Rejissyor Ayub Shahobiddinov: "Parizod"ni olish jarayoni asablarimni yeb qo‘ygan

Image caption Ayub Shahobiddinov zamonaviy o‘zbek kino san‘atining eng yetakchi arboblaridandir

BBC mehmoni - O‘zbekiston kino san‘atining yosh va iqtidorli yulduzi, rejissyor Ayub Shahobiddinov.

Ayub Shahobiddinov o‘zining 2012 yilda suratga olingan "Parizod" filmi bilan xalqaro miqyosda tanildi.

Taniqli o‘zbek adibi Erkin A‘zamning stsenariysi asosida suratga olingan filmda farishta ko‘rinishidagi yosh qiz O‘zbekistondagi qishloqlardan birida paydo bo‘ladi va, garchi bir og‘iz gapirmasada, qishloq aholisining turmushida o‘chmas iz qoldiradi.

"Parizod" filmining g‘oyasi shuki, bizning zamonimizda ham qandaydir ilohiy kuchga ega insonlar oramizda paydo bo‘lishi mumkin va ular tirikligida, ularning qadriga yetish kerak.

Filmning g‘oyasi o‘ziga xos tarzda, o‘zbek kinosida bir qadar yangi, ko‘p qo‘llanilmagan neorealizm yo‘nalishi orqali yetkazilishi ham xorijiy kino mutaxassislarining diqqatini jalb qila oldi.

Shahobiddinovning mazkur asari shu yil yozda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Ovrosiyo film festivalida "Eng yaxshi rejissura" nominatsiyasida Turkiyaning "Alvido, Katya" filmi bilan birga g‘olib chiqdi.

"Parizod", shuningdek, Anapada o‘tadigan "Kinoshok" festivalida Gran-priga loyiq topildi. "Volokolamskiy rubej" kinofestivalida "Parizod" filmida bosh rolni ijro etgan Zarina Nizomiddinova eng yaxshi ayol roli uchun mukofot oldi.

Undan tashqari, film nufuzli "Nika" kinofestivalida namoyish etilib," MDHning eng yaxshi filmi" nominatsiyasida nomzodi ilgari surildi.

Image caption "Parizod" filmi xalqaro mukofortlarga sazovor bo‘ldi

O‘zbekistonda esa Erkin A‘zamning "Parizod" stsenariysi "Eng ulug‘, eng aziz" ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘ldi.

Joriy yilda O‘zbekiston prezidentining kenja qizi, UNESCOdagi O‘zbekiston elchisi Lola Karimova filmdan chuqur ta‘sirlanganini aytib, uni Parijda frantsuz tomoshabinlarga taqdim etdi.

O‘zining 10 yillik karerasi davomida Shahobiddinov, shuningdek, "Qor qo‘ynida lola", "Ko‘rgilik", "O‘tov", "Kechikkan hayot", "Sevinch", "Telba" nomli filmlarni suratga olib, ko‘plab kino ishqibozlarining hurmatini qozondi.

Ayub Shahobiddinov 1977 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkentdagi San‘at Institutining "Kino va televideniye" fakultetini tamomlagach, Moskvada ikki yillik Stsenaristlar va rejissyorlar oliy kurslarida nufuzli VGIK domlalari qo‘lida tahsil oldi.

2002 yildan beri "O‘zbekfilm" studiyasida faoliyat yuritib kelayotgan rejissyor 2008 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoniga sazovor bo‘lgan.

U Mikelanjelo Antonioni, Federiko Fellini, Majid Majidiy kabi kinorejissyorlar asarlari uning rejissyor bo‘lib shakllanishida katta rol o‘ynaganini aytadi.

Ayub Shahobiddinov dasturimiz tinglovchilari va saytimiz o‘quvchilari savollariga javob berdi.

