Murod Muhammad Do‘st: Toshkentdan maktublar

"Zarbulmasal" va boshqa masallar

Yozuvchi Ne‘mat Aminov teatri haqida

Bundan o‘ttiz yilcha avval jurnalistlar, yozuvchiyu shoirlar orasida Buxoro lahjasini aralashtirib so‘zlash bir muddat rasm bo‘ldiki, Murod Xidirov - Aka Murod, Nosir Fozilov - Aka Nosir... va boshqa qator kishilar ham shu kabi... peshi uyqash nisb bilan atalishiga hech kim ajablanmas edi.

Salom-alikdan keyin albatta "yomon yo‘qmi?" deb ahvol so‘raysiz. Bu - "ahvoling yaxshimi?" degan savolning buxorocha ko‘rinishi. Binobarin, "an‘ana"dan bexabar odam jo‘ngina "ahvoling qalay?" deb so‘rasa, unga albatta "yomon yo‘q", deb javob berishingiz shart.

Ayniqsa, cho‘ntagidan puli tushib qolgan odamga "pulingiz yiqildi", deb aytish zavqli edi.

Hovliga kelgan mehmonga: "Itimiz qopmaydi, huradi, xolos", deyish o‘rniga, "Kuchukimiz chaqmaydi, faqat vav-vav qiladi", deb tasalli berish gashtini ta‘riflashga esa har qanday burro til ham ojizlik qiladi.

Adashmasam, o‘sha zamonda kinostudiyada ishlardim. Aniqrog‘i, tuzukroq ishlamasdan maosh olardim. "Ijodiy ustaxona" degan g‘aroyib bir bo‘lim ochib, bir yilda bitta filmga matn yozish sharti bilan uch-to‘rt yozuvchini ishga qabul qilishgan edi. Ustamiz Odilsho Agishev Maskovda yashardi. Oyda bir marta kelib, biz o‘ris lisonida "tvoya-moya" qilib yozgan uch-to‘rt varaq narsani o‘qiydi, maslahat beradi, so‘ng yana Maskovga uchib ketadi. Xullas, bu dorilomondagi hayot shu qadar farog‘atli, shuning barobarida shu qadar betus va zerikarli ediki, ko‘p vaqtim gazet-jurnallardagi akalar va do‘stlarni ziyorat qilish bilan o‘tardi.

Murod Xidirovning "Guliston" jurnalidagi xonasida gap sotib o‘tirgan edim. Telefon jiringladi. Murod aka trubkani oldi, kimnidir yuzi tirishib to‘rt-besh soniya tinglab turdi, so‘ng "telefondan boxabar bo‘p turing, shoir, meni enag‘ar Stalin chaqiryapti" deb chiqib ketdi. Angladimki, uni bosh muharrir muovini Vahob Ro‘zimatov huzuriga chorladi, endi injiq chol kap-katta odamni hovonga tiqadiyu erinmasdan tuyadi: suvga siymang-da, okasi, bilaman, sizlarga gapim yoqmaydi, lekin na qilay, okasi, aytish - maning burchim, xohlaysizmi-yo‘qmi, man bir adabiyot darvozasiga boylangan itman... va hokazo va hokazo.

Telefon yana jiringladi. Bu gal qattiq jiringladi. Kimdir uzoqdan so‘rayotgani aniq edi. Trubkani ko‘tardim.

- Assalomu alaykum, akajon! - dedi simning narigi uchidagi odam. - Vaalaykum assalom, - dedim men. - Yomon yo‘qmi? - E! Topdingiz, akajon! - deya xitob qildi. - Topdingiz, man Buxorodan! Man - o‘rt-toq Baqoyev!

Baqoyev kimligini bilmasdim, lekin sir boy bermadim.

- Uzr, Baqoyev aka, - dedim - Aka Murod Aka Vahobning kabinkasiga chig‘di.

Bor-yo‘g‘i shu. Bir daqiqalik suhbat. O‘rtoq Baqoyev bilan boshqa gaplashganimiz ham, ko‘rishganimiz ham yo‘q. Tabiiyki, o‘rtoq Baqoyev Ne‘mat Aminov asarlarida turli nomlar bilan elga doston bo‘lishini tasavvur ham etolganim yo‘q.

Bilmagan odam buxorocha takallumlarimizni eshitib, bizni jinni deb o‘ylardi. Bizni jinni qilgan "nobakor"ning oti ham ayon edi - Ne‘mat Aminov. Aka Ne‘mat. Asli buxorolik, Romitan muzofotining Pitmon qishlog‘idan. Otasining kasbi - temirchi. O‘zi - bugun elga mashhur va matlub yozuvchi.

