BBC mehmoni - rejissyor Ayub Shahobiddinov

Image caption Ayub Shahobiddinov zamonaviy o‘zbek kino san‘atining eng yetakchi arboblaridandir

BBC mehmoni - O‘zbekiston kino san‘atining yosh va iqtidorli yulduzi, rejissyor Ayub Shahobiddinovga savol yo‘llang.

Ayub Shahobiddinov o‘zining 2012 yilda suratga olingan "Parizod" filmi bilan xalqaro miqyosda tanildi.

Taniqli o‘zbek adibi Erkin A‘zamning stsenariysi asosida suratga olingan filmda farishta ko‘rinishidagi yosh qiz O‘zbekistondagi qishloqlardan birida paydo bo‘ladi va, garchi bir og‘iz gapirmasada, qishloq aholisining turmushida o‘chmas iz qoldiradi.

"Parizod" filmining g‘oyasi shuki, bizning zamonimizda ham qandaydir ilohiy kuchga ega insonlar oramizda paydo bo‘lishi mumkin va ular tirikligida, ularning qadriga yetish kerak.

Filmning g‘oyasi o‘ziga xos tarzda, o‘zbek kinosida bir qadar yangi, ko‘p qo‘llanilmagan neorealizm yo‘nalishi orqali yetkazilishi ham xorijiy kino mutaxassislarining diqqatini jalb qila oldi.

Shahobiddinovning mazkur asari shu yil yozda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Ovrosiyo film festivalida "Eng yaxshi rejissura" nominatsiyasida Turkiyaning "Alvido, Katya" filmi bilan birga g‘olib chiqdi.

"Parizod", shuningdek, Anapada o‘tadigan "Kinoshok" festivalida Gran-priga loyiq topildi. "Volokolamskiy rubej" kinofestivalida "Parizod" filmida bosh rolni ijro etgan Zarina Nizomiddinova eng yaxshi ayol roli uchun mukofot oldi.

Undan tashqari, film nufuzli "Nika" kinofestivalida namoyish etilib," MDHning eng yaxshi filmi" nominatsiyasida nomzodi ilgari surildi.

Image caption "Parizod" filmi xalqaro mukofortlarga sazovor bo‘ldi

O‘zbekistonda esa Erkin A‘zamning "Parizod" stsenariysi "Eng ulug‘, eng aziz" ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘ldi.

Joriy yilda O‘zbekiston prezidentining kenja qizi, UNESCOdagi O‘zbekiston elchisi Lola Karimova filmdan chuqur ta‘sirlanganini aytib, uni Parijda frantsuz tomoshabinlarga taqdim etdi.

O‘zining 10 yillik karerasi davomida Shahobiddinov, shuningdek, "Qor qo‘ynida lola", "Ko‘rgilik", "O‘tov", "Kechikkan hayot", "Sevinch", "Telba" nomli filmlarni suratga olib, ko‘plab kino ishqibozlarining hurmatini qozondi.

Ayub Shahobiddinov 1977 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkentdagi San‘at Institutining "Kino va televideniye" fakultetini tamomlagach, Moskvada ikki yillik Stsenaristlar va rejissyorlar oliy kurslarida nufuzli VGIK domlalari qo‘lida tahsil oldi.

2002 yildan beri "O‘zbekfilm" studiyasida faoliyat yuritib kelayotgan rejissyor 2008 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoniga sazovor bo‘lgan.

U Mikelanjelo Antonioni, Federiko Fellini, Majid Majidiy kabi kinorejissyorlar asarlari uning rejissyor bo‘lib shakllanishida katta rol o‘ynaganini aytadi.

Ayub Shahobiddinovga savol yo‘llamoqchi bo‘lsangiz, matn ostidagi formani to‘ldiring, yoki uzbek@bbc.co.uk manziliga elektron maktub yo‘llang.