Afg‘oniston futbolchilari pokistonliklarni mag‘lub etishdi

Image copyright Getty

Kobulda Afg‘oniston va Pokiston futbol jamoalari o‘rtasida qariyb 30 yildan beri ilk bor kechgan bellashuv 3:0 hisobida yakun topgan.

O‘yinda afg‘onistonliklarning qo‘llari baland kelgan.

Mazkur tarixiy sport uchrashuvi ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy tanglikni ham yumshatishga ham xizmat qiladi degan umidlarda tashkil etilgan.

Matbuotga gapirgan afg‘on milliy jamoasi murabbiysi Yusuf Korgar: "Bu o‘yindan asosiy maqsad Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida yaxshi munosabatlarni o‘rnatishdir", deb aytgan.

Pokiston va Afg‘oniston milliy jamoalari bundan oldin 1977 yil bellashishgandi.

Bu o‘tgan o‘n yil ichida mamlakat ichkarisida o‘tgan ilk xalqaro bellashuv hamdir.

Afg‘onistondagi oxirgi o‘yin 2003 yil Turkmaniston milliy jamoasi qarshi kechgandi.

Bugungi o‘rtoqlik uchrashuvi Afg‘oniston o‘nlab yillar davom etgan urushlardan risoladagi holatga qaytayotgani alomati sifatida ham ko‘rilmoqda.

Muxbirlarga ko‘ra, ham Pokiston va ham Afg‘onistonda - ayni o‘yin vatanparvarlik tuyg‘ularini junbushga keltirgan.

Futbol o‘yini boshlanishidan avvalroq Pokiston jamoasi ustozi Zavisa Milosavliyev ayni bellashuv o‘z futbolchilari uchun muhimligini urg‘ulagan.

"Bizning maqsadimiz o‘zimizni xalqaro maydonda namoyon etishdir. Bu yoshlar uchun muhim. Bilasiz, Pokistonda ham muammolar bor va biz Pokistonda birorta ham xalqaro bellashuv o‘tkazmadik", - deb aytgan Pokiston jamoasi murabbiylaridan biri

Kobuldagi "G‘ozi" stadionida o‘tgan o‘yin xavfsizlik choralari kuchaytirilgan bir holatda kechgan.

Tolibon hukumronlik qilgan 1996-2001 yillarda futbol taqiqlanmagan.

Ammo, toliblar davrida Kobuldagi ko‘hna "G‘ozi" stadionidan qatllar, toshbo‘ron va boshqa jazolarni ijro etish uchun foydalanilgan.