O‘zbek mobil aloqa bozoriga kimlar keldiyu-ketdi?

Image caption "Uzdunrobita" butun SSSR makonidagi ilk mobil aloqa shirkatlardan biri bo‘lgan

O‘zbekiston mobil aloqa bozori eng gurkirab rivojlanayotgan bozor hisoblanadi va mobil aloqadan foydalanayotgan mijozlarning soni 25 milliondan ortiq ekani xabar qilingan.

O‘zbek mobil aloqa bozorining kashshofi "Uzdunrobita" butun SSSR makonidagi ilk shirkatlardan biri bo‘lgandi.

1991 yilda o‘zbekistonlik olim va tadbirkor Sanjar Umarov AQSh-Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi "Uzdunrobita"ga asos solgan.

1996 yilgacha "Uzdunrobita" bu bozordagi yagona o‘yinchi edi.

O‘sha yili O‘zbekistonda 5 ta mobil telefon shirkati ish boshladi.

Bular - DAEWOO Unitel, COSCOM, Uzmakom, Buztel va Perfectum Mobile.

Ko‘pchilik DAEWOO Unitelning poytaxt Toshkentda keng, yorug‘ va xuddi ilg‘or G‘arb mamlakatlaridagidek mijozlarga xushmuomalalik bilan xizmat ko‘rsatadigan ofislari ochilganini yaxshi eslashadi.

COSCOM esa "bu kompaniyadagi telefon raqaming bilan chet elda ham gaplashish mumkin"ligi, ya‘ni rouming xizmati mavjudligi bilan kishilar e‘tiborini tortgan edi.

Mamlakatdagi qator mashhur kishilar COSCOM mijozlari edi.

Ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda mobil aloqa faqat Toshkent va poytaxt atrofi bilan cheklanib qoldi.

2000 yilda O‘zbekiston janubiga O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari hujum qilgani aytilib, katta sondagi Mudofaa vazirligi harbiylarining va mamlakat rahbarlarining safarbarligi qisqa vaqtda Surxondaryo tog‘larida "Uzdunrobita" antennalarini o‘rnatishga turtki bergan, faqat Termizda ishlaydigan sotoviy telefonlar butun viloyat hududida signalga ega bo‘lgani ko‘pchilikni hayron qoldirgan edi.

Keyinroq Skytel shirkati ham ish boshladi.

O‘zbekistonda oltita mobil telefon shirkati faoliyat yuritayotgani bilan faxrlanish tuyg‘ulari bitilgan maqolalar mahalliy matbuotda bot-bot ko‘rinib qolardi.

2004 yil bu bozorda ancha-muncha o‘zgarishlar yuz berdi.

Rossiyaning MTSi "Uzdunrobitaga" egalik qila boshladi, DAEWOO Unitelni Holland shirkati sotib oldi, Rossiyaning MTSi va Beelinei O‘zbek bozoridagi faolliklarini oshirdi.

O‘sha yili O‘zbekiston Telekommunikatsiya agentligi o‘z shirkati Uzbektelecom Mobileni ham ishga tushirdi.

2006 yilda Beeline trendi ostida ishlaydigan Rossiyaning "Vimpelkom" shirkati Buztel va Unitelshirkatlarini sotib olganini e‘lon qildi.

O‘shanda "Vimpelkom" xabar qilishicha, Unitelni 200 million dollarga sotib olgan va Unitelning bo‘ynidagi 13 million dollar qarzni to‘lashni ham o‘z zimmasiga olgan.

Malayziyaning Bakrie guruhiga tegishli Buztelning ham 2 million dollardan ziyod qarzi borligi, bu qarz bilan birga yana 60 million dollarga sotib olingani xabar qilingan.

2007 yilda COSCON TeliaSonera nazoratiga o‘tib, Ucell deb atala boshladi.

