UzWebiston: O‘zbek yoshlari nimadan qo‘rqadi?

Yaqinda Chirchiqda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani va undan so‘ng prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ko‘ngliga yoqmaydigan savollarni beruvchi va uni yorituvchilarga o‘ziga xos uslubda dakki berdi.

Avvaliga u anjuman davomida Twitter orqali ingliz tilida savol bergan FIFA agenti San‘at Sharipovning boshqa tilda savol berishini kinoya qilgan. Sharipov ingliz tilida, "Odamlar har kuni xushomadlar qilib turganida, sarob bilan haqiqiy hayot farqiga borasizmi", - deya so‘ragan.

"U savollarni o‘z ona tili - ingliz tilida berishni yaxshi ko‘radi", - degan rus tilida Gulnora Karimova. Prezidentning to‘ng‘ich qizi San‘at Sharipovning o‘zida bu borada fikr bo‘la turib bu kabi savolni berishda ayblagan va gapni aylantirib javob berishdan qochgan.

O‘z navbatida San‘at Sharipov Twitter orqali Gulnora Karimovaga savolini tilga olib o‘tgani uchun minnatdorchilik bildirgan va Karimovaga na savol ma‘nosi va u berilgan til yoqmaganini bildirishganini aytgan.

"Hammasini hisobga olib, shu ondan boshlab sizga yoqmaydigan boshqa savol bermasligimni tushundim. Bu bizning Twitterdagi aloqamiz davomidagi yagona savol edi va aftidan eng so‘nggisi ko‘rinadi. Bezovta qilganim uchun uzr", - deydi San‘at Sharipov.

Gulnora Karimova o‘ziga yoqmagan jihatlarni ertasi kuni Twitterda ham "tuzlashda" davom etdi.

Karimova xonim anjumanni o‘zbek tilida jonli ravishda matnli translatsiya qilib borgan kun.uz nashrini o‘zi aytgan gaplarni boshqacha ma‘noda talqin qilishda aybladi.

To‘mtoq o‘zbek tilida yozgan ushbu tvitini keyinchalik noma‘lum sababga ko‘ra o‘chirib tashladi.

O‘z navbatida kun.uz nashrining Twitterdagi akkaunti @KunUzNews Gulnoraga muloqat uchun imkoniyat yaratib bergani uchun minnatdorchilik bildirdi. Va qayerda xato ketgan bo‘lsa aytsa raddiya bilan chiqishga tayyorligini bildirdi.

Keyinchalik ushbu yozishmalarning ayrimlari ikkala akkauntdan ham o‘chirib tashlandi.

Gulnora Karimova shundan so‘ng boshqa foydalanuvchilarga ham anjumanda boshqacha savol berib Twitterda boshqacha yozayotgani uchun dakki berib chiqdi.

Foydalanuvchilar o‘z navbatida Karimovadan minnatdor ekanligini bildirishdan charchashmadi.

Twitterdagi ayrim foydalanuvchilar nishonga olinganlarning mulozamatini qo‘rqoqlikka yo‘ymaslikka chaqirishdi.

Qo‘rquv haqida lifezgd.blogspot.com blogida keltirilgan maqola Twitterlagi ayrimlar uchun qo‘rqinchli bo‘lgan ushbu kunning xotimasi bo‘ldi deyish mumkin.

Qo‘rquv haqidagi noma‘lum shaxs tomonidan yozilgan maqola asl holicha keltirilmoqda.

Qo‘rquv haqida

Bir yaqin tanishim so‘rab qoldi: "San nimadan qo‘rqasan?" Nimadir, deb javob berdim. Hozir yodimda yo‘q.

Umuman, men ertadan, ertangi kunimdan qo‘rqaman! Bundan dahshatli qo‘rquv bo‘lmasa kerak. Chunki siz ertaga sizni nimalar kutayotgani haqida aniq tasavvurga ega emassiz. Bu qo‘rquv buguningizdan ishonch yo‘qligi bilan bog‘liq. Sizning buguningiz shu darajada chalkashki, u ertangizni savol ostiga qo‘yadi, uni tumanlashtiradi.

