Suriyadagi BMT nazoratchilari karvoni o‘qqa tutildi

Image copyright Reuters
Image caption BMT vakili Anjela Keynning Suriya hukumati bilan muzokaralari natijasida kelishuvga erishildi

BMT nazoratchilari Damashqdagi kimyoviy hujum sodir etilgan hududga jo‘naydi.

Mutaxassislar rasmiy hisoblarga qaraganda 300 dan ortiq inson umriga zomin bo‘lgan hujum tafsilotlarini tekshirib, kimyoviy qurol borasidagi savollarga aniqlik kiritadi.

Suriya hukumati kecha yuqori lavozimli BMT vakili Anjela Keyn bilan muzokaralar natijasida harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatib, xalqaro kimyo mutaxassislarining hududga kirishiga ruxsat bergan edi.

Kimyoviy hujum haqidagi xabardan besh kun o‘tib, Suriya hukumatining nazoratchilar kirishiga roziligi G‘arb mamlakatlari tomonidan kinoya bilan qabul qilindi.

Ularga ko‘ra, Bashar al-Assad nazoratchilarning kirishini ortga surishiga sabab, kimyoviy qurol izlari hali to‘liq tugatilmagan yoki tabiiy yo‘l bilan yo‘qolmaganligi bo‘lishi mumkin.

Rossiya tomoni o‘z o‘rnida Suriyaning kelishuvini quvvatladi va G‘arbning Suriyaning roziligiga qilgan munosabatiga e‘tibor qaratar ekan, bu ba‘zi davlatlar Suriya mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilishdan manfaatdor emasligini ko‘rsatadi, deydi.

"Moskva Suriyadagi voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda. Hozir tobora ko‘proq dalillar bu terroristik harakat yaqqol buzg‘unchilik xarakteriga ega ekanini isbotlamoqda. Internetda shunday xabarlar borki, Suriya hukumatini ayblaydigan materiallar bu hujum amalga oshirilishidan bir necha soat oldin qo‘yilganini ko‘rsatgan. Bu oldindan rejalashtirilgan jinoyat bo‘lgan", deydi Rossiya diplomati.

Prezident Bashar al-Assad ham kecha Rossiyaning "Izvestiya" gazetiga bergan intervyusida AQShning harbiy aralashuvining oqibatlari yomon bo‘lishi va Suriya hech qachon G‘arbning qo‘g‘irchog‘iga aylanmasligini ta‘kidlagan".

Ayni vaqtda Britaniya Tashqi Ishlar vaziri Uilyam Xeyg Suriyada diplomatik yo‘l ishlamayotganini aytmoqda.

Uilyam Xeyg BBCga bergan intervyusida diplomatik bosim ish bermayotgani, Xavfsizlik Kengashida Suriya masalasida yakdillik yo‘qligi, bu vaziyatda mojaroni BMTning bir ovozdan quvvatlashisiz harbiy yo‘l bilan amalga oshirilishi mumkinligiga ishora qilgan.

"Har qanday javob xalqaro me‘yorlar asosida bo‘ladi", degan janob Xeyg Kimyoviy qurol Suriya armiyasi tomonidan qo‘llanilganiga ishonishini ta‘kidlarkan. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto‘g‘li ham BMT rejalari ish bermasa boshqa choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirgan.

"Hozir bu rejani 36-37 mamlakat muhokama qilyapti. Anqara hamisha BMT qarorlari asosida harakat qilishni yoqlab kelgan. Ayni holatda BMT Damashqqa bosimni hal qilolmasa, Turkiya Suriyaga qarshi koalitsiya tarkibiga kirishi mumkin", deb aytgan Turk diplomati.

Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb davlatlari Suriyaga ham Iroq va Livan stsenariysi bilan borish niyatidaligini aytgan.

"G‘arb BMT Xavfsizlik Kengashiga Suriya hukumatining kimyoviy hujumga aloqasini isbotlamay turib, harbiy yurishni rejalashtirmoqda. Bu esa xalqaro huquq normalarining qo‘pol ravishda buzilishidir", degan janob Lavrov Moskvadagi matbuot anjumanida.

BMT karvoni o‘qqa tutildi

Zaharli gaz qo‘llanilgani gumon qilinayotgan Damashqdagi G‘uta tumani isyonchilar nazoratidir.

Chegara Bilmas shifokorlarning aytishicha, shu paytgacha ularning xodimi uchta shifoxonada zaharlanish alomatlari bilan kelgan 3600 ga yaqin bemorni davolagan, 355 kishi vafot etganini aytgan.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, gumon qilinayotgan hududga borayotgan BMT nazoratchilari karvoni o‘qqa tutilgan. Hech kim jarohatlanmagan.

BMT kim tomonidan o‘q otilganini aytmagan.

Lekin tekshiruvchilar orqaga qaytarishga qaror qilingan.