Yozuvchi fikri: "Sharq taronalari" chiroyli konfet qog‘ozi

Image caption "Sharq taronalari" har ikki yilda bir o‘tkaziladi

Samarqand shahrida "Sharq taronalari" musiqa festivali tantanali ochilgan.

Tantanali marosimni O‘zbekiston televideniyesi to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etgan, teletomoshabinlar Prezident Islom Karimov raqsga tushayotgan payti jonli efir uzilib qolganini ko‘rganlar.

"Sharq taronalari" 1997 yildan buyon har ikki yilda bir o‘tkaziladi.

O‘zbekiston hukumatiga ko‘ra, festival O‘zbek madaniyati va tarixini dunyoga yoyishda muhim tadbir hisoblanadi va yil sayin dunyoda mashhur bo‘lib bormoqda.

O‘zA axborot agentligi xabar qilishicha, 1997 yildagi ilk festivalda 31 mamlakatdan musiqachilar qatnashganlar.

Bu yil esa Samarqandga 52 mamlakatdan san‘atkorlar yig‘ilgan.

Samarqand shahridagi tantanali ochilish marosimida UNESCO Bosh direktori Irina Bokova ham nutq so‘zlagan.

"Sharq taronalari" chindan ham O‘zbekistonni mashhur qilayaptimi?

Biz ushbu savolni o‘zbekistonlik taniqli adib Rifat Gumerovga berdik.

Rifat Gumerov: "Sharq taronalari" va O‘zbekistonda o‘tkaziladigan bunday tadbirlarning hammasi PR-kampaniyalaridir. Va ular bugungi voqeligimiz ko‘zgusidir. Bu binoning tashqi ko‘rinishiga o‘xshaydi. Ya‘ni, binoning tashqi tomoni rang berib bo‘yab, chiroyli qilinadi. Hamma mamlakatlardan mehmonlar chaqiriladi. Odam qancha ko‘p bo‘lsa, ular orasida mashhurlari qancha ko‘p bo‘lsa, bu tadbir shuncha muvaffaqiyatli o‘tdi, deb ko‘riladi. Ammo binoning tashqi ko‘rinishidan tashqari binoning o‘zi ham mavjud. Bu binoning ichi qanday? Ichkaridagi yosh, iste‘dodli bolaning musiqa bilan shug‘ullanishga imkoniyati bormi? U sevimli musiqasini o‘rganayaptimi yo tirikchilik uchun pul topishga majburmi? Mana asosiy gap qayerda.

BBC: Lekin mana oxirgi yillarda musiqa maktablari, iste‘dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, moddiy yordam berish maqsadida O‘zbekiston prezidentining bir necha farmoni, hukumatning bir necha qarori e‘lon qilindi. Ya‘ni hukumat bu masalaga ham e‘tibor berayapti.

Rifat Gumerov: Men shu paytgacha birorta yomon qaror yoki farmonni ko‘rganim yo‘q. Hammasi chiroyli yozilgan. Lekin ularning ijrosi-chi? Bu haqda yaqinda Gulnora Karimovaning o‘zi ham tan oldi. Qaror xalqqa yetib borguncha unga qo‘shimcha hujjatlar qo‘shilib-qo‘shilib o‘lib bo‘ladi. Haqiqiy hayot va qaror - bu ikkovi ikkita har xil hayot. Siz tonnalab qaror chiqaring. Ammo odamning qorni och bo‘lsa, uning qulog‘iga san‘at kiradimi?

BBC: Lekin o‘zining yosh mamlakatini dunyoga ko‘rsatishni istayotgan hamma sobiq Sho‘ro mamlakatlari bunday tadbirlarni tashkil qilayotganini ko‘rish mumkin. "Sharq taronalari" O‘zbekistonni, O‘zbek maqomlarini dunyoga yoyish uchun muhim emasmi?

Rifat Gumerov: Men "Sharq taronalari"ga qarshi emasman. Aksincha, men buni yaxshi deyman. Lekin uni o‘tkazish yo‘li menga chiroyli konfet qog‘ozini eslatadi. Qog‘oz chiroyli, ichini ochsang, hech narsa yo‘q. Agar sen kelib-ketish pulini to‘lasang, yaxshi mehmonxonadan joy tayyorlab bersang, sening oldingga 100 emas, 200 ta mamlakatdan mehmon keladi. Men bunday festivallar oddiy odamlarning hayoti yaxshilanib o‘tkazilsa, deyman. Odamlari to‘q yurtga to‘y ham yarashadi, demoqchiman.