- Ne‘mat aka, Baqoyev deganlari kim? - deb so‘radim bir gal. Ne‘mat aka, bo‘liq vujudini mayda titratib, maza qilib kuldi, so‘ng, arslon yoliday hurpaygan qalin sochlarini ikki panjasini keng yozib ortga taradi, kursiga joylashibroq o‘tirdi. - Baqoyev - rais, ukajon, - dedi u nihoyat. - Mansabi raismi? - deb so‘radim men. - Endi, rais-da, ukajon...

Ne‘mat akaning to‘g‘ri savolga shu tarzda dudmalroq javob beradigan odati bor edi. Bir gal Erkin A‘zam "Yolg‘onchi farishtalar" romanidagi Shamsi To‘rayev kimligini so‘raganida ham shunday javob bergan edi: - Shamsi To‘rayevich - katta odam, ukajon. - Katta bo‘lsa, mansabi nima? Oblispolkommi, obkommi, kim? - Endi, katta odam-da, ukajon...

Ne‘mat Aminovning raislari, "katta odam"lari shu qadar ko‘p ediki, ba‘zida ularni adashtirib ham yuborardik. Bir qarasang, u yosh va keragidan oshiq darajada g‘ayratli bo‘ladi. Yana bir qarasang, rais yetmishlarni qoralagan keksa odamga aylanadi. Munkillagan cholga aylanadiyu Buxoro radiosining kimdir eski boydan qolgan ko‘rdevorli, chorburchak musulmoni g‘isht to‘shalgan hovlisida, namozshomgul va gultojixo‘roz ekilgan bir parcha yerda donlab yurgan chumchuqlarga uzoq tikilib qoladi. Keyin sekin ovoz beradi: - O‘rtoq Amino‘-o‘f, bu taraf keling... O‘rtoq Amino‘f, ya‘niki Buxoro radiosi bosh muharriri Ne‘mat Aminov raisga yaqinroq boradi: - Chaqirdingizmi, domlajon? - Qarang, o‘rtoq Amino‘f, - deya uh tortadi rais. - Prastoy chumchuq... chiqadu - tushadu, chiqadu - tushadu... bir minutga qirk marta chiqadu-tushadu... bizga bir oyga bir marta yo‘q... - Tuzoq qo‘ysak-chi, domlajon? - deb so‘raydi Ne‘mat Aminov ichidan toshib chiqayotgan kulgini zo‘rg‘a bosib. - Chumchuq go‘shti davo deyishadi... - Foyda ne, - deydi rais faylasufona so‘lish olib, - odamizod shu ast, o‘rtoq Amino‘f, avval u yoqi o‘ladu, ba‘daz bu yoqi o‘ladu... ba‘daz o‘zi o‘ladu...

Ne‘mat aka keksa raisning qartaygan ovozini ham, lahjasini ham rosa o‘xshatib ko‘rsatardi. Biz Buxoroi sharifda shunday odam borligiga ishonardik, lekin, bari bir, bu odamning viloyat radiosiga raislik qilgani erish bo‘lib tuyulardi. - Lekin yomon rais emasdi, ukajon, - deb kulardi Ne‘mat aka. - Tilni bilarmidi o‘zi? - Endi, rais tilni bilishi shart emas-da, ukajon, keyin bu radio bo‘lsa, muxbirlar yozganini eshitsa bo‘ldi-da... - Eshitarmidi, ishqilib?.. - Yo‘q, ukajon, eshitmasdi... Bizga ishonardi. Biz ishlardik, u kishi raislik qilardi.

Ne‘mat akaning boshqa hikoyasida rais birdan yosharib qolardi.

Nedir bayram kuni. Rais o‘zining xonasida zerikib o‘tiribdi. Ijodkor xodimlar uy-uyida, ishxonada turli xabarlar va konsertlar yozib qo‘yilgan tayyor tasmalarni aylantirib turadigan texnik xodimlar qolgan, xolos.

Tushga yaqin obkomdan "vahiy" keladiki, palon kolxozdagi Eshmatov boshliq brigada viloyatda birinchi bo‘lib paxta planini bajaribdi, Eshmatov degani ham brigadir, ham mexanizator, unga muxbir yuboring, zudlik bilan yozib kelib, ahli Buxoroni yangi mehnat zafaridan ogoh etsin.

