Hind armiyasida janjal: zobitlar o‘zbekistonlik fohishalar bilan videoga tushgan

Image copyright BBC World Service

Hindiston ommaviy axborot vositalarida taniqli yozuvchi va siyosatchi farzandi Abxishek Vermaning qamalishi tafsiloti ochiqlab borilmoqda.

Abxishek Verma qurol-yarog‘ savdogari bo‘lgan.

U Hindiston Havo Kuchlari (Indian Air Force- IAF)ning xizmatdagi va sobiq zobitlari O‘zbekistondan borgan fohishalar bilan jinsiy aloqalarga kirishganlarini video tasvirga olgan.

Shahvoniy sahnalar aks etgan videokassetaning uzunligi 3 soatni tashkil qilgan.

Abxishek Vermaning sobiq hamkasbi C Edmonds Allen Hindiston Mudofaa vaziri AK Entoniga maktub yo‘llagan.

Va bu maktub tafsiloti Hindiston ro‘znomalariga ma‘lum bo‘lgan.

Maktubda zobitlar fohishalar bilan 2010 yilning may oyida Dehlidagi Vasant Kunj mehmonxonasida bo‘lganlari aytilgan.

C Edmonds Allenning yozishicha, bu video bilan Abxishek Verma Hindiston harbiylariga mo‘ljallangan uchoq oldi-berdisiga aloqador kishilarga bosim o‘tkazishni maqsad qilgan.

Hindistonning ro‘znomalari Abxishek Vermaning qurol-yarog‘ savdosi bilan shug‘ullanadigan shirkatiga murojaat qilganlarida, ular bu gaplar yolg‘on, deya inkor etganlar.

Hindistondagi qudratdagi Kongress partiyasining sobiq a‘zosi va taniqli yozuvchi Srikant Vermaning o‘g‘li Abxishek hozir hibsda saqlanmoqda.

Unga bir necha ayblovlar, shu jumladan maxfiy hujjatlarni qo‘lga kiritish ayblovi ham ilgari surilgan.