Toshkent aeroporti: Super ziyrak bojxonachilar va hijob haqidagi nasihatlar

Image caption Toshkent aeroporti

Mustaqillikka rahmat!

Qarang, bir emas, oltita nazorat o‘tish nuqtasi!

Toshkent xalqaro aeroportida uchoqqa chiqish uchun mana shuncha nazorat nuqtasidan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi. Qirg‘izistonda amerikaliklarning "Manas" harbiy bazasiga kirish uchun atigi bitta nazorat o‘tish nuqtasi, urushlar girdobida qolgan Kobuldagi aeroportga kirish uchun esa 4 nazorat nuqtasidan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi.

"Axborot" tili bilan aytganda mustaqil O‘zbekiston xavfsizlik jabhasida ham hech kimdan kam emasligini ko‘rsatmoqda va kerak bo‘lsa bu borada hammadan ilg‘or.

Toshkent xalqaro aeportining avto turar joyiga kirishdan oldin mashinangiz bagajini ochib ko‘rsatasiz va temir panjara bilan o‘ralgan joyga borib to‘xtaysiz.

Aeroport binosiga 70 metr qoladi. Bir vaqtlar mijozlarini binoning ikkinchi qavatiga olib chiqib qo‘ygan moshina mana shu yerda taqa taq to‘xtaydi. Undan u yog‘iga o‘zingizning ham o‘tishingiz qattiq nazorat ostida.

- Reysingizning uchishiga hali 6 soat bor ekan. Registratsiya boshlangan vaqti o‘tkazamiz, - deydi chiptalarni tekshirayotgan militsiya xodimi.

Bu yerda sizning olis viloyatdan charchab kelganingiz va tashqarida havoning issiq yoki sovuqligi hech kimni qiziqtirmaydi. Ayni tartib emizikli ayollardan tortib munkillab qolgan cholu kampirlargacha bir hil.

Kunning tig‘idan jon saqlash uchun atrofga boqasiz. Panjaraning oldidan qurilgan bostirma tagida turib bo‘lmaydi... Jazirama!

Ko‘chmanchi lo‘lilar singari ashqol dashqolimiz solingan sumkalarni sudrab chekkada turgan daraxt soyasiga o‘zimizni uramiz. Atrofga qarasangiz sizga o‘xshab daraxt soyasini vaqtincha qarorgoh qilgan "ko‘chmanchilar" ko‘p ekanligiga ko‘zingiz tushadi.

Dunyo aeroportlarida biror portlash yoki hodisa bo‘lsa uning zarbi albatta o‘zbek aeroport va vokzallarida bilinadi. Rahbarlar xavfsizlikni o‘ylab mijozlarni butkul unutishadi.

Shu odamlar ham falon pulga chipta sotib olgan, insonga o‘xshab xizmat ko‘rsatilishga va qulaylikka haqli deb o‘ylaydigan amaldorni topolmaysiz. Mijozlarning o‘zi bu borada biror talabni ilgari surmaganidan keyin, o‘ylab nima ham qilishardi...

Biz mijozlarning shiori - qiyinchilik vaqtincha, muhimi eson omon uchib olish. Keyin munosabat ham shu shiorga yarasha bo‘ladi-da.

Har narsaning qadriga yetish kerak... navbat bilan!

Image copyright gazeta.uz
Image caption Jazirama

Ro‘yxatdan o‘tish vaqti yaqinlashib qoldi, tapur-tupur qilib yetishishimiz mushkul bo‘lgan aeroport binosiga chopamiz.

Konditsionerlar butun binoni muzday qilib turibdi. Biz esa hozir muhim bo‘lgan hojatxona tomonga qarab yuguramiz. Qanday mazza, qanday baxt!

Qo‘lni yuvgandan keyin quritish vositalari qolmay qolgan bo‘lsa ham shinam va salqin joy.