Rais og‘ir ahvolda tushib qoladi. O‘zi eplab yozolmaydi. Birorta jurnalistni uyidan chaqirib olay desa vaqt ketadi. Obkom topshirig‘i - ko‘p qaltis masala, vaqtida bajarmasang mansabdan uchib ketasan. Noilojlikdan uning o‘zi, muxbirxonada qalashib yotgan "Reportyor" rusumli magnitofonlardan birini Vasyaning yelkasiga ilib, ilg‘or brigadir yashaydigan kolxozga zudlik bilan jo‘naydi. Borib ko‘rsaki, ish juda qizg‘in - asfalt yotqizilgan keng maydonda uch-to‘rt kishi, qo‘llarida panshaxa, nam paxtani u yonu bu yonga ag‘darib qurityapti, paxta teradigan ikki-uch moshina ham shiypon yonida dalaga chiqishga shay bo‘lib turibdi.

- O‘rt-toq birgadir! O‘rt-toq Toshmatov! - deya ovoz beradi rais.

Moshinalar atrofida kuymalanib yurgan odamlardan biri keladi, salom beradi. Rais gapni cho‘zib o‘tirmasdan, uning burniga mikrofon tutadi. So‘ng Vasyaga imo qiladi. Vasya magnitofon murvatini buraydi.

- Siz, o‘rt-toq Toshmatov, bu xo‘jalik yiliga nechcha tonna paxta terding? - deb so‘raydi rais. Jumlani "siz"dan boshlab, "sen"da tugatganini sezmaydi ham.

- Man - Eshmatov... - deydi brigadir o‘ng‘aysizlanib. - Xay, mayli, o‘rt-toq Eshmatov... siz bu xo‘jalik yiliga necha tonna paxta terding? - Siz - muxbirme? - deb so‘raydi brigadir. - Muxbir, muxbir... - deydi rais betoqat bo‘lib, so‘ng, tag‘in bu ko‘rgiliklarni boshqalarga sotib yurmasin, degan o‘y bilan shopiriga o‘qrayib qaraydi. Kuygan kalladay tirjayib turgan Vasya darrov lab-lunjini yig‘ishtirib oladi. - Xo‘sh, o‘rt-toq Toshmatov, siz bu xo‘jalik yiliga... - Man - Eshmatov... Ismim - Xayrullo, - deb eslatadi brigadir. - Eshmatov, Eshmatov... Siz bu xo‘jalik yilida nechcha tonna paxta terib berding? - Man, Eshmatov Xayrullo, bu xo‘jalik yilida ellik tonna paxta terib berdim... Shu zamon panshaxada paxta sovurib yurgan odamlar tarafdan ovoz keladi: - Terding-a, terding... zormandani terding!.. - Raiss!.. - deya zorlanadi Vasya. - Oni je rugayutsya... Lekin rais uning gapiga parvo qilmaydi, muxbirlik shavqi battar jo‘shib, yana brigadirni so‘roqqa tutadi: - O‘rt-toq Toshmatov... to yes Eshmatov... Siz bu xo‘jalik yiliga yana nechcha tonna paxta terib berasan? - Man, Eshmatov Xayrullo, bu xo‘jalik yilida yana ellik tonna terib beraman... - Paxta... paxta terib beraman, deyish kerak, o‘rt-toq Toshmatov... - deb tuzatadi rais. - Keyin... shartmas yana ellik tonna deyish, qirq yoki oltmish tonna desa ham bo‘laberadi... Bu gal brigadir nisbini himoya qilib o‘tirmaydi, o‘rgatilgan so‘zlarni burro-burro etib takrorlaydi: - Man, Eshmatov Xayrullo, bu xo‘jalik yilida yana qirq yoki oltmish tonna paxta terib beraman desam ham bo‘laberadi. Xirmon tarafdan yana ovoz keladi: - ...zormandani terasan!.. Ovoz yozib olayotgan Vasya bu gal chidab turolmaydi, dodlab yuboradi: - Tak nelzya pisat, raiss! Zormanda... eto je "x..."?! - Yozaver, Vasya, - deydi rais pinak buzmasdan. - "X..." potom otrejem.

