Tojikiston sharqida Islomiy partiya faollari hujumga uchradi

Image caption Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasi Markaziy Osiyoda yagona islomiy partiya hisoblanadi

Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasining yetti nafar faoli mamlakat sharqidagi Badashxshon viloyatida noma‘lum shaxslar hujumiga uchragan.

Partiya so‘zchisi Hikmatullo Sayfullozoda so‘zlariga ko‘ra, bu hodisa payshanba kuni kechki soat sakkizlarda Ro‘shon tumanining Chashmai Fotima mintaqasida yuz bergan.

Hamlaga duch kelgan faollar orasida partiya raisining muovini Zarafo Rahmoniy ham bor.

Bir necha yosh yigit mashinalarda Islom Uyg‘onish Partiyasi faollari ketayotgan avtombil yo‘lini to‘sganlar.

Hikmatullo Sayfullozodaning Rahmoniy xonimga iqtibosan aytishicha, bu shaxslar partiya faollaridan o‘ta dag‘allik bilan ular kim ekani va qayoqqa ketayotganlarini so‘ragan.

Faollar ularning shaxsini aniqlashga harakat qilgan payti yoshlardan biri partiya a‘zolaridan birini do‘pposlay ketgan.

Islomiy partiya faollari hodisa joyidan zudlik bilan uzoqlashishga majbur bo‘lganlar.

Hujumdan xabardor bo‘lgan Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasining raisi Muhiddin Kabiriy guruhga zudlik bilan pollitsiya idorasiga borishni buyurgan.

Partiya hay‘ati yuz bergan hodisa haqida Xorug‘ shahri politsiyasi mas‘ullariga xabar berganlar.

Hozirga qadar hujumchilar shaxsi aniqlangani yo‘q, ammo Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasi so‘zchisi faraziga ko‘ra, bu yoshlar partiya faollari ishiga xalaqit berish uchun Tojikiston markazidan Badaxshonga yuborilgan bo‘lishlari mumkin.

Ayni damda Badaxshon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining boshlig‘i Tojiddin Nazrishoyev BBC bilan telefon suhbatida Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasi hay‘ati noma‘lum shaxslar hujumi haqida shikoyat arizasi topshirganini tasdiqladi.

Biroq janob Nazrishoyev Ro‘shon tumanida hech kim noma‘lum yoshlarni ko‘rmaganini aytgan.

Uning xulosa qilishicha, Islomiy partiya hay‘ati Badaxshon viloyati aholisi diqqatini o‘ziga jalb qilish uchun "hujum hodisa"sini o‘ylab topgan bo‘lishi mumkin.

Biroq Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasi mas‘ullari bu hodisani partiya a‘zolariga qarshi olib borilayotgan bosim va ta‘qiblarning davomi deya baholashgan.

Ular bunday hujumlar joriy yilda yanada kuchayganini aytganlar.

Islomiy partiya faollariga ko‘ra, Tojikiston hukumati oxirgi paytlarda ommaviy axborot vositalari orqali partiyani yomonotliq qilish kampaniyasini boshlab yuborgan.

Tahlilchilar muxolifat faollariga hujumlarni shu yil kuziga belgilangan prezidentlik saylovi bilan bog‘lashadi.