Himoyachi: "Alisher Usmonovning MTS mojarosiga aloqasi yo‘q"

Image caption MTS O‘zbekistondagi mulkiga egalik huquqini xalqaro mahkamada himoya qilishini aytgan

Rossiyaning MTS mobil aloqa shirkatining O‘zbekistondagi mol-mulki davlat tasarrufiga o‘tkazilgan.

"Interfaks" xabar agentligining Davlat aloqa va axborotlashtirish agentligidagi manba‘ga tayanib xabar berishicha, bu haqdagi qaror MTS ning kasodga uchragan sho‘‘ba korxonasi bo‘lmish "Uzdunrobita" kreditorlari tomonidan 12 avgust kuni qabul qilingan.

"Uzdunrobita"ning kimoshdi savdosiga qo‘yilgan bir necha yuz million dollarlik mol-mulkiga xaridor topilmagani aytiladi.

Ayni paytda MTS O‘zbekistondagi qonuniy mol-mulkiga egalik haqqini xalqaro mahkamada himoya qilishini aytmoqda.

BBC MTS shirkatining himoyachisi Vladimir Kozin bilan bog‘lanib, avvaliga undan "Uzdunrobita" mulkining musodara qilinishiga munosabatini so‘ragan.

Vladimir Kozin: Hozirda MTS mulkini mahkamaning noqonuniy qarori asosida tortib olish jarayoni ketayapti. Ular buni avval-boshdan buni rejalashgan, O‘zbekistonning barcha tergov va mahkama idoralariga bu tortib olish jarayoniga qonuniy tus berishi vazifasi qo‘yilgan edi. Hamma kuch MTSning mol-mulkini talon-taroj qilish uchun tashlangan.

BBC: Ular deganda siz kimni nazarda tutayapsiz, davlatnimi yoki alohida odamlar guruhinimi?

Vladimir Kozin: Mutlaqo O‘zbekistondagi davlat hokimiyatini nazarda tutayapman. O‘zbekistonda davlat uzurpator. Sudlar davlatga so‘zsiz itoat qiladi. Hech qanday adolatli mahkama mavjud emas. Faqatgina davlatni qo‘lida ushlab turganlarning hokimiyatigina mavjud, xolos. O‘zbekiston mahkamalarining MTS borasida chiqargan qarorlari O‘zbekiston Respublikasining o‘z qonunlariga ham zid. Va mahkamaning noqonuniy qarorlari asosida xorijiy shirkatning mol-mulki tortib olinayapti.

BBC: Sizningcha, bu jarayonning ortida kim turibdi?

Vladimir Kozin: Men buning ortida kim turganini bilmayman. Ammo har qanday holatda ham hokimiyatga aloqador odamlar turibdi. Ya‘ni sud, tergov va hokimiyatning barcha bo‘g‘inlariga ta‘sir o‘tkaza oladigan odamlar. Men MTS ustidan mahkamaning bir necha jarayonida ishtirok etdim. U yerda mutlaq qonunsizlik hukmron.

BBC: MTS mojarosida O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning qo‘li borligi iddao qilinadi. Siz mahkama jarayonlarida bu da‘voni tasdiqlovchi bironta hujjatni ko‘rdingizmi?

Vladimir Kozin: Men Karimovaning qo‘li bor, deb aytolmayman. Chunki mahkamada Karimovning qizi ishtirok etgani yo‘q. Buning orqasida kim turganini ham bilmayman. Mening bilganim ular O‘zbekistondagi eng namunali mobil aloqa tizimini yo‘q qilishdi. Va bu ularning vijdoniga havola. Ular buni nima uchun qilishdi, degan savolga javob berish esa mening vakolatimga kirmaydi. Chunki men siyosatchi emas, advokatman.

BBC: Ya‘ni siz MTS ishini siyosiy, deb hisoblaysiz. Ammo soliq to‘lamaganlik va turli-tuman moliyaviy qallobliklar haqida ayblar-chi?

Vladimir Kozin: Ha, men buni hech shubhasiz, siyosiy ish, deb hisoblayman. Chunki iqtisodiy ish bo‘lganida, biz mutlaqo yutib chiqar edik. Qonunlar biz tomonda edi. Agar gap soliqda bo‘lganida, soliqlarning MTS tan olgan qismini to‘lash bilan bu ishga nuqta qo‘yish mumkin edi. Ammo ular bu bilan kifoyalanishmadi. Ular MTSni litsenziyasidan mahrum qilishdi. Tasavvur qiling, mamlakat aholisining 70 foizini mobil aloqa bilan ta‘minlagan bir shirkatning litsenziyasi besh daqiqa ichida olib qo‘yildi. "Uzdunrobita" shirkati davlat qancha pulga da‘vogarlik qilgan bo‘lsa, shuncha narxga baholandi. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Shirkat yo undan qimmat turadi yoki arzon. Ular esa davlat istagan pulni chiqarib berishdi. Shu yerdan ham ma‘lumki, maqsad soliqlarni undirish emas, maqsda shirkatni tortib olish bo‘lgan. Ammo bu nima maqsadda qilindi, kim qaysi tugmaga bosdi, men bu savolga javob berolmayman. Bajonidil javob bergan bo‘lardim, ammo menda bu savollarga javob yo‘q.

BBC: Shu kunlarda internetda go‘yoki MTS mojarosiga boshqa bir o‘zbek, rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning aralashgani haqidagi farazlar ham paydo bo‘ldi. Go‘yoki u MTSni O‘zbekiston bozoridan siqib chiqarib, "VympelKom" timsolida uning o‘rnini egallamoqchi bo‘lgan. Siz bu haqda nima deya olasiz?

Vladimir Kozin: Men shuni ochiq ayta olamanki, Alisher Usmonovning bu ishga mutlaqo aloqasi yo‘q. Bunday farazlar hozir ataydan o‘rtaga tashlanayapti. Ulardan ko‘zlangan maqsad siyosiy bo‘lishi mumkin. Ammo MTS ishidan xabardor odam sifatida men ishonch bilan ayta olamanki, Alisher Usmonovning bu ishga zarracha ham aloqasi yo‘q. Har holda, men o‘zimdagi ma‘lumotlarga tayanib, shunday xulosa chiqara olaman.