Ozgina qo‘shib-chatganimdan tashqari, Ne‘mat aka bu manzarani turli qiyofalarga kirib, turli ovozlarni o‘xshatib, rosmana teatr qilib ko‘rsatardi. Bizning, raisingiz sal dumbul-dovdirroq ekan, degan mulohazamizga qo‘shilganday bo‘lardi-yu, lekin darrov qahramonini oqlashga o‘tardi: - Radiomontaj nimaligini tushunganiga balli, demaysizmi, ukajon? Vasya xumpar tushunmaydi, lekin u tushunadi... Ishxonaga qaytib, tasmada nechta "x..." bo‘lsa hammasini kesib tashladi, keyin reportaj efirga ketdi. - Raisning o‘zi kesdimi? - Ha mayli, operator yigitlar kesgan bo‘laqolsin, - deya "taslim" bo‘lardi Ne‘mat aka. - Lekin raisning o‘zi ishni nazorat qilib turadi, xotin-xalajni tasmadagi "x..."larga yaqin keltirmaydi. Musulmonchilik bo‘lsa shuncha bo‘ladi-da, ukajon. - Bo‘lgan voqeami shu, yo o‘zingiz to‘qiganmisiz? - Bo‘lgan, bo‘lgan... To‘qilgan joyi ham bor, lekin juda oz, ukajon. - Rais kim? Baqoyevmi? - Endi, u kishi rais-da, ukajon... Lekin Baqoyev emas, - deya kulardi Ne‘mat aka. Kulardiyu gapni butunlay boshqa sohillarga burib yuborardi. Shunday lahzalarda u o‘zi yozgan bir hikoyada hamma sirni to‘kib soladigan, lekin lahza sayin "man xabarkash emas", deb eslatib turadigan bolani eslatardi.

Ne‘mat Aminovning naqliga ko‘ra, rais faqat "x..."ni kesish bilan cheklanmagan, bir muddat hikoya yozishga ham urinib ko‘rgan. Sho‘rolar davridagi raislar kamtarroq turmush kechirishga majbur edi. Shu sabab, raisga Ne‘mat Aminovga o‘xshash yozuvchi yoki jurnalistlarning hikoya yoki maqola yozib, yozganlarini radioda berib topgan ozgina choychaqasi tinchlik bermagan, deb aytish noto‘g‘ri bo‘lardi. Raisning yozuvchilik shuhratiga qiziqqani haqiqatga yaqinroq tuyuladi.

Xullas, jazirama yoz kunlaridan birida rais, qo‘lida dasta qog‘oz, bosh muharrir Ne‘mat Aminovning xonasiga kirib keladi. - E-e... biz ham bir hikoya yozibidik, o‘rt-toq Aminov, shuni... haligi... senirovka qilsak... Ne‘mat Aminov gap nimada ekanini darrov tushunadi - raisi tushmagur hikoya yozgan, endi shuni radiopesa qilib uzatmoqchi. - Ko‘p yaxshi ish bo‘pti-da, akajon. Lekin jadal instsenirovka qilolmaymiz, viloyat teatri tatilga chiqqan, artistlar to‘y-po‘y bilan ovora... - Artis chi hojat, o‘rt-toq Aminov, sizu biz... - rais bo‘sh kelmaydi, uning turli ovozlarda gapirish uquviga ochiqcha shama qiladi: - Sizu biz... o‘zibiz senirovka qilabiz. Ne‘mat Aminov nochor qoladi. Hikoyani olib o‘qiydi. "Birinchi kashshof" degan nomidanoq mazmuni ayon bo‘ladi.