Mana shunday payti aeroportning qadriga yetasan. Shunday binoning borligi uchun mustaqilligimizga rahmat aytvorasan. Agar 3 soat oldin ko‘chada issiqdan qiynalmasdan kirib olganimizdami, bunchalik qadrlamasdik...

Bizda hamma narsa inson va uning baxtiyor bo‘lishi uchun... Odamlar o‘tayotgan kunimizni, mustaqilligimizni qadrlasin, asrab avaylasin deb, deyarli hamma joyda navbat va kuttirish choralari ko‘rib qo‘yilgan.

Mashina olmoqchimisan, marhamat navbatda tur, kut, to‘daning oyoqlari ostida qol, qiynal! Ana keyin mashinaning qadriga ko‘proq yetasan.

OVIR deganlaridan boshqa mamlakatlarda misli ko‘rilmagan mamlakatdan CHIQISH UCHUN VIZA olmoqchimisan, navbatda tur, san qatori turganlar bilan janjallash, pora ber... Pasport, mahalladan spravka, maosh va hatto do‘kondan imtiyozli narxlarda yog‘, un olish uchun ham mana shunday navbatlar tashkil qilinganki, uning hikmati ko‘p.

Chalg‘imasdan aeroportning go‘zalligidan bahra olamiz. Televizorda Rossiya kanallari ko‘rsatib turibdi. O‘sha payti futbol bo‘yicha O‘zbekiston termasi o‘ynayotgan edi.

Aeroport xodimlariga vatanparvarligimni ko‘rsatib qo‘yish uchun binodagi barcha televizorlarning kanalini o‘zimizning Sport kanaliga to‘g‘rilab qo‘yishni so‘ray boshladim.

Ne tongki, bizning xalqaro aeroportda faqat xalqaro kanallar ko‘rsatar ekan. Milliy kanallar yo‘qmish. "Biz ham jon jon deb ko‘rardik, ammo afsuski "Sport" ko‘rsatmaydi", - deydi aeroport xodimi.

Men "Sport" kanali faqat bizning qishloqda ko‘rsatmaydi deb yurardim, u aeroportda ham ko‘rsatmas ekan...

Qarasam bittasi zir yugurib yuribdi. Samolyoti uchib ketib qolibdi, endi ertaga ucharkan. Qo‘lida sumkalari ko‘pligidan tashlab ketish uchun saqlash kameralarini izlayotgan ekan.

Ma‘lum bo‘lishicha eng yopiq va hammadan shubhalanuvchi Sobiq Ittifoqi davrida bo‘lgan saqlash kameralari mustaqilligimiz davriga kelib tag-tugi bilan yo‘qotilibdi.

Buni ham xafvsizlik bilan izohlashdi.

To‘g‘rida, bad niyatli kishi bombani sumkaga solib uchta nazorat nuqtasidan, barcha apparatlardan o‘tib ketsa... Keyin uni saqlash kamerasiga solib o‘zi qochib qolsa. Har narsa bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun boyagi amakiga o‘xshab kechikkan odamlar sumkasini o‘zi bilan orqalab yursin. O‘zi aybdor kim unga kechiksin debdi. Yana yosh bolalarini ham sudrab olgan...

Namozni masjidda o‘qiysiz!

Image copyright BBCUZBEK.COM
Image caption Mustaqillikka rahmat!

Faqat bir narsaga hech aqlim yetmadi. Xavfsizlikni o‘ylagan shovvozlar tuzukkina amal qilib turgan nomozxonani ham yopib tashlashibdi.

To‘g‘ri tushunaman, biz dunyoviy davlatmiz. Fuqarolarimizga aeroportda namoz o‘qish shart emas. Uyda ham o‘qib olaveradi. Ammo oqimi kundan kunga oshayotgan turistlarimiz, "Peshinni Londonda o‘qigandim, shomni Toshkent aeroportida o‘qib olay", - desa nima deb javob beramiz.

"Biz dunyoviy davlatmiz. Balog‘at yoshiga yetgan bo‘lsangiz namozni faqat masjid va uyda o‘qishingiz mumkin", - desak kerak-da!

