UzWebiston: O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida chegara ustidan axborot urushi

O‘zbekistondagi qator nashrlar xabar tarqatishicha, Qirg‘iziston ikki mamlakat chegara xizmatlari o‘rtasida yaqinda imzolangan o‘zaro protokolni bir tomonlama bekor qilgan.

Bu xabarlar O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayangan.

Ikki mamlakat chegarachilari o‘rtasidagi protokol shu yil 15 iyunida demarkatsiya qilinmagan sarhadlar masalasi muhokama etilganidan so‘ng imzolangani xabar qilingan.

Uchrashuvda umumiy chegaralarni buzgan shaxslarni ushlash, hibsda tutish va ekstraditsiya qilish choralarini yaxshilashga kelishilgani haqida Central Asian News web-sayti xabar tarqatgan.

Ushbu uchrashuv protokolini Qirg‘iziston bekor qilgani haqida xabar qilarkan, O‘zbek chegara qo‘mitasi Qirg‘iz chegara rasmiylarini "vakolatsiz" deya bayonot tarqatgan.

Noqobillik

Podrobno.uz web-sayti xabar qilishicha, o‘zining bayonotida O‘zbek Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi Qirg‘iz Chegara Xizmatining kompetent va professionalligini shubha ostiga oladi.

"Qirg‘iziston Davlat Chegara Xizmatining vakolatsizligi tufayli Qirg‘iziston O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari bilan Qirg‘iziston Davlat Chegara Xizmati harbiy kengashining 2013 yil 15 iyunida Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan qo‘shma uchrashuvi protokolini bir tomonlama bekor qilganini e‘lon qildi", deya web-sayt O‘zbek chegara qo‘mitasidan iqtibos keltirgan.

O‘zbek qo‘mitasiga ko‘ra, Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Toqon Mamitov tashabbuskori bo‘lgan uchrashuvda Qirg‘izistonning eng yuqori chegara rasmiylari ishtirok etganlar. "Protokolni bekor qilish ishonchsizlik va butun hay‘atning va jumladan Qirg‘iz Chegara xizmatining qobilligiga shubha uyg‘otadi", deyiladi O‘zbek tomoni bayonotida. Shuningdek, ushbu qadami bilan Qirg‘iziston davlatlararo kelishuvlarga oid xalqaro huquqni ham poymol etgan, deyiladi.

Qirg‘iz tomonining ushbu qaroriga qaramasdan O‘zbekiston protokolni ijro etishda davom etadi, chunki "bu hujjatning bir tomonlama to‘xtatilishi yoki undan voz kechish faqatgina tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosidagina yuz berishi mumkin", deydi O‘zbek Chegara qo‘mitasi.

Chegaralar yopilishi

O‘zbek tomonining ushbu bayonoti Qirg‘iziston O‘zbekistonni shu oy boshida umumiy chegaralarni yopishda tanqid qilganidan keyin paydo bo‘ldi. Avgust oyidagi matbuot xabarlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z chegaralarini bir tomonlama yopib qo‘ygan.

Buning sababi 9 avgustda musulmonlar uchun muqaddas Ramazon Hayiti va 1 sentyabrda O‘zbekiston mustaqilligi nishonlanishi ko‘rsatilgani xabar qilingan.

13 avgust kuni 24.kg axborot agentligi Qirg‘iziston Ombudsmani Tursunbek Akunga tayanib xabar tarqatgan, bu xabarni nashrlar bosib ko‘paytirganlar.

"Odamlar uch kundan buyon chegaradan o‘ta olmayaptilar. Ularning orasida bemorlar va keksalar, ayollar va bolalar bor. Ular yaqinlarini borib ko‘rolmayaptilar, dafn yoki to‘ylarda qatnasha olmayaptilar", deya Tursunbek Akundan iqtibos keltirgan Qirg‘iz ommaviy axborot vositalari.

"O‘zbek rasmiylari tomonidan Mustaqillik bayramidan 20 kun oldin chegarani yopib qo‘yilishi shuni anglatadiki, ular Qirg‘izistonni mustaqil mamlakat sifatida tan olmaydilar. Biz oldindan boxabar qilinganimiz yo‘q. Ular bizga xabar berganlari yo‘q. Ular chegarani bir tomonlama yopib qo‘yganlar. Fuqarolarimizning erkin harakatlanish huquqlari poymol etilayapti", degan Qirg‘iz ombudsmani.

Bunga javoban O‘zbek inson huquqlari himoyachisi Abdusalom Ergashev Qirg‘izistonni ikki mamlakat o‘rtasidagi umumiy chegaralardagi barcha muammolarda ayblab chiqqan. 17 avgust kuni 12news.uz web-sayti e‘lon qilgan intervyuda shunday degan:

"Tarixga qaytib men shuni eslatib o‘tmoqchimanki, O‘zbekistonning So‘x anklavidagi yanvar oyidagi hodisadan keyin Qirg‘iziston Qirg‘iz hududidagi O‘zbek anklavlari aholisi uchun turli xil to‘siqlarni paydo qila boshladi, odamlar uchun O‘zbek-Qirg‘iz chegarasidagi eng yaqin va qulay o‘tish punktlarini yopib qo‘ydi".

"Buning oqibatida O‘zbek anklavlari aholisi katta yerga yetib olish uchun ortiqcha yuzlab kilometr yo‘lni bosib o‘tishga majbur bo‘layaptilar. Va shu ma‘noda bu turdagi biror bir amalga qo‘l urishdan oldin Qirg‘iziston hukumati tayoqning ikki uchi bor, deb o‘ziga-o‘zi hisob berishi kerak edi", degan huquqbon Abdusalom Ergashev.

24.kg axborot agentligiga ko‘ra, Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Toqon Mamitov ham O‘zbekistonni chegarani yopayotgani haqida ogohlantirmagani uchun tanqid qilgan. "Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbek rasmiylarining xalqaro kelishuvni buzayotganlarini qayd etdi. Bu kelishuvda chegara yopilayotgani haqidagi qarordan qo‘shinlarni besh kun oldin xabardor qilish lozimligi yozilgan", deb bosh vazir o‘rinbosaridan iqtibos keltirgan 24.kg web-sayti.