"Pulkovo" qo‘nalg‘asi qurilishida ishlayotgan 400ga yaqin mehnat muxojiri zaharlandi

Image copyright none

Sankt-Peterburg shahrining "Pulkovo" qo‘nalg‘asi yangi terminali qurilishida ishlayotgan 400 dan ziyod mehnat muhojirlari ommaviy ravishda ovqatdan zaharlandi.

Zaharlanganlarning 212 nafari shifoxonaga joylashtirildi, 15 nafari og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida yotibdi.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, ovqatdan zaharlanganlarning 70 foizi o‘zbekistonliklar.

Xabar berilishicha, 26 avgust kuni tushlik qilgan ishchilarning ikki-uch soatdan so‘ng ommaviy ravishda toblari qochdi.

Ular qorinlarida qattiq og‘riq, qayt qilish va isitma ko‘tarilishi kabi alomatlarni namaoyon qila boshlaganlar.

Ishchilar asosan o‘zbekistonlik, tojikistonlik va oz sonli turkiyalik mehnat muhojirlari bo‘lgan.

Qurilish ishchilariga shu kuni tushlikka mayda to‘g‘ralgan tovuq go‘shti solingan mastava berilgan.

Voqea joyiga zudlik bilan "Tez yordam", transport politsiyasi xizmati va mutasaddi tashkilotlar vakillari yetib keldi.

Qator-qator avtobuslar va "Tez yordam" mashinalari bemorlarni 30-sonli Botkina yuqumli kasalliklar shifoxonasiga elitganlar.

Shifoxonada joy yetishmaganligi sababli kasal muhojirlardan ba‘zilari tashqarida qolgan, bemorlar kasalxona yo‘lagidagi o‘rindiqlarda yotishibdi.

"Hozirgi paytda vaqtinchalik lager tashkil qilingan, tibbiy punktlar ochilib muhojirlar sog‘ligi nazoratga olingan", - dedi "Markaziy osiyolik muhojirlarga yordam berish markazi" yuristi Elyor Toshtemirov.

Sankt-Peterburg shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bemorlar yuqumli kasalliklar toifasiga kirganligi bois, zaharlangan muhojirlarga boshqa shifoxonalardan o‘rin ajratish mumkin emasligini bildirdi.

Qurilish ishchilarining ovqati ta‘minoti bilan "Sofiya" kompaniyasi shug‘ullanib kelgan.

Aytilishicha, zaharlanishga aynigan tovuq go‘shti sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

"Zaharlanganlarning davolanish harajatlarini o‘z zimmamizga olamiz", - deya ma‘lum qildi ICA qurilish kompaniyasi vakili Aleksandra Ten.

Sankt-Peterburg Ichki Ishlar Boshqarmasi mazkur holat yuzasidan "Sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilmaganlik" fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.