Filmni ko‘rgan inson birdaniga o‘zining bir nechta tuyg‘ulariga sho‘ng‘ib ketadi. "Parizod" filmida qaysti tuyg‘ularni tomoshabinga yetkazib bermoqchi bo‘lgansiz?Jahongir, London

Shahobiddinov: Oddiy insonning qanaqadir bir mo‘‘jizaga ishonish imkoniyati haqida ko‘proq gapirishni xohlaganman shu film orqali. Bu filmda aynan bir falonchi ismli qiz haqida gap ketmagan, bu o‘ziga yarashi bir timsol. Uzoq tog‘lar orasida, arxaik bir muhitda parining paydo bo‘lishi, odamlar unga qanchalar ishonishadi yo ishonishmaydi, buning o‘ziga yarasha bir missiyasi borki, u qaysi xonadonda paydo bo‘lsa va qaysi inson bilan to‘qnash kelsa, u o‘sha muhitni o‘zgartiradi. Odam o‘zi haqida o‘ylab qoladi, kimdir insofga qaytadi, kimdir armon bilan qolib ketadi. Mo‘‘jizaga ishonish yo ishonmaslik g‘oyasi bor. Shu qiz orqali tozalik, ichki tozalik, sof tuyg‘ularning saqlanib qolganini ko‘ra olish haqida gap ketadi. Bu yerda hech qanday deklamatsiya yo didaktika yo‘q. O‘sha qiz gapirmaydi ham. Lekin uning mungli ko‘zida, indamasligida qandaydir sir yotganini inson tushunib yetadi va o‘zini tahlil qiladi shu soflikka munosabati qanday bo‘layotganini. Birinchi navbatda, o‘zimning tushunishimcha, insonning ichki sofligi haqida film olganman deb o‘ylayman. Shunga intilganmiz. Endi buyog‘i tomoshabinga bog‘liq, har bir filmda ikkita-uchta mavzular bo‘lishi kerak, lekin muhimrog‘i men uchun shu.

"Parizod" suratga qayerda olindi va qanday qiyinchiliklarga duch keldi ijod ahli?O‘ktam Rizayev, Xo‘jand

Shahobiddinov: Bu filmni, "O‘tov" filmimga o‘xshab, Surxondaryo viloyatining Boysun tumani qishloqlarida, tog‘li joylarida olganmiz. Filmga olish jarayonlari, albatta, qiyin kechadi. Oson emas, oddiy maishiy mavzularda film olinsa ham qiyinchiliklar bo‘ladi. Bu safar ham ideal sharoitlarda yashamadik. Ko‘rinib turibdi, tog‘larga qiyinchiliklar bilan chiqiladi, texnika bilan muammolar bo‘ladi. Undan tashqari, yana bir muammo bo‘lganki, meni masalan juda asablarimni yeb qo‘ygan. Bu film kinotasmaga olingan va uning 35-40 foizi birinchi tasvirga olganimizda yaxshi chiqmagan. Plyonkaning 40 foizi kuyib ketgan. Bu ijodiy guruhimizning aybi emasdi, chunki bu plyonka boshqa davlatdan olib kelinadi, u aeroportning bojxonasidagi skanlardan o‘tayotgan paytda brak bo‘lib qolgan. Juda qattiq asabiylashganman, to‘g‘risi, sababi mavsum ham o‘tib ketayotgan edi. Avgust oyi oxirida tasvirga tushirgan bo‘lsak, bir-bir yarim oy davomida plyonka proyavka bo‘lganidan keyin shu narsani eshitib shok bo‘lib qolganman. Keyin, yana kuch to‘plab, boshqatdan borib, kuygan qismini yana tasvirga tushirganmiz. Baribir yaxshi odamlar, do‘stlarim bor, hazil aralash "Yaxshi film o‘zi ikki marta s‘yomka qilinadi" degan gaplarni aytishgan. "Andrey Tarkovskiyning "Stalker", "Zerkalo" filmlarida qancha epizodlari yo‘q bo‘lgan, lekin mana yaxshi filmlar bo‘lib tarixda qolgan" deb hazil qilishardi. Baribir, kuch to‘plab, noyabr oyida yana oldik, keyin hamma materiallar yaxshi chiqdi, montajdan xursand bo‘lganman.