Mobil aloqa bozori asoschilaridan Sanjar Umarovga ko‘ra, aynan 1996 yildan bu soha poraxo‘rlikka bota boshlagan va litsenziya berishni O‘zbekistonda ta‘sirli shaxslar o‘z nazorati ostiga olishgan.

O‘zbekiston telekanallarida butun xalq sevib tomosha qilgan teleseriallarga homiylik qilgan DAEWOO Unitelning qanday qilib 13 million dollarlik qarzdorga aylanishining asl sabablari xuddi 9,5 million o‘zbekistonlikning mobil aloqasiz qolishi sabablariga o‘xshab keng jamoatchilikka oshkor bo‘lmasdan qolgan.

Image caption DAEWOO Unitel O‘zbekistondagi eng muvaffaqiyatli shirkatlardan deb ko‘rilgan

2012 yil mayigacha O‘zbekistonda mobil aloqa mijozlari va Internetdan foydalanuvchilarning soni qanchalar tez ko‘payib borayotgani tez-tez yangiliklar sarlavhalariga aylanib turardi.

Qator qonunbuzarliklarda ayblangan "Uzdunrobita" mojarosidan keyin mamlakatdagi jami mobil telefon so‘zlashuvchilari sonini e‘lon qilmaslik afzal ko‘rilmoqda.

Bugun bu bozorda to‘rt o‘yinchi qolgan va ular ko‘plab mushkulliklarga duch kelmoqdalar.

Mijozlar aloqa sifati yomonlashganidan shikoyat qiladilar.

Biroq "o‘yinchilar"ni mijozlar shikoyatidan ko‘ra o‘z boshiga "Uzdunrobita"ning kuni tushmasligi borasidagi xavotir ko‘proq o‘ylantiradi.

MTS shirkatiga tegishli mol-mulk bir necha marta kimoshdi savdosiga qo‘yilib xaridor chiqmaganini ham ana o‘sha xavotir bilan izohlash mumkindir.

Nihoyat "Uzdunrobita" mulkini davlat tasarrufiga o‘tkazishga qaror qilingan.

"Interfaks" xabar agentligining O‘zbekiston Davlat Aloqa va axborotlashtirish agentligidagi manba‘ga tayanib xabar berishicha, bu haqdagi qaror MTS ning kasodga uchragan sho‘‘ba korxonasi bo‘lmish "Uzdunrobita" kreditorlari tomonidan 12 avgust kuni qabul qilingan.

"Uzdunrobita"ning kimoshdi savdosiga qo‘yilgan bir necha yuz million dollarlik mol-mulkiga xaridor topilmagani aytiladi.

Ayni paytda MTS O‘zbekistondagi qonuniy mol-mulkiga egalik haqqini xalqaro mahkamada himoya qilishini aytmoqda.

BBC MTS shirkatining himoyachisi Vladimir Kozin bilan bog‘lanib, avvaliga undan "Uzdunrobita" mulkining musodara qilinishiga munosabatini so‘ragan.

Vladimir Kozin: Hozirda MTS mulkini mahkamaning noqonuniy qarori asosida tortib olish jarayoni ketayapti. Ular buni avval-boshdan buni rejalashgan, O‘zbekistonning barcha tergov va mahkama idoralariga bu tortib olish jarayoniga qonuniy tus berishi vazifasi qo‘yilgan edi. Hamma kuch MTSning mol-mulkini talon-taroj qilish uchun tashlangan.

BBC: Ular deganda siz kimni nazarda tutayapsiz, davlatnimi yoki alohida odamlar guruhinimi?

Vladimir Kozin: Mutlaqo O‘zbekistondagi davlat hokimiyatini nazarda tutayapman. O‘zbekistonda davlat uzurpator. Sudlar davlatga so‘zsiz itoat qiladi. Hech qanday adolatli mahkama mavjud emas. Faqatgina davlatni qo‘lida ushlab turganlarning hokimiyatigina mavjud, xolos. O‘zbekiston mahkamalarining MTS borasida chiqargan qarorlari O‘zbekiston Respublikasining o‘z qonunlariga ham zid. Va mahkamaning noqonuniy qarorlari asosida xorijiy shirkatning mol-mulki tortib olinayapti.

