"O‘zneftmahsulot" benzin taqchilligi haqida vahima qilmaslikni so‘radi

So‘nggi kunlarda Toshkent shahri va viloyatlarda benzin taqchilligi kuzatilgani, yonilg‘i quyish shohobchalarida uzun navbatlar aholining noroziligiga sabab bo‘lgani aytilgan edi.

O‘zbekistondagi internet nashrlariga ko‘ra, "O‘zneftmahsulot" hissadorlik shirkati poytaxt va viloyatlarda benzin taqchilligi va narx oshishi haqida tarqalgan mish-mishlar asosga ega emasligini bildirgan.

Shirkat rasmiylari aytishicha, keyingi ikki kunda internetda berilgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

"O‘tgan haftada O‘zbekistonning bir qancha yonilg‘i quyish shohobchalarida yuzaga kelgan vaziyat o‘rganilmoqda va zarur choralar ko‘rilmoqda", deyiladi shirkat murojaatida.

"O‘zneftmahsulot" hissadorlik shirkati bosh direktori o‘rinbosari Zafar Teshaboyevning UZ24 web-saytiga ma‘lum qilishicha, benzin narxi odamlar vahima qilayotganidek oshirilmaydi.

"20-22 avgust kunlar ichida benzin bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashadi",- deb aytgan u.

"O‘zbekneftegaz"ga ko‘ra, 2013 yil avgustida neftni qayta ishlash zavodlariga belgilanganidan kam miqdorda uglevodorod xom ashyosi yetkazilgan va bu benzin ishlab chiqarishning qisqarishiga olib kelgan.

Shuningdek, Buxoro stantsiyasida benzin ortilgan vagonlar to‘xtab qolishi, Angren stantsiyasi ko‘p sonli vagonlarni qabul qilish va jo‘natishga ulgurilmaganligi ushbu vaziyatga ta‘sir qilgan sabab sifatida keltiriladi.

"O‘zneftmahsulot" mulozimiga binoan, "O‘zbekiston temir yullari" bilan hamkorlikda vagonlarni belgilangan muddatda manzillarga yetkazish bo‘yicha ish olib borilyapti.

Shu bilan birga Turkmanistondan benzin sotib olish bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma imzolangani aytilmoqda.

Ayni paytda BBC bilan bog‘langan qashqadaryolik va toshkentlik fuqarolar benzin bilan bog‘liq ahvol o‘zgarmaganini aytishmoqda.

Qarshilik kishi vaziyatni odamlarning o‘zi yanada qiyinlashtirayotgani, haydovchilar benzin baklariga qo‘shimcha benzinlarni olib ketayotganidan norozi bo‘lib gapirdi.

Tahlilchilar yozishicha, 2012 yilda O‘zbekistonda neft qazib olish aholining talabi 4,4 mln tonna bo‘lib turgan paytda 3,17 million tonnagacha pasaygani ham benzin taqchilligiga olib kelgan.

"Hozircha narxlar oshmaydi, ammo bundan keyin ham oshmaydi, deb bo‘lmaydi".

Bundan oldin "O‘zbekneftgaz" shirkat matbuot kotibi Tamara Abidova BBC bilan suhbatda benzin narxining oshishi borasida hozircha hech qanday ko‘rsatma yo‘qligini bildirgandi.

"Bu bir taxmin xolos. Hozircha rasmiy ko‘rsatma yo‘q va narx oshishini tasdiqlay olmaymiz", deydi Tamara Abidova.

Shirkat mas‘ulining bildirishicha, benzin narxi bozor talablari asosida kelib chiqishini va xom ashyo tannarxi bilan bog‘liq. "Hozircha narxlar oshmaydi, ammo bundan keyin ham oshmaydi, deb bo‘lmaydi".

Benzin narxining butun O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 51 foiz oshishi haqida Toshkentda chop etiladigan "Ekonomicheskoye obozreniye" jurnali nashri blogida yozildi.

"Viloyatlarda davlat narxidagi benzinni "siqib chiqarish" va uning o‘rniga "tijoriy benzin" kirib kelayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. AI-80 markali tijoriy benzinning narxi 2500 so‘mni tashkil qiladi va ayni damda o‘rnatilgan narxdan 51,5 foiz qimmat", - deyiladi xabarda.

Muallif bu narxda benzinni hozircha istisno bo‘lgan Toshkentda ko‘rmaganini yozarkan, agar ushbu holat tasdiqlansa, bu iqtisodga qattiq ta‘sir qilishi mumkinligi savol ostiga olinadi.