Xavfsizlikni o‘ylab nafaqat aeroportda, balki butun O‘zbekistonda soqolli erkaklarni quritdik, yoki soqollarini tagi bilan oldirdik. Endi navbat o‘ranib qolgan ayollarga.

Toshkent xalqaro aeroportida o‘ranib olgan har bir ayol bojxonachilarning maxsus xonasiga olib kiriladi. U yerda ularni tekshirish bilan borabar hijobni yechish borasida tushuntirish ishlari olib boriladi. Yumshoqqina qilib bosim o‘tkiziladi, deyish mumkin.

"Bojxonachilarning xonasiga olib kirib sochlarimning orasigacha tekshirishdi. Qancha dollar olib ketayapsan, deya so‘rashdi. Dollar emas, biroz so‘mim bor desam. So‘m qiziqtirmaydi, dollardan gapir dollardan, deyishdi. Keyin nima sababdan hijob o‘rab olganimni so‘roq qilib boshlashdi", - deydi yosh bolasini ko‘tarib olgan hijobli kelinchak.

Bojxonachi ayol unga hali yosh ekanligini. Ochilib sochilib yurish darkorligi va hijoblarni qariganda o‘rashga ulgurishini aytib nasihat qilgan. Borgan joyida hijobiga nisbatan ta‘qiblarga uchrashidan ogohlantirib "g‘amxo‘rlik" qilgan.

"Men ketayotgan davlatda hech kimning hijob bilan ishi yo‘q. Hijob borasidagi bosimlarga faqat O‘zbekistonda duch kelaman. Keyin bojxonachiga hijobimning qanday aloqasi borligi hech tushunmadim", - deydi kelinchak.

Men ham tushunmadim. Bojxona xonasida bir xorij fuqarosini olib kirib mening oldimda so‘roq qila boshlashdi.

Haligi ajnabiydan, O‘zbekistonda nima qilib yurgani, qayerga borgani, kimlar bilan uchrashganini hijjalab so‘rashdi.

Bu bojxona xizmatchsimi yoki bojxonachilarning kiyimini kiyib olgan milliy xavfsizlik, to‘g‘risi aqlim yetmadi.

Bojxonadan o‘tganingizdan keyin pasport nazorati keladi. Bu yerda muloyimlik bilan qayerga ketayotganingizni so‘rashadi. Ko‘p boshingizni qotirmasdan, pasportingizga O‘zbekiston chegarasidan chiqdi degan muhr bosishadi.

Ana undan keyin oltinchi bo‘lib uchoqqa chiqish oldidan yana bir nazorat o‘tish nuqtasi. Bu yerda ikkinchi marta sumkalaringizni nur orqali tekshiruvchi lentadan o‘tkazish kerak. Farqi endi oyoq kiyimlarni ham yechasiz.

Tekshiruvchilarga qolsa-ku, o‘zingizni ham yotqizib uzunasiga lentadan bir o‘tkazib olsa... Ammo baxtimizga hozircha bunday qilishmaydi.

Nazoratchi ayol qo‘l sumkangizni ikir chikirigacha yana bir bor ko‘radi. To‘g‘rida bunan oldingi nazorat nuqtasidan u bu narsa o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin-ku. Bu nuqtada ham o‘ziga yarasha savol javob kechadi.

Mana shundan keyin nihoyat kutish zaliga kirib olasiz. Yengil nafas olasiz. Hamma xursand, hamma shukr qilgan.

Ishontirib aytamanki, bunday chig‘iriqli nazoratdan keyin, dunyoning istalgan aeroportidagi qiyinchiliklar ko‘zingizga hech narsadek ko‘rinib qoladi. Axir siz o‘zbek aeroportida tekshirishlarda "suyagingizni qotirib" kelgansiz!

Ha, keling buning uchun esa mustaqilligimizga yana bir bor rahmat aytib qo‘yaylik!