O‘zbekistonlik ayol uch kunlik chaqalog‘ini tashlab ketdi

Image caption Tashlab ketilgan chaqaloq bolalar uyiga jo‘natilishi mumkin

Rossiyaga ishlashga kelgan o‘zbekistonlik 24 yoshli ayol 3 kunlik chaqalog‘ini bir uyum muzdek qum ustiga tashlab ketdi.

Politsiya go‘dak onasini qo‘lga oldi, chaqaloq shifoxonaga joylashtirildi.

Bu voqea 14 avgust kuni Zelinograd tumani Kumaryovo posyolkasida ro‘y berdi. Larisa Alekseyenko Medovy Spas bayramini Galina ismli dugonasi bilan birga nishonladi. Kech soat beshlarda mehmonni kuzatish uchun bekatga ketishayotgandi, chinqirib yig‘layotgan go‘dak ovozini eshitib qolishdi.

– Ko‘cha chetidagi uyum qum ustida yo‘rgakka o‘ralgan chaqaloq yotardi. Hayron qolarlisi, yangi yo‘rgakning xatto etiketkalarigacha olib tashlanmagan edi, – deydi go‘dakning xaloskori Larisa Alekseyenko. – Tashlab ketilgan go‘dak ekanligini darhol fahmladim. O‘sha paytdagi qo‘rquv va hayajonimni ifodalay olmayman, bu qanday bo‘lishi mumkin?!

Shukrki, chaqaloqqa ziyon yetmagan ekan. Ayollar go‘dakni yaqin oradagi uyga olib kirib, yo‘rgakni ochishdi: qoramag‘iz, osiyocha ko‘rinishli chaqaloq.

– Shu zahoti feldsher va tuman politsiyasiga qo‘ng‘iroq qildik, – hikoyasini davom ettirdi Larisa. – Go‘dakni oziqlantirdik, tagligini almashtirib, uxlatdik. Shu paytda yomg‘ir yog‘a boshladi. Biz ozroq kech qolganimizda, go‘dakning hayoti havf ostida qolar edi.

Bolasidan voz kechmoqchi edi...

Politsiya surishtiruv ishlarini boshladi, bir necha soat ichida go‘dakning onasi topildi. U Zelinogradga ishlash uchun kelgan 24 yoshli o‘zbekistonlik mehnat muhojirasi bo‘lib chiqdi.

Kaliningrad oblasti IIB matbuot xizmatining ma‘lum qilishicha, vazni 2,7 kg bo‘lgan tashlandiq chaqaloq 3 kun oldin oblast tug‘ruqxonasida dunyoga kelgan. Qo‘lga olingan qiz politsiyaga avvaliga o‘z go‘dagidan rasman voz kechishni xohlaganini, keyin fikridan qaytib, tug‘ruqxonadan bolasi bilan birga chiqib ketganini bildirgan. So‘ng to‘g‘ri janubiy vokzalga borib Yantarnyygacha chipta olgan.

Avtobusda ona– bolaga tasodifan hamroh bo‘lgan kumachyovolik Natalya Bakumova politsiyaga o‘z guvohligini bildirdi.

– Ko‘rinishidan oddiy, ozodagina qiz, – deydi guvoh, – U Kumachyovo posyolkasida tushib qolishni rejalashtirmagani aniq. Chunki oxirgi daqiqalarda birdaniga o‘rnidan turib shoshilinch tushdi. Yarim soatlardan keyin esa uni yolg‘iz ko‘rdim, juda o‘ychan edi. U bolasini tashlagani hayolimga ham kelmabdi.

Turmushga chiqmagan ekan

Politsiyaning aniqlashicha, muhojira qiz ko‘ziga badavlat ko‘ringan uyni yoniga borgan. Tashqi ko‘rinishdan shinamgina uy yonida bolalar velosipedlari turgan. O‘zbekistonlik muhojira o‘z bolasiga shu uydagilar to‘kin hayot yaratib berishlariga umid qilgan va uy yaqiniga to‘kilgan qum ustiga chaqalog‘ini qoldirishga qaror qilgan.

O‘zbekistonlik muhojira qizning politsiyaga tan olishicha, hali turmushga chiqmagan va bu go‘dak uning birinchi farzandi bo‘lgan. "Rossiyaga ishlashga yolg‘iz kelganman, pulim yo‘q, chorasiz edim", deya ko‘rsatma bergan tashlandiq go‘dakning onasi.

Mahalliy aholi esa, o‘z farzandini mushuk bolasi singari ko‘chaga tashlab ketgan ayolni psixologik ekspertizadan o‘tkazishni talab qilishmoqda.

Ayni paytda o‘zbekistonlik muhojira tug‘ruqdan keyingi asoratlar tufayli kasalxonada davolanmoqda. Unga nisbatan RF tegishli qonunlariga ko‘ra, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Go‘dakning onasiga nisbatan 80 ming rublgacha bo‘lgan jarima, 3 oydan 1 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Ism-sharifi "noma‘lum"

Hozirda 2 xaftalik bo‘lgan chaqaloq esa oblastdagi Perinatal markazning patalogiya bo‘limida mutaxassislar nazoratida davolanmoqda. Go‘dakka birinchi emlashlar o‘tkazilgan va vazn yig‘ishi uchun e‘tibor kuchaytirilgan.

Chaqaloqqa ochilgan tibbiy daftarning ismi–sharifi qatoriga "Neizvestny" deb yozib qo‘yilgan.

– Yaxshiyamki, go‘dakni tezda topishibdi, – deydi vrach-neonatolog Tatyana Glinova. – 3 kunlik chaqaloq juda mo‘rt va zaif bo‘ladi, bunaqa salqin xavo, nam tuproqda yarim soatga qolmay shamollashi mumkin edi. Onasi tug‘ruqxonada bolasidan rasman voz kechganida uni xujjatlarini allaqachon to‘g‘rilash mumkin edi, hozir esa ism–nasabi "noma‘lum".

Shifokorning aytishicha, go‘dak markazda yana ikki xafta ushlab turiladi. Uning ism–familiyasi oydinlashtirilib, so‘ngra vaziyatga ko‘ra bolalar uyiga jo‘natilishi mumkin.

Bu voqea yuzasidan Klops.ru sayti maqola e‘lon qilgan.

Kaliningrad televideniyesi orqali ko‘rsatuv tayyorlangan va 15 avgust efirga berilgan.

Kaliningrad UVD siga telefon qilganimizda ular ham voqeani tasdiqlashdi.