BBC: Sizningcha, bu jarayonning ortida kim turibdi?

Vladimir Kozin: Men buning ortida kim turganini bilmayman. Ammo har qanday holatda ham hokimiyatga aloqador odamlar turibdi. Ya‘ni sud, tergov va hokimiyatning barcha bo‘g‘inlariga ta‘sir o‘tkaza oladigan odamlar. Men MTS ustidan mahkamaning bir necha jarayonida ishtirok etdim. U yerda mutlaq qonunsizlik hukmron.

BBC: MTS mojarosida O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning qo‘li borligi iddao qilinadi. Siz mahkama jarayonlarida bu da‘voni tasdiqlovchi bironta hujjatni ko‘rdingizmi?

Vladimir Kozin: Men Karimovaning qo‘li bor, deb aytolmayman. Chunki mahkamada Karimovning qizi ishtirok etgani yo‘q. Buning orqasida kim turganini ham bilmayman. Mening bilganim ular O‘zbekistondagi eng namunali mobil aloqa tizimini yo‘q qilishdi. Va bu ularning vijdoniga havola. Ular buni nima uchun qilishdi, degan savolga javob berish esa mening vakolatimga kirmaydi. Chunki men siyosatchi emas, advokatman.

BBC: Ya‘ni siz MTS ishini siyosiy, deb hisoblaysiz. Ammo soliq to‘lamaganlik va turli-tuman moliyaviy qallobliklar haqidagi ayblar-chi?

Vladimir Kozin: Ha, men buni hech shubhasiz, siyosiy ish, deb hisoblayman. Chunki iqtisodiy ish bo‘lganida, biz mutlaqo yutib chiqar edik. Qonunlar biz tomonda edi. Agar gap soliqda bo‘lganida, soliqlarning MTS tan olgan qismini to‘lash bilan bu ishga nuqta qo‘yish mumkin edi. Ammo ular bu bilan kifoyalanishmadi. Ular MTSni litsenziyasidan mahrum qilishdi. Tasavvur qiling, mamlakat aholisining 70 foizini mobil aloqa bilan ta‘minlagan bir shirkatning litsenziyasi besh daqiqa ichida olib qo‘yildi. "O‘zdunrobita" shirkati davlat qancha pulga da‘vogarlik qilgan bo‘lsa, shuncha narxga baholandi. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Shirkat yo undan qimmat turadi yoki arzon. Ular esa davlat istagan pulni chiqarib berishdi. Shu yerdan ham ma‘lumki, maqsad soliqlarni undirish emas, maqsda shirkatni tortib olish bo‘lgan. Ammo bu nima maqsadda qilindi, kim qaysi tugmaga bosdi, men bu savolga javob berolmayman. Bajonidil javob bergan bo‘lardim, ammo menda bu savollarga javob yo‘q.

BBC: Shu kunlarda internetda go‘yoki MTS mojarosiga boshqa bir o‘zbek, rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning aralashgani haqidagi farazlar ham paydo bo‘ldi. Go‘yoki u MTSni O‘zbekiston bozoridan siqib chiqarib, "VыmpelKom" timsolida uning o‘rnini egallamoqchi bo‘lgan. Siz bu haqda nima deya olasiz?

Vladimir Kozin: Men shuni ochiq ayta olamanki, Alisher Usmonovning bu ishga mutlaqo aloqasi yo‘q. Bunday farazlar hozir ataydan o‘rtaga tashlanayapti. Ulardan ko‘zlangan maqsad siyosiy bo‘lishi mumkin. Ammo MTS ishidan xabardor odam sifatida men ishonch bilan ayta olamanki, Alisher Usmonovning bu ishga zarracha ham aloqasi yo‘q. Har holda, men o‘zimdagi ma‘lumotlarga tayanib, shunday xulosa chiqara olaman.