Artur Grigoryan: "Bahodir WBC tasnifida jahon chempioni bo‘lishga qodir"

Image copyright uzbegim.us
Image caption Bahodir Mamajonov WBA (International) kamarini shu yil aprel oyida qo‘lga kiritgan

Bahodir Mamajonovni afsonaviy Don King promouterligi ostida o‘tkazgan ilk janggida erishgan g‘alabasi bilan qutlarkan, o‘zbekistonlik boks "qiroli" unga ana shunday ishonch bildirdi.

Yengil vazn (61.2 kg)toifasida WBA (International) kamari sohibi, o‘zbekistonlik nomdor bokschi esa, kecha reyting janggida amerikalik raqibi Raynell Griffinni ochkolar( 83-70) hisobiga mag‘lub etdi.

Boksga ixtisoslashgan fightnews.com internet nashrining xabar berishicha, har uchala hakam ham yakdillik bilan ustunlikni Bahodirga berishgan.

Agar, xabarlar tayanilsa, Bahodir Mamajonov kelasi yili professional boksning WBC tasnifida yengil vazn toifasida jahon chempionligi kamari uchun ringga tushmoqchi.

Xuddi shu vazn toifasi va tasnifida jahon chempionligi kamariga ko‘z tikayotganlar orasida esa, uch karra sobiq jahon chempioni Xuan Dias va Omar Figuero kabi nomdor bokschilar bor.

Professional boksning WBO tasnifida yengil vazn toifasida 17 karra jahon chempionligi kamarini himoya etgan o‘zbekistonlik dongdor bokschi Artur Grigoryan buning ahamiyati yo‘qligini aytadi:

Artur Grigoryan: Savolingizni tushundim. Endi, agar, professional nuqtai nazardan kelib chiqib, yoki o‘zi ham bokschi bo‘lgan inson sifatida aytadigan bo‘lsam, raqibi kim bo‘lishidan qat‘inazar, Bahodirning chempionlik kamarini qo‘lga kiritishi uchun vaqti kelib jahon chempioni bo‘lgan nomdor bokschilar bilan bellashishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham, u jahon chempioni bo‘lish uchun raqibining kim ekaniga e‘tibor bermasligi va uni yengishi taqozo etiladi. Bahodirga gap yo‘q. Men eng avvalo uni so‘nggi g‘alabasi bilan tabriklayman. Bundan buyog‘iga ham unga yuksalishlar tilab qolaman. Qadamba-qadam, pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib, erishgan har bir g‘alabasini himoya etib boradigan bo‘lsa, jahon chempionligi maqomiga shunchalik tez yaqinlashadi. Va, o‘ylaymanki, hal qiluvchi jangda g‘alaba qozonib, jahon chempioni bo‘ladi.

BBC: Bahodir Mamajonov yaqinda amerikalik afsonaviy promouter Don King bilan uch yilga shartnoma imzoladi. Bu - Bahodirning ana shu orzusi ushalishiga qanchalik yordam berishi mumkin?

Artur Grigoryan: Don Kingdek promoutering bilan sen dadil qadam bosib, istagan joyingda o‘zingni ko‘rsatishing mumkin bo‘ladi. Bu haqiqatan ham shunday. Dong King rostdan ham afsona, ham havaskor va ham professional boksda juda katta obro‘ga ega. Uni hamma taniydi. Shuning uchun ham, Bahodirga faqat lozim darajada tayyorlanish va jang o‘tkazish qoladi, xolos. Uning orqasida esa, Don Kingdek sobit promouteri turibdi. Bahodir Don Kingdek promouteri borligidan faxrlansa arziydi. Shaxsan men o‘zim ham bundan g‘ururlanaman.

Image caption "Bahodirga gap yo‘q. Men eng avvalo uni so‘nggi g‘alabasi bilan tabriklayman"

BBC: Agar, ayrim boksga ixtisoslashgan xalqaro internet nashrlariga qaralsa, Bahodir o‘zbekistonlik birinchi bokschi bo‘lishini aytib, professional boksning WBC tasnifida jahon chempionligi uchun ringga tushmoqchi... Agar, o‘zingiz misolingizda ham aytadigan bo‘lsak, nega shu paytgacha biror bir O‘zbek bokschisi bu tasnifda jahon chempionligi maqomini qo‘lga kiritmagan?

