"Anji" yana mag‘lubiyatga uchradi, Bussufa ham ketdi

Image copyright anzhi.com

O‘zbekistonlik sara futbolchi Odil Ahmedov jamoasi Rossiya milliy chempionati 5-tur uchrashuvini safarda sankt-peterburglik raqiblariga yirik (3:0) hisobida boy berdi.

"Anji" darvozasiga kiritilgan to‘plarni Konstantin Ziryanov, Xalk va Kristian Ansaldilar o‘z hisoblariga yozishdi.

Maxachqal‘aliklar klub rahbariyatining yulduz futbolchilarini sotish va o‘z byudjetini keskin qisqartirish qarori ortidan "Zenit"ga qarshi maydonga tushgan va kechagi o‘yiniga Avstriyada hozirlik ko‘rgandi.

Chunki "Anji" rahbariyatining so‘nggi bayonotiga qisman "Anji"ning yangi mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagani va mazkur holatning klub sohibi Suleyman Kerimov salomatligiga salbiy ta‘sir qilayotgani sabab bo‘lgani aytilgandi.

So‘nggi mag‘lubiyati ortidan esa, "Anji" 5 o‘yindan 2 ochko to‘plab, 13-o‘rindan 15-o‘ringa tushib qoldi.

Bu – turnir jadvalida eng quyi o‘rinda borayotgan "Tom" jamoasidan bir pog‘ona yuqori o‘rinni anglatadi.

"Anji" bugungi o‘yinga kulb rahbariyatining so‘nggi bayonoti ortidan Italiyaning "Napoli" jamoasiga o‘tish istagida ekanini bildirayotgan sardori Samuel Eto’O boshchiligi ostida tushdi.

Odil Ahmedov ham maydonda to‘liq to‘p surdi. Ammo Kristofer Samba, Lasina Traore, Muborak Bussufa, Lassana Diarra va Villian kabi nomdor o‘yinchilari "Zenit"ga qarshi uchrashuvda jamoa tarkibida ko‘rinmadi.

"Anji"ni butkul tark etajak yulduz futbolchilarining yakuniy ro‘yxati esa, shu oy oxirigacha ma‘lum bo‘ladi.

Bugungi ikki raqib so‘nggi bor o‘tgan yili Rossiya Kubogi yarim finalida maydonga tushishgan va "Anji" sankt-peterburglik raqiblarini 1:0 hisobida mag‘lub etgandi.

Ana shu yutug‘i ortidan, "Anji" o‘z tarixida ikkinchi bor Rossiya Kubogi finalida to‘p surishga muvaffaq bo‘lgandi.

"Anji" va yangi mavsum

Image copyright anzhi
Image caption "Anji" o‘tgan mavsumni o‘z tarixida ilk bor uchinchi o‘rin bilan yakunlagandi

Maxachqal‘aning "Anji" jamoasi yangi mavsumda Rossiya chempionligiga da‘vogarlik qiluvchi jamoalardan biri sifatida ko‘rilgandi.

Chunki asli dog‘istonlik milliarder Suleyman Kerimovning dunyoning manaman degan yulduz futbolchilari to‘p suruvchi jamoasi o‘tgan mavsumda ilk bor Rossiya milliy chempionatini uchinchi o‘rin bilan yakunlagan, Ovro‘po Ligasi nimchorak finaliga chiqqan va o‘z tarixida ikkinchi bor Rossiya Kubogi finalida to‘p surgandi.

Ammo "Anji"ni bu kabi yutuqlarga erishtirgan gollandiyalik nomdor murabbiyi Gus Hiddink o‘tgan oy oxirida kutilmaganda o‘z vazifasidan ketishini e‘lon qildi.

Jamoa so‘nggi bayonoti ortidan, undan Bosh murabbiylikni qabul qilib olganiga ikki hafta ham bo‘lmagan yurtdoshi Rene Melensteyenning ham bahridan kechishga qaror qildi.

"Anji" "Zenit"ga qarshi o‘yinda maydonga dog‘istonlik yangi va sobiq Bosh murabbiyi Gaji Gajiyev boshchiligi ostida tushgandi.

Uch karra Rossiya chempioni bo‘lgan "Zenit" esa, 5 o‘yindan 10 ochko to‘plab, turnir jadvalida 5-o‘rindan 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

"Anji" kabi Rossiyaning ikkita boyvachcha va eng serxarj jamoasidan bittasi bo‘lgan "Zenit" bu yilgi mavsumda ham oltin medalga eng asosiy da‘vogarlardan biri sifatida ko‘riladi.

"Zenit" – "Anji" uchrashuvini olib uzatishga Rossiyaning o‘zidan tashqari, Frantsiya, Belgiya, Shveytsariya, Lyuksemburg, Jazoyir, Marokash, Olmoniya, Serbiya, AQSh, Bo‘lg‘oriston, Polsha va Qibris telekanallari ham qiziqish bildirishgani aytilgandi.

Muborak Bussufa ham "Anji"dan ketdi

Image copyright AFP
Image caption Hozir klubning yuqori maoshli yulduz xorijlik futbolchilari ham "Anji"ni tark etish harakatiga tushib qolishgan

Jamoa o‘zining byudjetini keskin qisqartirishini e‘lon etishidan o‘n kun o‘tib, marokashlik futbol yulduzi Muborak Bussufa "Anji"ni tark etgan navbatdagi nomdor o‘yinchi bo‘ldi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, futbolchi Moskvaning "Lokomotiv" klubi bilan uch yilga shartnoma imzolagan.

Bussufa 2011 yilda Belgiyaning "Anderlext" jamoasidan "Anji"ga o‘tgandi.

Moskvaning boshqa bir klubi – "Dinamo" ham shu hafta payshanba kuni Maxachqal‘a jamoasining rossiyalik uch sara futbolchisi: milliy terma jamoa sardori Igor Denisov, Yuriy Jirkov va hujumchi Aleksandr Kokorinlar bilan shartnoma imzolaganini e‘lon qildi.

"Anji" yarim himoyachisi Oleg Shatov esa, Sankt-Peterburgning "Zenit"iga o‘tdi.

O‘z navbatida, klubning yuqori maoshli yulduz xorijlik futbolchilari ham "Anji"ni tark etish harakatiga tushib qolishgan.

Jumladan, braziliyalik yarim himoyachisi Villianga Angliyaning boyvachcha "Manchester Siti" va "Liverpul" klublari qiziqish bildirishmoqda.

"Anji"ga o‘tib, dunyoning eng katta maoshli o‘yinchisiga aylangani aytilgan sardori, kamerunlik hujumchi Samuel Eto’O esa, Italiyaning "Napoli" jamoasiga o‘tmoqchi.

2011 yilda "Anji" bilan to‘rt yilga shartnoma imzolagan o‘zbekistonlik sara futbolchi Odil Ahmedov hozircha "Anji"da qolish va jamoaga yordam berish ahdida qat‘iy ekan. Bu haqda BBC O‘zbek Xizmatiga "Anji" klubi matbuot voizi Murod Latipov bildirdi.