bilan politsiya o‘rtasidagi mushtlashuvdan so‘ng boshlangan.

Tartibsizlik natijasida bir politsiyachi jarohatlangan, ikki kavkazlik muhojir hibsga olingan edi.