O‘zbekcha mahalliy ishlab chiqarishni dastaklash nimani anglatadi?

  • 20 Avgust 2013

1 sentyabrdan O‘zbekistondan polietilentereftalat mahsulotlari chiqindilarini tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.

Bu haqda O‘zbekiston prezidentining "Polimer xomashyolari eksportini tartibga solish haqidagi farmoni" e‘lon qilingan.

Farmonga ko‘ra, ushbu qadam o‘zbekistonlik mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvatlash maqsadida tashlanmoqda.

O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchini dastaklash amallari naqadar ish bergan?

O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillaridanoq mamlakatning o‘zida mahsulot ishlab chiqarish siyosatini tanlagan, bu yo‘ldagi eng ovoza bo‘lgan qadam 1996 yilda valyuta konvertatsiyasiga cheklov kiritilgani bo‘lgan.

O‘shanda Prezident Karimov O‘zbekistonning paxtadek muhim mahsuloti evaziga kelgan qimmatli dollarlarning qandaydir ketchup uchun tashqariga chiqib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytgan.

Biroq bugungi kunda ham O‘zbekistonda yetishtirilgan pomidordan Rossiyaning "Baltimor"idan sifatliroq ketchup ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani yo‘q, hozir ham Toshkent bozorlarida import qilingan ketchup ancha-muncha topiladi.

Xo‘sh, bugun bir iste‘molchi sifatida ko‘chaga chiqib, sariyog‘, pishloq, kolbasa yoki shokolad xarid qilmoqchi bo‘lgan kishi bu mahsulotlarning necha xil mahalliysini topa oladi?

Mahalliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish siyosati mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini keskin tushirib yuborgan, deydi toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevich.

"Bu turdagi mahsulotlar eksportiga juda yuqori boj poshlinasi va aktsizlariga tortilgani sababidan hech qanday raqobat qolmagan. Ishlab chiqaruvchilar dahshatli ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanadigan bo‘lib qolganlar. Mahsulotning ichiga nima solinganini bilmaysiz. Hatto o‘ziga to‘q odamlar 2 million aholisi bor Toshkent shahrida atigi 2-3 joyda sifatli kolbasa, pishloq sotib ola oladilar. Raqobatning yo‘qligi O‘zbekiston mahsulotlarining sifatini juda pasaytirib yubordi", deydi Aleksey Volosevich.

Bugun ham O‘zbekistonda eng mazali sariyog‘ Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Rossiyadan keltirilganlari.

Rossiya kolbasa va pishloqlari, Ukraina va Qozog‘istonda tayyorlangan shokolad va konfetlar O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilganlaridan ustun deb ko‘riladi.

Lekin import qilinganlarining assortimenti ko‘p emas, deydi jurnalist Aleksey Volosevich.

"Tashqaridan O‘zbekistonga oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishni monopol qilib olgan guruhlar bor. Ular tushgan tushumlarini valyutaga konvertatsiya qilish imkoniyatiga egalar. Xilma-xil mahsulotlarni olib kirishning bu guruhlar uchun ma‘nisi yo‘q. Chunki shundoq ham nima olib kelishgan bo‘lsa, baribir hammasini sotib olishadi", deydi jurnalist.

O‘zbekistonda sut va go‘shtni qayta ishlab sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan mahalliy va chet ellik bir necha biznesmen va shirkatlarning nega bu faoliyatlarini to‘xtatganlari hodisalari BBCga ma‘lum.

Mahalliy hokimiyat, huquq-tartibot organlari, soliq va sanepidstantsiya idoralarida ishlaydigan amaldorlarning noqonuniy aralashuvlari, pul ta‘magirliklari oqibatida o‘nlab bunday ishlab chiqarishlar to‘xtashga majbur bo‘lgan.

Iqtisodiy tahlilchi Jahongir Shosalimovga ko‘ra, davlat va amaldorlarning biznesga munosabatini o‘zgartirmasdan turib, O‘zbekistonning o‘zida sifatli raqobatbarbosh oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov aytishicha, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash siyosati mamlakatda hunarmandchilik rivojiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatgan.

"Qo‘qon va Namangan bozorlarida mahalliy ishbilarmonlar tikkan sifatli poyafzallar va kostyum-shimlarni ko‘rib havasim keldi. Chet elnikidan biror joyi kam emas, lekin narxi arzon", deydi Anvar Husainov.

O‘zbekistonda 2002 yilda boshlangan buyum bozorlarini yopish kampaniyalari ham ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlagani aytilgan.

Mahalliy kuzatuvchilar fikricha, aslida bu yirik ulgurji import bilan shug‘ullanadigan ta‘sirli shaxslarning o‘z raqiblari bo‘lgan "chelnok"lardan qutulish amallari bo‘lgan.

Ularning nazarida O‘zbekistondagi mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash deb e‘lon qilingan choralar har doim ham aynan shu maqsadni ko‘zlagan va shu maqsadga xizmat qilgan emas.