Rasmiy Bishkek: "Mast" o‘zbek diplomatlari qirg‘izni do‘pposlagan

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston elchixonasining birinchi kotibi va uning hamrohlari Bishkek markazida qirg‘iz fuqarosiga tan jarohati yetkazganini da‘vo qilib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga norozilik notasini yo‘llagan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga kura, o‘tgan juma kuni Bishkek markazida O‘zbekiston elchixonasiga tegishli yengil mashina boshqa bir avtomashina bilan to‘qnashib ketgan va bu hodisadan g‘azabga kelgan o‘zbek diplomatlari qirg‘iz haydovchiga tan jarohati yetkazganlar.

"Vecherniy Bishkek" gazetasiga ko‘ra, O‘zbekiston elchisi Komil Rashidov ham diplomatik nomerli mashina ichida bo‘lgan. Gazeta mashinadan chiqqan "mast diplomatlar" qirg‘iz haydovchining millatini haqorat qilganlari va do‘pposlaganlarini da‘vo qiladi.

BBCning Bishkekdagi muxbiri hodisa tafsilotini bilish uchun O‘zbekistonning Bishkekdagi elchixonasi bilan bir necha bor bog‘landi, biroq elchi yo‘qligini aytgan ayol xodimdan boshqa hech kim bilan gaplashishga muvaffaq bo‘lmadi.

Bishkekda yuz bergan hodisa o‘zbek va qirg‘iz diplomatlari o‘rtasidagi ilk janjal emas.

Shu oy boshida o‘zbek matbuotida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimi Toshkentda tartibsizlik qilgani hakida xabarlar tarqalgandi.

Toshkentdagi Qirg‘iziston elchixonasining birinchi kotibi Qanatbek Sharshenbek bezorilik qilgani borasidagi xabarlar ortidan u tekshiruv ishlari uchun Bishkekka chaqirib olingandi.

Uning ortidan Qirg‘iziston elchixonasining haydovchisi Andijonga safari chog‘ida yo‘l qoidalarini buzgani da‘vo qilingandi.

Bu xabarlar ortidan ortidan tahlilchilar O‘zbekiston tomoniga Bishkekdan rasmiy javob qaytarilishi mumkinligini tahmin kilishayotgandi.

Suhbatdoshimiz o‘zbekistonlik sobiq diplomat Toshpulat Yuldoshev Qirg‘iziston va O‘zbekiston orasidagi oxirgi diplomatik tanglikni izohladi.