Admiraltey Arki mehmonxonaga aylantiriladi

Image caption Admiraltey Arki binosi 1912 yili Qirolicha Viktoriyaning sharafiga qurilgan

Agarda Londonni uncha-muncha bilsangiz markaziy Trafalgar maydonidan Qirolicha Yelizaveta Ikkinchi yashaydigan Bukingem saroyi tomon bormoqchi bo‘lsangiz bir ark ostidan o‘tishingiz lozim.

Bu arkning nomi – Admiraltey Arkidir.

Vestminster mavzesiga qarashli bu arkni endilikda shohona bir mehmonxonaga aylantirish rejasi Vestminster Rejalash Qumitasi tarafidan ma‘qullangan.

Reja arxitektor Rafael Serranoga topshirilgan.

Arxitektor shirkati mahalliy kengashga 600 ming funt pulni turar joylar uchun, bunga qo‘shimcha 100 ming funtni san‘atni rivojlantirish uchun to‘lashi ko‘zda tutilgan.

Admiraltey Arki binosi 1912 yili Qirolicha Viktoriyaning sharafiga qurilgan.

O‘tgan yili bu bino Prime Investors Capital shirkatiga 60 million funt evaziga 99 yillik qarzga sotilgan edi.

Prime Investors Capital endilikda binoni ajoyib restoranli, ziyofatlar tolori mavjud besh yulduzli mehmonxonaga o‘girish niyatida.

Ushbu rejalarga muvofiq mehmonxona tarkibida qirollar va prezidentlarga mos xonalar hamda turar-joy manzillari quriladi.