Obama: "kimyoviy hujum uchun Suriya hukumati mas‘ul"

Image copyright PBS
Image caption Oq Uy Prezident Assad kimyoviy qurol ishlatganiga shubha qilmaydi

Prezident Obama Suriyaga qarshi harbiy mudoxala borasida hozircha qaror qabul qilmagani, ammo Damashq yaqinidagi kimyoviy hujum uchun Suriya hukumati mas‘ul, degan xulosaga kelganligini aytgan.

Janob Obamaga ko‘ra, kimyoviy qurollarning ishga solinishi AQSh manfaatlariga daxl qilgan, ogohlantiruvchi zarba esa Suriyadagi urush oqibatlarini jilovlashga harakat qilgan bo‘lur edi.

AQSh telekanaliga bergan intervyusida u o‘tgan hafta yuz bergan kimyoviy hujum borasida qo‘lga kiritilgan josuslik ma‘lumotlarini o‘rganib chiqqanliklarini bildirgan.

"Biz barcha dalillarni tahlil qildik va muxolifat bu kabi kimyoviy qurollarga ega ekaniga ishonmaymiz", - degan janob Obama.

AQSh Prezidentining so‘zlari Birlashgan Millatlar Suriya borasida diplomatik boshi berk ko‘chaga kirib qolishi ortidan yangragan.

Britaniya Xavfsizlik Kengashi a‘zolarini Suriyadagi tinch fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan "barcha zarur choralar"ni ko‘rishga ruxsat beruvchi rezolyutsiyani qabul qilishga undamoqda.

Ammo Suriyaning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya rezolyutsiyani rad etgan.

Qo‘shma Shtatlar Moskvaning "murosasiz mavqe‘i"ni tanqid qilgan.

"Diplomatik falajlikdan Suriya rahbariyatiga qalqon sifatida foydalanilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi", - deb aytgan AQSh Davlat Departamenti voizi.

Hujum kechiktirilmoqda

Vashington Prezident Assad kimyoviy qurol ishlatganini tasdiqlovchi ma‘lumotlarni hanuz e‘lon qilganicha yo‘q.

Suriya kimyoviy qurol ishlatganini rad etadi va 21 avgust kuni sodir etilgan hujum uchun isyonchilar mas‘ul ekanligini da‘vo qiladi.

Hujumda yuzlab odamlarning halok bo‘lgani xabar qilingan.

Ayni paytda BMTning qurol-yarog‘ nazoratchilari hujum bilan aloqador tekshiruvlarni davom etirishmoqda.

BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun tekshiruv yakuniga yetgunicha kutib turishga chaqirgan.

Suriyadagi kimyoviy hujumga tezroq javob berishga chaqirgan Britaniya ham harbiy mudoxala borasida parlamentda muddatidan avval ovoz berish rejasidan voz kechgan.

Muxolifatdagi leyboristlar partiyasi nihoiy ovoz berish BMT nazoratchilarining hisobotidan keyingina bo‘lib o‘tishi kerakligini aytgan.

Ammo ayni paytda Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg AQSh Suriyaga Britaniyasiz ham hujum qilishi mumkinligini tan olgan.

Suriyada 2011 yilda zo‘ravonliklar boshlanganidan buyon 100 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan, bir yarim milliondan ko‘proq odamlar uylarini tashlab chiqishgan.