Misr inqirozi: Zo‘ravonliklar kuchayib, o‘lim hollari ortmoqda

Yangi namoyishlar Image copyright Reuters
Image caption Namoyishchilar bugunni "g‘azab kuni" deb atashgan

Qohira markazida yangidan norozilik namoyishlariga chiqqan Muhammad Mursi tarafdorlari xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashgan. Rasmiylarning aytishlaricha, 38 namoyishchi nobud bo‘lgan.

BBCning Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchisi Jeremi Boven 11 jasad va ko‘plab og‘ir yaralangan odamlarni ko‘rganini aytgandi.

To‘qnashuvlar chetlatilgan prezident Muhammad Mursining minglab tarafdorlari to‘plangan Ramzes maydoni yaqinida yuz bergan.

Chorshanba kuni Musulmon Birodarlari tarafdorlari to‘plangan jamloqlar Misr xavfsizlik kuchlari tomonidan tozalanishi ortidan 638 inson nobud bo‘lgan.

Bugunni namoyishchilar "g‘azab kuni" deb atashgan va ikki kun oldingi qonli amaliyotlarga g‘azab izhor qilishga chaqirishgan.

Avval juma namozi uchun masjidlarga yig‘ilgan odamlar, keyin Ramzes maydoni tomon yurishgan.

Ammo, maydon xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘rab olingandi.

Image copyright AFP
Image caption O‘lim hollari ortmoqda

Misrning muvaqqat hukumati politsiyaga namoyishchilarga qarshi jangovar qurollar ishlatishga ruxsat bergandi.

Ayni paytda Qohira tashqarisida kechgan namoyishlarda ham 12 inson hayotdan ko‘z yumgani aytilmoqda.

Qohirada ikki kundan beri favqulodda holat amalda. BBC muxbirlari shaharda vaziyat tarang qolayotgani borasida xabar qilishgandi.

Turli munosabatlar

"Shahar markazi hamon chorshanba kungi qonli hodisalardan o‘ziga kelmagani ko‘rinib turibdi", deya xabar qilgandi BBCning Qohiradagi muxbiri Naomi Grimli.

"Bir tarafda o‘lganlarga dafn marosimlari bo‘lib o‘tmoqda. G‘am-alam va qalb yaralari hamon yangi".

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, shaharda qarashlar qutbli, xavfsizlik kuchlarining chorshanba kuni amaliyotlari borasida odamlar turlicha fikrdalar.

Ayrimlar namoyishchilarni "terrorchilar, kallakesarlar va jinoyatchilar" deya ta‘riflashgan.

Ba‘zilar esa, norozilik jamloqlarini bu qadar ko‘p qon to‘kmasdan turib ham tarqatish mumkin edi degan fikrni bildirishgan.

"To‘kilayotgan qon misrliklarning qoni. U politsiya bo‘ladimi, oddiy odam bo‘ladimi, alal-oqibat biz hammamiz misrlikmiz. Ular odamlarga yumshoqroq munosabat qilishlari kerak edi va haddan ziyod kuch ishlatmaslik lozim edi", deb aytgan qohiraliklardan biri.

Bugun namoyishlar chog‘i ham zo‘ravonliklar yuz berishi kutilayotgandi.