Artur Grigoryan: Bilasizmi, boksda to‘rtta: WBC, WBA, WBO va IBF tasniflari bor. O‘zi aslida qanday tasnif bo‘yicha borishingning farqi yo‘q. Biroq WBC ana shu tasniflarning ichida eng birinchisi va agar, ta‘bir joiz bo‘lsa, eng eskisi. Shuning uchun ham boshqalariga qaraganda nufuzliroq sanaladi. Agar, o‘zimga keladigan bo‘lsak, men WBO tasnifi bo‘yicha jahon chempioni edim. Ammo o‘shanda qolgan tasniflar bo‘yicha ham jahon chempionligi maqomini qo‘lga kiritish istagida bo‘lganman. Chunki amaldagi jahon chempioni bo‘lganman, mavqeim juda yaxshi edi. Istagan tasnifdagi jahon chempionini jangga chaqirishim mumkin bo‘lgan. Biroq menejerim bunga harakat qilib ko‘rganida, men bilan ringga tushishga tavakkal qilib ko‘radiganlar topilmagan. Meni o‘z vaqtida mutlaq chempion deb ham e‘lon qilishgan.

BBC: Artur aka, siz WBC to‘rtta tasnif ichida eng nufuzlisi deyapsiz. Shunday ekan, Bahodirning aynan ana shu tasnif bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

Artur Grigoryan: Ha, Bahodir bunga qodir. Bunga birgina u erishgan ko‘rsatkichlarning o‘ziyoq dalolat qiladi. Ayni o‘rinda bir narsani anglash lozimki, agar erishgan ana shu yutuqlari bo‘lmaganida, Dong King u bilan hech qachon shartnoma imzolamagan bo‘lardi. Chunki Don Kingdek promouter siz bilan shartnoma imzolashi uchun bokschilik darajangiz shunga yarasha bo‘lishi lozim. Bu esa, sizning juda kuchli bokschi bo‘lishingizni taqozo etadi.

Image caption Bu - Bahodirning Don King promouterligi ostida o‘tkazgan ilk jangi bo‘ladi

BBC: 8 raundlik reyting janggi kecha 17 avgust kuni tunda Amerikaning Yuta shtatida bo‘lib o‘tgandi.

Ammo kechaning asosiy jangi amerikalik bokschilar Billi Zumbrun bilan Henri Namauu o‘rtasida bo‘ldi.

Eng og‘ir vazn toifasida Yuta chempionligi uchun jangda Billi Zumbrun yurtdosh raqibini mag‘lub etdi.

Bahodir Mamajonov WBA (International) kamarini shu yil aprel oyida qo‘lga kiritgan.

O‘zbekistonlik bokschi Amerikada bo‘lib o‘tgan o‘sha jangida kubalik raqibi Anjelo Santanani texnik nokautga uchratib, mag‘lub etgandi.

Buning ortidan professional boksda dunyoning eng mashhur promouterlaridan bo‘lgan amerikalik Dong King Bahodir Mamajonov bilan uch yilga shartnoma imzolagandi.

Bu - Bahodirning Don King promouterligi ostida o‘tkazgan ilk jangi bo‘ladi.

Bahodir shu paytgacha professional ringda 14 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning faqat bittasida durang natija qayd etgan. Qolgan barchasini g‘alaba bilan yakunlagan. Shundan to‘qqiztasini nokaut bilan yenggan.

Uning 30 yoshli yangi orleanlik so‘nggi raqibi Raynell Griffin kechagi jangiga qadar 26 bor ringga tushgan. Shundan faqat yettitasida g‘alaba qozongan. 17 tasida mag‘lubiyatga uchragan. Ikki bor durang natija qayd etgan.

Farg‘ona boks maktabi vakili bo‘lgan 25 yoshli Bahodir Mamajonov 61.2 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ringga tushib keladi va o‘zi 200 dan ortiq jang o‘tkazgan havaskor boksda ham turli nufuzli xalqaro turnirlar g‘olibi sanaladi.

U professional boksdagi karerasini bundan ikki yil burun boshlagan va amerikalik murabbiysi Ken Richard qo‘l ostida shug‘ullanib kelgan.