Rossiya: Lipetskda o‘zbeklar o‘ldirilgan

Image copyright Reuters
Image caption Rossiyaga bir yilda bir necha million o‘zbekistonlik muhojir keladi

Keyingi ikki oy ichida o‘zbekistonliklarga nisbatan to‘rtta bosqinchilik holatlari yuz berdi. Jami 5 nafar o‘zbekistonlik o‘ldirildi, 15 nafariga og‘ir tan jarohatlari yetkazildi.

1 iyul kuni shahar markazidagi ikki uy yoqib yuborildi. Bolshiye Klyuchi va Voroshilov ko‘chalaridagi yong‘in oqibatida 4 kishi qurbon bo‘ldi va 6 kishi kuyish jarohatini oldi.

Lipetsk oblasti IIB matbuot xizmati rahbari Natalya Maslakovaning aytishicha, noma‘lum shaxslar uy derazalarini sindirib, ichkariga yonuvchi quyulmalar solingan idishlarni otishgan.

Avvaliga Bolshiye Klyuchi ko‘chasidagi 46-uy yoqib yuborilgan. Uyda 66 yoshli o‘qituvchi va uning rafiqasi bo‘lgan.

Ularning krovati derazaga yaqin bo‘lganligi sababli yonuvchi suyuqlikning kattagina qismi uy sohiblariga jiddiy shikast yetkazgan.

Yong‘in oqibatida erkak 4-darajali kuyish jarohati bilan shifoxonada jon berdi.

Voroshilov ko‘chasi 52-uyda esa o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari oilasi yashar edi.

Ularning barchasi rasmiy xujjatlarga ega va oblastdagi tashkilotlarning birida qonuniy ishlardilar.

Yuqoridagi singari derazadan otilgan yonuvchi suyuqlik oqibatida uyda alanga ko‘tarildi.

Natijada 3 nafar o‘zbekistonlik voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi, yana 4 nafari og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga joylashtirildi.

Bir oyda 6 o‘zbek pichoqlandi

15 iyul kuni kech soat 20.10larda shaharning Potapova proyezdida noma‘lum shaxslar o‘zbekistonlik muhojirga tashlangan va uning ko‘kragiga pichoq sanchishgan.

Muhojir tez orada shifoxonaga olib borilgan va hanuzgacha ko‘krak qafasi jarohati tufayli davolanmoqda.

31 iyul kuni esa Tsiolkovskiy ko‘chasida 2 nafar o‘zbekistonlik yigitlarni pichoqlab ketishdi.

32 yoshli bu yigitlar ham Rossiyaga ishlagani kelishgan edi.

Jabrlanuvchilar og‘ir tan jarohatlari tufayli kasalxonaga joylashtirildi.

Butun brigadaga xujum

23 dan 24 avgustga o‘tar kechasi soat 03.00 larda Kamennыy Log ko‘chasi 39-uy yaqinidagi quruvchilar vagoniga xujum uyushtirildi.

Bu vagonda o‘zbekistonlik 4 nafar ishchilar yashar edi. Bosqinchilar bolta va pichoqlar bilan qurollangan edi. O‘zbekistonlikning biri yuragiga sanchilgan pichoq zarbidan shu zahoti jon berdi. Qolgan uch yigitlar og‘ir tan jarohatlari olishdi.

19 yoshdan 33 yoshgacha bo‘lgan o‘zbek ishchilari ko‘p qon yo‘qotishganiga qaramay, "tez yordam" chaqirishga muvaffaq bo‘ldilar. Yigitlar shahar shifoxonalariga olib borildi va tezlik bilan operatsiya stoliga o‘tkazildi.

Jabrlashuvchilar tojik millatiga mansub O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Amir Maqsudovning ko‘ziga pichoq sanchilgan, shifokorlar uning ko‘z olmasini olib tashlashga majbur bo‘lishdi. Anvar Melixonovning boshiga bolta bilan urishgan. Alisher Axmadxonovning esa jarohati o‘pkasiga shikast yetgan.

Hozir uchchala jabrlanuvchilar shifoxonaning jonlantirish bo‘limida, ularning ahvoli og‘ir.

"Tolib qo‘limda jon berdi"

Lipetskning "Moy gorod" gazetasi tahririyati mazkur hodisani yaqindan o‘rgandi. Bosqinchilik qurboni bo‘lgan o‘zbekistonliklar haqida taniganlar iliq fikr bildirildi.

"Gastarbayterlar Kamennoy Logda lipetskliklar qo‘lida ishlashgan. Bu ongli ravishda sodir etilgan bochqinchilik", deb yozadi GazetaMG.ru.

- Ular aniq o‘ldirish maqsadida kelishgan, - deydi manba, - chunki hech nima yo‘qolmagan. Buning ustiga ishchi yigitlar juda yaxshi, tarbiyali bo‘lishgan. Rossiyaga pul ishlash uchun kelganlar, ertadan kechgacha tinim bilmay ishlaganlar. Birovga yomonliklari yo‘q edi.

Vafot etgan yigitning ismi Tolib bo‘lib, ma‘lumoti bo‘yicha hisobchi edi.

O‘z yurtida uning xotini va hali o‘zi biron martayam ko‘rmagan 8 oylik chaqalog‘i qolib ketdi, deb yozadi GazetaMG.ru.

"Tolib xatto nima bo‘lganini tushunmay ham qoldi. U qo‘limda jon berdi: kulimsirab qo‘ydiyu ko‘zlarini yumdi", deya eslagan Amir mudxish voqea haqida.

Shifokorlar ishchilarning sog‘ayishi borasida 2 oy muddatini aytganlar, lekin miyasiga bolta urilgan ishchi haqida bir nima deyish qiyin.

Ishchilar uyga qaytish taraddudida bo‘lishgan, hatto O‘zbekistonga ketish uchun chipta olishgan ham edi.

Millatchilik oqibati bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonlik muhojirlarga nisbatan ketma-ket sodir etilgan bosqinchilik jinoyatlari yuzasidan Lipetsk oblasti IIB bilan bog‘landik.

- Barcha holatlar yuzasidan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan, - deya ma‘lum qildi Lipetsk oblasti IIB Matbuot xizmati rahbari Natalya Maslakova. – Bosqinchilik holati yuzasidan tezkor- qidiruv tadbiri o‘tkazilmoqda. Mazkur ishga eng yaxshi tezkor jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari jalb etilgan. Jinoyatchilar boshlariga kepka bostirib olgan va yuzlariga tibbiyotchilar niqobini tutib olgan bo‘lganliklari uchun ularni topish biroz qiyinlashmoqda.

Natalya Maslakovaning aytishicha, o‘zbeklarga bosqinchilik ma‘lum bir jinoiy guruh emas, balki lipetsklilar orasida o‘tgan oylarda kuchayib ketgan millatchilik tarafdorlari tomonidan sodir etilgan.