Nega ertamdan qo‘rqaman?! Bugunimga va bugungilar olib borayotgan ishlarga, ularning kelajagiga ishonmayman. Ertaga osmondan tosh yog‘ishi mumkinligidan qo‘rqmayman, yer o‘z o‘qidan chiqib ketishidan qo‘rqmayman, zilzila bo‘lib, hamma yer qa‘riga kirib ketishi mumkinligidan qo‘rqmayman. Bu fors-major. Xudo asrasin!

Men kundalik turmushimiz ikir-chikirlaridan qo‘rqaman. Ikir-chikirki, ularning butun faoliyati yagona mexanizm sifatida tizimli ishlashi kerak. Ya‘ni tizim kerak. Men tizimsizlikdan qo‘rqaman. Tizimsizlik shundaki, jamiyatda barcha sa‘y-harakatlar o‘zgarmas tartib-qoidalar emas, balki kayfiyatga qarab quriladi. Uyingizda har kuni chiroq bo‘lishi, bu - tizim.

o‘lmasligi - kayfiyat, bir soat bo‘lishi ham kayfiyat.

Shifokorning vazifasi bemorni davolash. Shifoxonaning vazifasi bemorlarni belgilangan sharoitda davolash. Tizim shunaqa. Lekin shifokor bemorni davolash o‘rniga kasalxonaning bir burchagida 100 ta parranda boqishga majbur bo‘lsa, bu - tizimsizlik. Bu qo‘rquv. Parranda boqish tizimning talabi emas, ayrimning kayfiyati va aql o‘lchovidagi majburiy qarori. Qilamiz.

O‘qituvchi o‘qitishi kerak. O‘quvchi o‘qishi kerak. Maktab o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlariga sharoit yaratishi kerak. Tizimsizlik shundaki, o‘qituvchi o‘qitmaslikka, o‘quvchi o‘qimaslikka majbur. Uning o‘rniga nima ish qilishi (hammaga ma‘lum), bu - aniq. Tizimsizlik.

Vatan barchamizniki. Vatanni himoya qilish hammamizning ishimiz. Lekin biz hammamiz Vatanni himoya qilish va vatanparvarlik, deb o‘z vazifalarimiz qolib, boshqa ishlarni qilishda ko‘ramiz. Man yaxshi kadr bo‘lib, oilamni normal sharoitlarda, davlatga boqimanda qilmasdan voyaga yetkazishim, bu, aslida, vatanparvarlik.

Yo‘q, biz boshqalarning ishini qilishga intilamiz. Qo‘shnimizga hayotiga aralashamiz, ogohlikka chaqiramiz, o‘qituvchi "boshqa fikrda"gi o‘quvchilarni aniqlaydi, mahalla oqsoqoli mahallani yaxshi qilish o‘rniga "kim ajrashdi, kim o‘g‘rilik qiladi, kimning uyida shovqin chiqadi, kim noto‘g‘ri xayolda yuradi" - shularni hujjatlashtirish bilan shug‘ullanadi. Vatan va davlat... boshqa-boshqa narsalar. Bu tizimsizlik.

Men ertani ko‘rishni xohlamayman. Men ertani his qilishni xohlayman. Ertaga tinchlik bo‘ladi, ertaga mening uyimga birov bostirib kelmaydi. Tizim shunaqa narsaki, uning boshida turganlar qancha o‘zgarmasin, tizim o‘zgarmaydi. Amerikada, Buyuk Britaniyada, Yaponiyada mingta hukumat almashsin, jamiyatda tizim o‘zgarmaydi. O‘quvchi o‘qishda, shifokor davolashda davom etadi. Kayfiyat emas, qonun va tizim hukmron jamiyatda.

Men ertaga tuman hokimi o‘zgarsa, hayotim ostin-ustun bo‘lib ketishidan qo‘rqaman. Men ertaga ish rahbarim o‘zgarsa, ishimni yo‘qotishdan qo‘rqaman. Men professional bo‘lishim mumkin, lekin "shef"im professionallikni emas, balki kayfiyati va unga qo‘ygan "paxtam"ga qarab kelajagimni belgilab beradi.

Tizim bor joyda Siz yo‘qolib ketmaysiz. Siz qobiliyatingizga, salohiyatingizga ishonasiz. Ko‘chada qolmaysiz. Yurist bo‘la turib, taksistlik qilmaymiz. Balki tizimda halol kurasha olishimiz mumkinligi chuqur anglaymiz. Tizimsizlikdan qo‘rqaman, dahshatga tushaman. Ertamdan vahima qilaman...