Nazarimda "Parizod" filmi tasmali videokameraga suratga olingan va shu bois uning sifati boshqa zamonaviy o‘zbek kinolari sifatidan farq qiladi. Nega ushbu filmni suratga olishda raqamli videokameralar ishlatilmagan? Kinoning ma‘naviy sifati juda ham yuqori, ammo raqamli videokameralar ishlatilganida uning moddiy va texnik jihati ham undanda a‘lo bo‘lmasmidi?Rustam Nasimi, Tokio

Shahobiddinov: Hozirgi kunda haqiqatdan Red Star kabi videokameralar chiqib, plyonkaning darajasidan yuqori sifatni bera boshlagan. Shaxsan men uchun, plyonkaning rejissyor uchun tarbiyaviy tomoni bor. Balki aniq o‘xshatishmasdir bu. Qaysi ma‘noda? O‘sha plyonkada juda kam dubl qilinadi, har bir sahna ikkita dubldan oshmaydi. Bu degani tasvirga olish jarayonida kuchli kontsentratsiya kerak bo‘ladi. Bu rejissyorni tarbiyalaydi. Shu narsaga o‘rganganman men. Ko‘proq repetitsiya qilib, ko‘proq o‘ylab, virtual darajada butkul filmni tasavvur qilib, keyin s‘yomka qilishga o‘rganganman. Raqamli videoda ko‘p dubllar qilinadi, tayyor bo‘lmagan narsani ham s‘yomka davomida yaxshilash mumkin, to‘g‘ri, buni tushunaman. Lekin, avvalgi filmlarimni ham plyonkaga olganimda ancha ixcham, lo‘nda, eng kerakli narsalar tasvirga olingan. Shu tomonlama menga plyonka yoqadi. Lekin, bu savol nima uchun paydo bo‘lganini bilaman. Biz ishlatayotgan plyonkaning sifati baribir yomonroq, chunki kinoteatr va televideniyega uzatilayotganda otsifrovka degan jarayonda bir muncha sifati yomonlashib qoladi. Lekin aslida, "Parizod"da ham, boshqa filmlarimda ham, etalon kopiya, ya‘ni arxivda turadigan nusxaning sifati juda yaxshi. Videodan ham yaxshi tomonlari bor. Bir necha festivallarda ham aynan kinotasmada qo‘yilganida eng yaxshi ekran deb tan olingandi. O‘zim ko‘rib qoniqqanman bu tasvirdan, epizodlardagi muhitdan. Chunki, baribir, plyonkaning o‘ziga yarasha kuchi bor. U qandaydir mayda elektron nuqtalardan iborat emas, u hayotga ancha yaqinroq texnik vosita deb o‘ylayman.

BBC: Kinotasmadan foydalanishingizda nostalgiya tuyg‘usi qanchalar ko‘p rol o‘ynaydi? Sovet davrida kinotasmaga olingan ba‘zi ajoyib eski filmlarga nisbatan sog‘inish hissi tufayli ham balki tasmaga ko‘proq ko‘ngil qo‘ygansiz?

Shahobiddinov: Bor, albatta, nostalgiya. Bu qanday kinolarga qiziqishingizga bog‘liq. Masalan ekshn toifasidagi film olinadigan bo‘lsa, raqamli video juda foydali, chunki u har bir effektlarni yaratish va har bir detallarni ishlab chiqishda qo‘l keladi. Lekin, hayotiy, ma‘noli filmlar ko‘raman desangiz, baribir, kinotasma birinchi o‘rinda turadi. O‘ziga yarasha muhiti bor. Tavsir boshqacharoq nafas oladi. Bu yaxshi, sifatlar ekranlarga ham bog‘liq. Nostalgiyaga kelsak, Eron rejissyori Abbos Kiarostamining filmlarida ham hech qanday dinamika yo‘qdek tuyuladi, ular uzun-uzun kadrlardan iborat. Lekin, ularni o‘ta kuchli diqqat bilan tomosha qilasiz, chunki qandaydir boshqacha muhiti bor. Ana shular borasidagi nostalgiya kinoni hali ham tasmaga olish kerak degan fikrni ushlab turadi, menimcha.