- Kashshof bilan pioner - ikkovi bir go‘r, ukajon, asliyati - "birinchi", - deya hikoya qilardi Ne‘mat aka. - "Birinchi kashshof" deb yozib kelgan raisga buni tushuntirib bo‘lmasa... Rais akamiz kashshof deganda bo‘yniga qizil latta boylagan gapdon bolani ko‘radi, xolos. U yog‘iga o‘tolmaydi, aqli yetmaydi yoki erinadi... "Bizni ovozibiz mayinroq, biz kashshof bo‘lsak, - deb taklif qildi rais. - Siz... o‘rt-toq Aminov... siz revkom bilan qo‘rboshi bo‘lasiz..." Xullas, "hikoya"ning u-bu joyini radioga moslab o‘zgartib, keyin ovoz yozadigan studiyaga kirdik. Men avval revkom raisi (inqilobiy qo‘mita raisi - MMD) bo‘lib, o‘zimizning raisni, ya‘ni kashshofni maxfiy topshiriq bilan uzoqdagi qizil askarlar qarorgohiga jo‘natdim. Boshqa chopar qurib qolganday, nega bir mahmadona bolani jo‘natganimga o‘zim ham tushunmayman. Keyin, ukajon, ovozimni sal o‘zgartib, qo‘rboshiga aylandimu changalzor-to‘qayning o‘rtasida kashshofni tutib oldim. Qarasam, kashshof, ya‘ni raisimiz, osonlikcha jon beradigan emas. Qo‘rboshiga dag‘alroq ovoz tanlab edim, "qiynoq" sahnasida rosa qo‘l keldi. "Aytasan, haromi, - deb turib oldim, - nima topshiriq bilan ketayotganingni aytmasang o‘lasan, murtad!" Raisning ovozi rostdan ham mayinroq edi, kashshof bechora uning ijrosida battar chiyillab gapiradi: "Aytmayman! Man - kashshof, man kashshof sifatida Sho‘rolar uchun, otamiz Lenin g‘oyalari uchun jonimni ham fido qilishga tayyorman!!." Endi, ukajon, rais keltirgan qog‘ozda "haromi", "murtad" degan so‘zlar yo‘q edi. Kashshof hadeb qaysarlik qilavergani uchun o‘zimdan qo‘shib yubordim. Yomon chiqmadi lekin. Rais nuqul chiyillaydi, men nuqul hayqiraman. Rosti, rais bilan shuncha yil birga ishlab yurib, jonimga tegib ketgan qiliqlarini esladimu to‘ygunimcha so‘kib oldim. U bechora bundan bexabar, sho‘rolarga jon bag‘ishlab chiyillaydi, men esa, ovozimni boricha qo‘yib: "Og‘zingni yum, itvachcha!!." deb o‘shqiraman...

- Keyin-chi? - deb so‘raymiz jo‘rovoz bilan.

- Keyin meni o‘rtoq Muzaffarov huzuriga chaqirdilar, - deb kuladi Ne‘mat aka.

Ne‘mat aka birgina o‘rtoq Muzaffarovning otini aniq atardi-yu, lekin ul zotning martabasini sir tutardi. Keyinroq o‘zimiz surishtirib bildik: o‘rtoq Muzaffarov kompartiyaning Buxoro viloyat qo‘mitasida kotib bo‘lib ishlagan ekan.

"Birinchi kashshof" havoga uchgandan uchib, Buxoroi sharifning radiokarnayi bor jamiki xonadonlariga kirib boradi. Ziyoliroq odam bo‘lsa, eshitgani anchayin og‘zaki sahna, og‘zaki hikoya ekanini tushunib yetadi. Ziyodan bebahra qolganlar yoki hikoyani chala-chulpa eshitganlar esa hamma gapni rostga yo‘yadi. Qarabsizki, butun shahar bo‘ylab ovoza tarqaladi: Aminov bilan raisi radiyolda dahanaki jang qilibdi, Aminov raisini radiyolda "itdan tarqagan" deb haqorat qilibdi...

Mish-mishlar soat sayin mahobatli tus olib, Ne‘mat Aminovning o‘zi ham "voqea" rivojidan andak tashvishga tushib qolgan paytda o‘rtoq Muzaffarov telefon qiladi.

- Bir kelib keting, o‘rtoq Amino‘f...

Boshqa gapirmaydi. Telefonni joyiga qo‘yadi. Umuman, Ne‘mat akaning naqllarida o‘rtoq Muzaffarov juda kam gapiradi. Ko‘proq majlislar hay‘atida, mum tishlaganday jim o‘tiradi. Sukut saqlagani sayin salobati ham oshib boraveradi...

Ne‘mat aka, xayolida ming bir vahima, nedir hayfsan yoki boshqa qattiqroq jazo kutib, yuksak dargoh zinalaridan bo‘shashib chiqib boradi, nechanchidir qatga ko‘tariladi, o‘rtoq Muzaffarovning qabulxonasiga kiradi, kotibaning ruxsatini olib, yurak yutgancha eshikni qiya ochadi.

Xona to‘rida o‘tirgan o‘rtoq Muzaffarov uni ko‘rib, pastga iyak tashlaydi -kirishga izn beradi. Ne‘mat aka ichkari kiradi. Eshikni zichlab yopgan zahoti o‘rtoq Muzaffarovning quvnoq xitobini eshitadi:

-Bu, deyman, kecha... bachchag‘ar raisning onasini... bopladingiz-ku, o‘rtoq Amino‘f!!.

Ma‘lum bo‘ladiki, o‘rtoq Muzaffarov o‘rtoq raisni ko‘p xushlamas, shu bois, bo‘lib yotgan hangomadan shaxsan mamnun ekanini izhor etish uchun huzuriga rasman chorlagan ekan.

Davomi bor