O‘zbekistonda test sinovi natijalari e‘lon qilindi

Image caption Bu yilgi test sinovlari nisbatan adolatli o‘tgani aytilmoqda

O‘zbekistonda oliygohlarga kirish test sinovlarining javoblari chiqqan.

Odatdagidan kechroq chiqqan javoblarni mobil telefoni orqali SMS yuborish yoki davlat test markazining saytiga kirib tekshirish mumkin.

Bu yilgi testlarning har yilgidan ko‘ra qattiqroq nazorat ostida o‘tgani va har yili keng miqyosda tarqalib ketadigan shpargalkalardan javoblar tushmagani aytilmoqda.

BBC bilan gaplashgan abituriyentlar tayyogarlik ko‘rganlar, qiyinchilik bilan bo‘lsa ham, talaba bo‘lganligini aytmoqda.

Adolati sinovlar

Jizzaxlik Humoyun bugun talaba bo‘ldi. U 72 ball to‘plab, shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.

"Kontrakt Xudo xohlasa. 72 ball to‘pladim. Lotereyaga chiqdi desam ham bo‘ladi", - deydi Humoyun.

Humoyun oliygohga kirish uchun repetitor olib tayyolargani yo‘q, faqat ona tili va adabiyot fanidan o‘zi uyida mustaqil tayyorlangan, matematikadan esa hech qanday bilimga ega bo‘lmasdan texnika sohasidagi o‘qishga kirdi.

O‘tgan yili u topshirgan fakultetga shartnoma asosida o‘tish bali 90 dan yuqori bo‘lgan, bu yil esa 70 dan yuqoriroq bo‘ldi.

Raqobat eng katta bo‘lgan Toshkent davlat yuridik universititetiga ham kirish ballari past bo‘lgan.

Shartnoma asosida o‘qish uchun 168 ball va davlat byudjetida o‘qish uchun 199 ball to‘plash talab etilgan.

Ballarning bu yil past bo‘lishini kuzatuvchilar test sinovlarining adolatli o‘tgani bilan izohlamoqda.

Abituriyent Shavkat tayyorgarlik ko‘rmasdan pedagogika sohasiga imtihon topshirgan.

Ammo o‘qishga kirolmadi.

Shavkat nazorat qattiq bo‘lsa ham test sinovlariga shpargalka olib kirishning uddasidan chiqqan.

Ammo shpargalkadan bu yil birorta ham savol tushmagan.

"Borib o‘sha yerda qayerlarni tekshirayotganini ko‘rib turdik. Hattoki kamarlarni yechib ichlarini ham tekshirayotgan ekan. Bitta ko‘ylakning yoqasini tekshirmadi. O‘sha yerga tiqib olib kirib ketdik", – deydi Shavkat.

Biz bilan gaplashgan abituriyentlarning deyarli hammasi bu yilgi savollar shpargalkadan tushmaganini bildirishdi.

Nazorat qattiq bo‘lsa-da, qo‘l telefonlarini olib kirishning uddasidan chiqqanlar bo‘lgan.

Kimdir paypoq ostiga solib olib kirgan, yana kimdir 200 talik bir dasta pulning o‘rtasini o‘yib telefonni solib kirgan.

Mikrofonga gaprishni istamagan suhbatdoshimiz, qarindoshi mobil telefoni olib kirib savollarga javobni telefon orqali olganini va natijada oliygohga byudjet asosida kirib ketganini aytadi.

Uning aytishicha telefonni olib kirayotganda nazoratchilar bilan gaplashilgan va ularga indamasligi uchun pul berilgan.

Mana shu holatning o‘zi ham test sinovlarining butkul adolatli o‘tmaganidan darak beradi.

Shpargalka usullari

Kuzatuvchilar bu yil ham o‘qishga kirish uchun yirik-yirik o‘yinlar bo‘laginini ta‘kidlashadi.

Faqat bundan har yilgidek oddiy fuqaro foydalana olmagan.

"O‘yinlar bu yil ham bo‘ldi. "Bunker", "kalla", "parovoz" kabi usullarning hammasi har yilgidek ishladi.Faqat bitta o‘zgarish bu shpargalkaning xalq qo‘liga tarqab ketmaganidir. Keyin nazoratchilar begonalarni qattiqroq tekshirishdi, pulini olgan tanishlarni esa ko‘rmaganlikka olishdi. Mana shularning evaziga bu yil ballar ko‘tarilib ketmadi. Go‘yoki shu bilan adolatni ta‘minlagan bo‘lishdi. Ammo kerakli abituriyentlar kerakli soqqasini berib talaba bo‘lishdi", - deydi ismini oshkor qilishni xohlamagan suhbatdosh.

"X variant" deb nomlanuvchi shpargalka lotereya singari bir yil chiqib kelasi yil chiqmay qolishi aytiladi.

Nima sabadan bunday bo‘lishi noma‘lum, ammo turli farazlar mavjud.

Aytishlaricha, test sinovlaridagi eng ishonchli va abituriyentning o‘qishga kirishi kafolatlangani bu "bunker" usulidir.

Eng nufuzli, katta mansabdor yoki badavlat shaxslar yoki ular tomonidan ishonch bildirilgan insonlargina bu xizmatdan foydalanii mumkin.

Tabiiyki, xizmat haqi ham shunga yarasha katta bo‘ladi.

Gaplashilgan abituriyent el qatori test sinoviga keladi.

Uning savollar kitobi alohida tayinlangan domlalar va oldindan kelishilgan xavfsizlik xodimlari tomonidan bunkerga yetkaziladi.

Javoblar tayyor bo‘lgach, abituriyentga beriladi. U tayyor kalitni javoblar varag‘iga ko‘chirib beradi xolos.

Guvohlarga ko‘ra, Toshkent axborot texnologiyalari, Toshkent davlat yuridik, Toshkent davlat iqtisodiyot, Toshkent davlat texnika, Toshkent davlat pedagogika,Toshkent davlat agrar, O‘zbekiston davlat jahon tillari, O‘zbekiston milliy universitetlari, Toshkent moliya va Toshkent avtomobil va yo‘llar institutlari, Toshkent tibbiyot akademiyasida tashkil etilgan "bunker"lar faoliyatini bevosita ta‘lim muassasasi rektorlari, shuningdek, xavfsizlik xodimlari nazorat qiladi.

Oliy ta‘lim tizimi O‘zbekistonda eng korruptsiyalashgan sohalardan biri hisoblanadi.

Oliygoh rektorlaridan tortib, yuqori lavozimli amaldorlargacha ushbu sohani yirik daromad manbai va o‘ziga xos biznesga aylantirib olgani aytiladi.

Test sinovlarining adolatli o‘tishi va nazoratning qattiqroq bo‘lishi aytilsa-da, tizimning korruptsiya botqog‘iga botishi ortidan ushbu va‘dalar har yili qog‘ozda qolib ketadi.