Ayub aka, avvalambor ijodingizga omad tilayman. "Parizod"ni ko‘rdim, gap yo‘q, aka. Bir tarixiy mavzuda ham kino suratga oling endi, bu koreyslar jonga tegdi.Samandar Tog‘ayev, Urgut

Shahobiddinov: Tarixiy film olishga, albatta, ishtiyoqim bor. Menimcha, tarixiy film olish uchun muallif, rejissyor tayyor bo‘lishi kerak. Ko‘pchilik yuzaki aytishadi, masalan, Amir Temur, yo To‘maris, yo Shiroq haqida boshqacha film olmoqchiman deb. Albatta, bu yaxshi. Lekin, mening tushunishimcha, tarixiy film chiqqandan keyin u tarix bo‘yicha bir hujjatga aylanadi. Filmingiz tarixiy hujjat sifatida, aniq fakt deb qabul qilina boshlaydi. Shuning uchun rejissyor juda ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Amir Temur haqida, uning hayoti haqida ko‘p o‘qiganman, uning tushlari, tushlaridagi ilohiy jihatlar haqida ko‘p o‘qiganman. Shu mavzu meni qiziqtiradi. U juda bir katta imperiyani boshqargan, harbiy strategiyalar ishlab chiqqan, lekin boshqa tomondan olib qarasangiz, u ham baribir inson. Uning ana shu insoniy tomonlarini ochib berish haqida ko‘p o‘ylaganman. Lekin, birdaniga chiqib, Amir Temur haqida ekshn kino olaman deganlarga ijobiy qaramayman. Chunki bunday buyuk shaxslardan kinodagi shon-shuhrat yo‘lida foydalanmaslik kerak deb o‘ylayman.

BBC: Tarixiy filmlar juda ko‘p izlanish va tadqiqotni talab qiladi, shunday emasmi?

Shahobiddinov: Albatta. Yaxshi maslahatchilar, albatta, bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Shu filmni oladigan odam boshqa hech narsa haqida o‘ylamasligi kerak, faqat o‘y-fikrida shu bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Rejissyorda kuchli intuitsiya ham bo‘lishi kerak. Masalan, arxeologiya bilan shug‘ullanuvchi odamlar faqat topilgan atiqalar orqali butun bir tarixni bizga tasvirlab berisholmaydi. Ularga, qaysidir ma‘noda, intuitsiyasi ham yordam beradi, o‘sha epoxa, o‘sha davr qanday bo‘lganini tasavvur qilishi uchun. Bitta fundament, yoki naqsh orqali to‘liq manzarani chizib bo‘lmaydi. Odam shuni miyasida rivojlantirishi kerak, va ichki dunyosida ham shu narsani ko‘ra olish qobiliyati bo‘lishi kerak.

E‘tibor bo‘lgan bo‘lsangiz, hozirda, umuman olganda, o‘zbek kinolarida ovoz sifati va uni qayta yozish mahorati ancha-muncha pasaygan. Aytmoqchimanki, ovoz sinxronligi mukammal emas. Bunga nisbatan sizning munosabatingiz qanday?Rustam Nasimi, Tokio

Shahobiddinov: Bunga men 90 foiz qo‘shilaman, chunki avvalgi O‘zbekfilm studiyasidagi ovoz yozish jarayonidan tezlashib ketgan ish jarayonlarimiz. 10 foiziga kelsam, men o‘zim to‘qnash kelgan holatni misol keltiraman. Odatda ovoz yozish jarayoni a‘lo darajada bajariladi, lekin keyinchalik otsifrovka degan jarayondan o‘tib DVD va internetga qo‘yilganda, nima uchundir sinxronlik o‘zgarib, biz yozgan ovoz buziladi. Buning texnik tomonlarini men uncha yaxshi tushunmayman, lekin ko‘pincha o‘zimizda turgan etalon kopiyani ko‘rsatadigan bo‘lsak kimgadir, imkoni boricha puxta qilganimiz ko‘rinadi. Umuman, ovoz yozish jarayonini rivojlantirish uchun texnikani kuchaytirish kerak va s‘yomka davridagi talabni kuchaytirishimiz kerak. Chunki, haqiqatdan ham, ovoz masalasiga bizda eng oxirgi plandagi masala deb qaraladi. Birinchi planda aktyorlar, dramaturgiya, syujet, montaj tursa, ovoz uchinchi yo to‘rtinchi pog‘onadagi masala deb qaraladi. Uni ko‘tarish kerak. Hozir butun dunyoda jonli ovoz yozilayapti. Sababi, aktyor jonli ravishda aytgan so‘zlarini mikrofon qarshisida qaytarishida kamida 25 foiz emotsiyasini yo‘qotadi deb o‘ylayman. Buning hammasi byudjetga borib taqaladi. Chunki s‘yomka masalan 30 kun bo‘ladigan bo‘lsa, jonli ovoz uchun yana 10-15 kun ortiqcha vaqt olish kerak bo‘ladi. Dubllar ham ko‘payadi, chunki ovoz rejissyori ham rejissyor bilan bir darajada istagan vaqti s‘yomkani to‘xtatadigan odamga aylanadi. Bu ancha vaqtni oladi. Lekin, o‘ylaymanki, yaqin 2-3 yil ichida shu sistemaga o‘tiladi.

