Rossiya: markaziy osiyolik migrantlar diniy ekstremizmda gumon qilinmoqda

Image copyright AFP
Image caption Huquq faollariga ko‘ra, hibsga olishlar mehnat muhojirlariga qarshi kampaniyaning bir qismi bo‘lishi mumkin

Tyumen viloyat politsiyasi bir nechta Markaziy osiyolikni ekstremistik guruhlarga a‘zolikda gumon qilib, hibsga olgan.

Ushbu shaxslar politsiya tomonidan migrantlar orasida o‘tkazilgan tadbir davomida aniqlanganligi aytilmoqda.

Rossiyada Markaziy Osiyoliklarning ekstremistik guruhlarga aybdor deb ushlash hollari tez tez uchrab turadi.

Huquq himoyachilari bu kabi ayblovlar odatda dalil-isbotlarga asoslanmasligini aytishadi.

Ruxsat etilmagan namozxona

Tyumen politsiyasi 28 avgust kuni viloyatdagi ekstremizmning oldini olish maqsadida keng miqyosda reyd o‘tkazgan.

Asosan qurilish, sanoat, savdo va yashash joylarida o‘tkazilgan reyd davomida taxminan 700 nafar migrant tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Ichki ishlar vazirligi Tyumen viloyat boshqarmasi matubot xizmati keltirgan videotasvirlarda migrantlarning qo‘llarini orqaga ko‘tartirgan holda bir qatorga terayotgani aks etgan.

"Tyumen shahrida ushlangan xorijliklar orasida faoliyati Rossiya hududida ta‘qiqlangan va Oliy sud tomonidan terroristik deb tan olingan "Turkiston islomiy partiyasi"ning ikki nafar a‘zosi ham bor", - deyiladi matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan videoda.

Ushbu shaxslarning qaysi davlat fuqarolari ekanligi aytilmaydi.

Bundan tashqari ekstremistik deb topilgan "Tablig‘i jamoat" tashkilotining tojikistonlik a‘zosi ham ushlangani ta‘kidlanmoqda.

Radikal oqimga tegishli ekanligi aytilayotgan migrantlarning ishlash joyidan ro‘yxatga olinmagan ikkita namozxona va uning ichida Rossiya hududida ta‘qiqlangan diniy adabiyotlar topilgan.

Bedarak ketganlar

Moskvadan huquqbon Bahrom Hamroyev Rossiya hududida migrantlarni ekstremistik guruhlarda aybdor deb ushlash holati keng tarqalganini aytadi.

Huquqbonga ko‘ra, ularni to‘liq huquqiy jarayon orqali aniqlanadi deb bo‘lmaydi.

"Politsiya tomonidan bir nechta savollar beriladi. Ularning kiyingan kiyimlari yoki qo‘yib olgan soqollariga qarab ham taxminan aytaverishadi.

Lekin politsiya xodimlarini ularning qaysi oqimga aloqadorligi ko‘p ham qiziqtirmaydi", - deydi Bahrom Hamroyev.

Unga ko‘ra, politsiya rejani bajarish va migrantlarni yomonotliq qilish uchun ham ularni biror diniy oqimga tirkab qo‘yish hollari uchraydi.

Odatda bu kabi ayblovlar yuzasidan ochilgan jinoiy ishlarda umuman boshqa ayblovlar yangraydi.

Huquq himoyachisi o‘zbekistonlik migrantlarning Rossiya hududida bu kabi ayblovlar bilan ushlanishi va mana shu yerda sud qilinishi ularni o‘g‘irlash hollari bilan solishtirganda yengil qutilish ekanligini aytadi.

"Juda ham ko‘p odam yo‘qolgan, menda ro‘yxat paydo bo‘lgan. Surxondaryo, Qashqadaryo va Tojikistonning boshqa shaharlaridan juda ham ko‘p yigitlarni o‘g‘irlab ketishgan. So‘nggi bir oyning ichida 18 ta odam yo‘qolgan. O‘zbekistonga o‘g‘irlab ketishgan", - deydi Bahrom Hamroyev.

18 nafar odamning o‘g‘irlanishi faqat Hamroyev faoliyat yuritadigan "Memorial"ga aniq bo‘lgan holatlar.

Huquq himoyachilari ularga no‘malum qolayotgan o‘g‘irlik holatlari bundan bir necha marotaba ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytishadi.