Hindiston: multfilmlarga qarshi fatvo

Image caption Hindistonning Deoband shahridagi Dorul Ulum madrasasi ulamosi multfilmlarni ko‘rish islomga qarshi degan fatvoni chiqarishgan

Hindistonning Deoband shahridagi Dorul Ulum madrasasi ulamosi multfilmlarni ko‘rish islomga qarshi degan fatvoni chiqarishgan.

Bu haqda Bangalorda chop etiluvchi Deccan Herald ro‘znomasi xabar bergan.

Gazeta Muftiy Orif Qosimiydan iqtibos keltirib: "Multfilm bu surat. Undan tashqari u bolalar uchungina ko‘zlanilmagan. Demakki uni tomosha qilish haromdir" - deb yozgan.

Islomda rasm va suratlarga nisbatan turlicha talqinlar mavjud.

Eng keskinlari surat va rasmni to‘la man etib, bular Ollohning yaratuvchiligiga keltirilgan shak deb bilishadi.

Boshqa maktablarda esa fotosurat va videolar shar‘iy hisoblanadi.

Dorul Ulum fatvosi Umum Hindiston Shaxsiy Qonuniyatchiligi muassasi a‘zosi tomonidan tanqidga tutilib, "Islomni mazah etish" deb baholangan.

"Nazarimda bu fatvoni chiqargan ulamo na mavzudan xabardor, na bu mavzuni tushunishga harakat qilishgan" - deb aytgan bu imom.

Ushbu madrasa bahstalab fatvolarni ilk bor chiqarishi emas.

O‘tmishda bular ayollar qo‘llagan atirlar tarkibida alkogol bo‘lishini harom deb aytishgan, undan tashqari djins kiyishni yo "g‘arbiychasiga soch kestirishni" ham nomashru‘ deb hukm chiqarishgan.