Ayubjon, siz olgan poetik kinolarni zo‘r deb maqtashdi. Zo‘r bo‘lsa nega Oskar, Oltin palma, ëki Kumush ayiq olmadi? Siz poetik filtr orqali go‘zal qilib tasvirlagan kinopavilion narisidagi haëtni kim tasvirlaydi? Zulm, haqsizlik, yaltoqilik qilish kabi chiroysiz manzarani kim suratga oladi?Polvon Jummi

Shahobiddinov: Bu yerda 2-3ta savol bo‘libdi. Birinchidan, Oskar mukofotiga kelsak, Martin Skorseze uslubidagi filmlar yoki Jeyms Kameronning "Titanik" kabi filmlari ham, bunday olib qarasangiz, emotsiyaga qurilgan. Bu Gollivud filmlarini yoqtiradigan tomoshabinga mo‘ljallangan filmlar. U umuman boshqa narsa. U yaxshi film bo‘lishi mumkin, lekin ko‘rganingizda, bilib turasizki, bu attraktsion. Har sekundda bilib turasizki, ular tomoshabinning e‘tiborini jalb qilish uchun mahorat bilan ishlatilgan bir janr uslublari. Birorta filmimni ular bilan solishtirish qiyin. Oskarning o‘z talablari bor. Endi, ikkinchi savolga kelsak, Kann yo Berlin festivallarida mening filmim bo‘lishi mumkin. U festivallarga filmimiz qo‘yilishi uchun, birinchidan, film jahon premerasidan o‘tmagan bo‘lishi kerak. Juda kuchli prodyuserlar bo‘lishi kerakki, ular elektron pochta orqalimi, yoki qo‘ng‘iroq qilish orqali "Mana shunday syujetda film tayyorlayapmiz, yaxshi film bo‘lishi mumkin", deb doimiy tarzda festivallarni ogohlantirib turishi kerak. Undan tashqari, bu festivallarga kirish uchun qandaydir miqdorda pul to‘lanadi, hatto filmni avvaldan ko‘rib chiqish uchun ham. Film jo‘natilganidan keyin uning o‘tish yo o‘tmasligini hech bilmaydi, lekin jarayon shunday olib boriladi. Bizda esa ko‘pincha eng yaqin bo‘lgan qardosh respublikalardagi festivallarga jo‘natiladi, lekin u yerda yaxshi obro‘ qozongani bilan, bu film premerasi o‘tib bo‘lgan film hisoblanadi va "A" kategoriyasidagi festivallarga o‘tmaydi. Hozir shu narsa ham ko‘rib chiqilayapti, 2013-2014 yillarda filmlarimizni yanada yuqoriroq darajadagi festivallarga berish harakat qilinadi. Buning uchun filmingiz tayyor bo‘lganidan keyin ham bir yilgacha kutishingizga to‘g‘ri keladi, chunki festivallar bir yilda bir marta bo‘ladi, undan o‘tmasligingiz mumkin. Yanada obro‘liroq festival yana yarim yilga cho‘zishi mumkin. Shuning uchun, ko‘pincha, juda yuqoriga sakramasdan, balki kichkina hato qilarmiz MDH davlatlariga berib. Shu bilan ozgina chegaralanib qolamiz. Uchinchi savolga keladigan bo‘lsam, poetik janr ham o‘ziga yarasha jiddiy muammolarni ko‘taradi deb o‘ylayman. "Parizod" filmida ham insonning pariga bo‘lgan munosabati namoyish qilingan. Uni naturalizm janrida olgim kelmadi, chunki bu badiiy kino, hujjatli film emas. Yana bir narsani aytmoqchiman, hamma filmlarim ham poetik janrda emas. Men faqat bitta film olmaganman-ku. Masalan, "O‘tov"da poetika yo‘q. U bir drama, "Kechikkan hayot" - psixologik drama. Shuning uchun, yaxshilab filmlarimni ko‘rib, shu savolni bersalar, yaxshi bo‘lardi.

