Buxorodagi mansabdorlar xalqqa hisobot berishni o‘rganayaptilarmi?

Image copyright catrionagray.co.uk

O‘zbekiston prezidenti farmoyishiga binoan Buxoro va Samarqand viloyatlarida shaffoflik eksperimenti o‘tkazilayapti.

Bu haqdagi farmoyish shu yil martida imzolangan.

Eksperiment "Davlat idoralarining shaffofligi" haqidagi yangi qonun loyihasini doirasida amalga oshirilayapti.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, davlat idoralari har qanday shaxsdan tushgan arz va shikoyatga 15 kun ichida, matbuot so‘roviga esa yetti kun ichida javob qaytarishi shart.

Oddiy fuqarolarning esa davlat idorasiga og‘zaki, yozma, elektron pochta orqali yoki o‘zining ishonchli vakili orqali murojaat qilishlari mumkinligi aytilgan.

Ushbu eksperiment doirasida Samarqand viloyati va shahri hokimliklari qator amallarga qo‘l urganlar, oddiy odamlarning o‘z muammolari bilan davlat boshqaruv idoralariga murojaat qilishlari, o‘z murojaatlariga javob olishlari osonlashgan.

Samarqand shahri hokimi Akbar Shukurov mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlarini yig‘ib, bu yo‘nalishda nima ishlar qilinayotgani haqida gapirib bergan, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytargan.

Biroq eksperiment borayotgan ikkinchi viloyat Buxoroda shu paytgacha qanday ishlar amalga oshirildi?

O‘zbekistondagi internet nashrlarida allaqachon ushbu savol qo‘yilib, bu haqdagi maqolalar e‘lon qilindi. Maqolalardan biri "Buxorolik amaldorlar nimani yashirishayapti?", deb nomlanadi.

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Akbarjon Rustamovning BBCga aytishicha, bu eksperiment viloyatdagi davlat boshqaruv organlari bilan xalqni yaqinlashtirgan.

"Misol uchun oldin viloyatdagi 88 ta davlat boshqaruv idorasining faqat 12 tasi o‘zining web-saytiga ega bo‘lgan. Hozir bunday saytlar soni 80 tani tashkil etadi", dedi Akbarjon Rustamov.

Akbarjon Rustamov so‘zlariga ko‘ra, viloyatdagi 26 ta davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari matbuot anjumani o‘tkazganlar.

Va bu matbuot anjumanlariga ommaviy axborot vositalari xodimlaridan tashqari oddiy fuqarolar, nodavlat tashkilotlar vakillari ham qatnashganlar, deydi janob Rustamov.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi