Misr: sobiq prezident Husni Muborak kafolat puli evaziga ozodlikka chiqadi

Image copyright Reuters

Misr appellyatsiya mahkamasi sobiq prezident Husni Muborakni kafolat puli evaziga ozod qilish haqida qaror chaqargan.

Janob Muborak advokatlarining Reyters axborot agentligiga aytishicha, 85 yoshli sobiq prezident payshanba kuni qamoqdan ozod etiladi.

Prokurorlar mahkamaning ushbu qaroriga qarshi appelyatsiya arizasini kiritish huquqiga egalar.

Biroz oldin Misr mahkamasi unga qo‘yilgan korruptsiya bo‘yicha oxirgi ayblovni ham olib tashlaydigan bo‘lsa, Husni Muborak ozod bo‘lishi haqida uning himoyachilari aytishgandi.

Mahkama sobiq prezident saqlanayotgan turmada bo‘lib o‘tgan.

Husni Muborak 30 yillik hukmronligidan keyin 2011 yilgi inqiloblar natijasida ag‘darilgan edi.

Arab ommaviy axborot vositalari yozishicha, Muborakning bu tarzda ozod qilinishi mamlakatdagi shundoq ham tarang vaziyatga ta‘sir qilmay iloji yo‘q.

Ayni damda keyingi oylarda to‘xtovsiz davom tartibsizliklardan keyin Misrda osoyishtalik o‘rnatilgandek tasavvur uyg‘onadi.

Lekin bu sokinlik vaqtinchalik bo‘lishi mumkinligi, Muborakning qamoqdan chiqishi vaziyatni yana izdan chiqarishidan xavotirlar bildirilmoqda.

Husni Muborakning himoyachisiga ko‘ra, uni ozod qilish uchun ba‘zi bir rasmiyatchiliklarni bajarish kerak xolos. Bu uzog‘i bilan 48 soat vaqtni talab qiladi, deydi himoyachi.

Shu bilan birga, mahkama sobiq prezidentni ozodlikka chiqarish bo‘yicha qaror bergan taqdirda ham 85 yoshli Husni Muborak 2011 yilgi hodisalarda namoyishchilarni o‘limiga aloqadorlik bo‘yicha qayta eshituvda hozir bo‘lishi kerak.

Image copyright Reuters
Image caption Husni Muborakning ozod bo‘lishi haqidagi xabarlar Misr matbuotida

2012 yilda mahkama Husni Muborakni namoyishchilarni o‘ldirishga buyruq berganlikda aybdor topib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilgan edi.

Shundan so‘ng Muborakning himoyachilari mahkamada qator qonunbuzarliklar sodir etilganini da‘vo qilib, ishni apelyatsiya tartibida ko‘rib chiqilishiga erishdilar.

Rasmiy hisobotga ko‘ra, Misrda 2011 yil inqilobi payti jami 800 inson o‘ldirilgan, minglabi yarador bo‘lgan.

Namoyishchilar Muborakni ag‘darib, muddatidan oldin parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkazilishiga muvaffaq bo‘lgandilar.

2012 yil Misr tarixida o‘tgan ilk demokratik saylovlarda "Musulmon Birodarlar" rahbari Muhammad Mursiy mamlakat prezidenti etib saylandi.

Oradan bir yo‘l o‘tgach, 3 iyulda xalq namoyishlari ortidan harbiylar tomonidan davlat to‘ntarishi amalga oshirildi va Muhammad Mursiy doxil yuzlab islomiylar qamoqqa olindi.