Kameron va Obama Suriyaga qarshi hujumni muhokama qilishdi

  • 28 Август 2013
Image copyright Getty Images

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron va AQSh Prezidenti Barak Obama telefon orqali Suriyaga qarshi hujum masalasini muhokama qildilar.

Britaniya Bosh vaziri qarorgohining ma‘lum qilishicha, Milliy Xavfsizlik Kengashining 28 avgust kuni o‘tkazilajak majlisi va payshanba kuni parlamentdagi muhokamadan avval janob Kameron "AQShning Suriyaga nisbatan qarashlariga" quloq tutgan.

Janob Kameron matbuot kotibiga ko‘ra, Suriyaga nisbatan qanday amallar qo‘llanishi haqida hali bir qarorga kelinmagan. Lekin bu amal o‘tgan hafta amalga oshirilgani aytilgan kimyoviy hujumga nisbatan "muvofiq va qonuniy" bo‘lishini aytdi.

Suriya hukumati 21 avgust kuni Damashq yaqinida amalga oshirilgan hujumda isyonkorlarni aybdor ko‘rmoqda. Hujum natijasida yuzlab kishilar halok bo‘lgani xabar berilgan.

Ayni vaqtda Suriyadagi BMT qurol nazoratchilari xavfsizlik vaziyati sababli o‘z faoliyatlarini bir kunlik tanafussdan so‘ng qayta boshladilar.

"Hujumga Assad mas‘ul"

AQSh Prezidenti va Britaniya Bosh vaziri o‘rtasidagi telefon so‘zlashuvi yuz bergan kimyoviy hujumdan so‘ng ikkinchisidir.

Bosh vazir qarorgohi vakilining aytishicha, ikki tomon hujumda Bashar al-Assad rejimi mas‘ul ekanligiga ishonadilar.

"Hukumat kuchlari o‘sha mintaqa ustidan nazoratni qayta qo‘lga olishga harakat qilmoqda edilar. Muxolifat tomoni bu kabi hujumni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lganligining hech qanday dalillari yo‘q", dedi Britaniya rasmiysi.

AQSh va Britaniya rasmiylariga ko‘ra, rejalanayotgan hujumdan maqsad rejimni o‘zgartirish emas, balki Suriya va boshqalarga kimyoviy quroldan foydalanish jazosiz qolmasligini namoyish qilish yo‘lidagi "cheklangan amaliyot" bo‘ladi.

G‘arbning harbiy amaliyotlari Suriyadan qochqinlar sonini yanada ko‘paytirishi mumkinligidan xavotirlar bor. Kelgusi bir necha kun ichida yuz berishi mumkinligi aytilayotgan hujum uchun nishonlar ham o‘ta aniqlik bilan tanlanishi kerakligi ham aytilmoqda.

G‘arb tinch aholi orasida qurbonlar yuz bermasligi uchun o‘ta ehtiyotkorlik bilan amal qilishi lozim bo‘ladi.

Suriya yo-da uning qo‘llovchilari tomonidan javobiy amallar ehtimoli ham yo‘q emas.

Yana bir ehtimol G‘arb hujumlari Al-Qoidaga aloqador guruhlarni o‘z ichiga oluvchi muxolifat tomoniga qo‘llov berishidir.

AQSh harbiylari "hujumlarga tayyor" ekanliklarini bildirishgan. Ammo Britaniya Qurolli Kuchlarining sobiq rahbari bir marotaba raketa hujumi ortidan mamlakat kengroq miqyosli harbiy amaliyotlarga aralashib qolishi ehtimolidan ogohlantirgan.

BBCning mudofaa masalalari bo‘yicha muxbiri Kerolayn Vyattning aytishicha, ishonilishicha harbiy hujum uchun nishonlar allaqachon tanlangan va bu nishonlar kimyoviy hujumni amalga oshirishda gumon qilingan harbiy bazalar bo‘lishi mumkin.

Unga ko‘ra, Suriyaga qarshi raketa hujumlari Fors ko‘rfazi va O‘rtayer dengizidagi AQSh va Britaniya kemalari yo-da suvosti kemalaridan amalga oshirilishi mumkin.

Suriyaga qarshi hujum uchun mavjud kuchlar

O‘rtayer dengizida uzoq masofaga uchuvchi raketalar bilan jihozlangan AQShning to‘rtta kemasi bor. Raketa hujumlari shuningdek, suvosti kemalaridan ham amalga oshirilishi mumkin.

Turkiyaning Injirli va Izmir, shuningdek Iordaniyadagi AQSh harbiy bazalari ham hujumlarni amalga oshirishda ishga solinishi mumkin.

Bundan tashqari mintaqada AQShning ikki uchoq tashuvchi kemasi ham mavjud.

Britaniya British Trafalgar suvosti kemasidan raketa hujumini amalga oshira oladi. Bundan tashqari HMS Tireless kemasi o‘tgan hafta Gibraltar bo‘g‘ozida qayd qilingan.

Mintaqada bundan tashqari Britaniyaning uch kemasi hozirda avvaldan rejalangan mashqlar doirasida mavjuddir. Bundan tashqari Qibrisda Britaniya Havo Kuchlari bazasi bor.

Fransaning uchoq tashuvchi Charles de Gaulle kemasi ham hozirda O‘rtayer dengizi janubidagi Tulon bandargohida. Fransa qiruvchi uchoqlari Birlashgan Arab Amirliklaridagi Al-Dahra havo bazasidan ham ko‘kka ko‘tarilishlari mumkin.

Image copyright BBC World Service
Image caption Ehtimoliy nishonlar