Nega sizning "Kaleydaskop" kabi shirin kinolaringizda ironiya yo‘q? Bu kompotga o‘hshash chuchmallik siz kabi zukko kinochiga yarashadimi?Polvon Jummi

Shahobiddinov: Savollarini uncha tushunmadim. Bu filmni kinotanqidchilar ko‘rganda, teskarisini aytishadi. "Unda kuldirish uchun ochiq-oydin usullar ishlatilmaydi, lekin o‘ziga yarasha nozik bir yumori bor filmingizda" deb aytishadi. Lekin, bir odamning fikri bilan hozir butun filmografiyamni analiz qilib berolmayman. O‘zim eshitgan gaplarda, filmimda nozik ironiya borligi aytiladi. Masalan, "Kechikkan hayot" filmimda Gamlet degan bosh qahramon, qishloqlik o‘jar odam bankovskiy uyga kalishda kirib ketadi, kadr turaveradi. Shuni ko‘rib ko‘plar kuladi, lekin men hech kimni kuldirmayapman. U yerda juda dramatik joylari ko‘p, redaktor juda jizg‘inak holatlarni boshidan kechiradi, lekin dramatik joylarida ham tomoshabinlar kulishadi. Kinoni men shunday tasavvur qilaman, ya‘ni u jiddiy bo‘lishi mumkin, lekin o‘ziga yarasha yumori ham bor. Ironiya ham bor.

Ayub aka, aytingchi ikkita musiqiy klip suratga olib qo‘yib "men professional rejissyorman" deb yurgan yosh rejisserlarga "o‘pkasini bosib olish" uchun qanday yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilishi kerak. Ochig‘i, bunday "rejissyor"lar borgan sari san‘atni qo‘pol qilib aytganda "otxona"ga aylantirib yuborishmayaptimi?Xojiaxmad, Toshkent

Shahobiddinov: Savollari juda o‘rinli, lekin shu rejissyorlar ham nimagadir intiladi. Ularni alohida ko‘rib chiqish kerak. Chunki ba‘zi kliplar yaxshi olinadi, masalan, o‘zim yoqtirgan bir-ikki klipmeyker bolalar bor, kuzatib turaman. Fantaziyasini ishlatishadi. Klip janri uchun juda yaxshi ishlashadi. Lekin, kinoga o‘tish haqiqatdan juda murakkab narsa. Kino hayotiy tajriba, o‘ziga yarasha ichki bosiqlik, mulohazani talab qiladi. Chunki film davomida rejissyor tomoshabin bilan suhbatga kiradi. Bu rejissyorning katta hayotiy bagaji bo‘lishi kerak. Dunyoqarashingiz yillar davomida o‘zgarib boradi, lekin "men hammasini bilaman, hamma narsa qo‘limdan keladi" deb film qilsangiz, shu film orqali va o‘z dunyoqarashingiz bilan millionlab odamlarning miyasini zaharlab qo‘yishingiz mumkin. Men Oliy kursda Sergey Salazevning qo‘lida o‘qiganman, shunda men bilan birga o‘qigan yigitni, pul to‘lab o‘qigan bo‘lsada, domlamiz haydab yuborgan. Domlamiz "agar sen shu yoshda shunday dunyoqarashga ega bo‘lsang, men seni to‘g‘irlay olmayman, men seni o‘qita olmayman, uzr" degan. Va u yigit o‘qishni tashlashiga to‘g‘ri kelgan. Sababi u juda ko‘p klisherlardan foydalangan, tomoshabinni shokka tushirish bilan filmni kuchaytirishga harakat qilgan. Unda kinoga taalluqli badiiylik, mukammallik yo‘q edi. Lekin, tomoshabinni shokka solish salohiyati bor edi. Mana shunday jihatlarga urg‘u beradigan odamlar rejissyor bo‘lishga noloyiq deb o‘ylayman. Yana boshqa turi bor, juda saviyasi past bo‘ladi, lekin "tomoshabin ko‘rayaptiyu" deyishlari bilan katta yulduz rejissyorga aylanib ketadigan odamlar rejissyor nomiga noloyiq deb o‘ylayman.