O‘zbekistonda Rossiyaning yana bir telekanalini uzatish to‘xtatildi

Image copyright
Image caption "Domashniy" telekanali so‘nggi paytlarda Turkiyaning "Muhtasham asr" teleseriali namoyishi bilan ommalashgan

"Domashniy" telekanali Vazirlar Mahkamasi qoshidagi maxsus komissiya qarori bilan kabel televideniye tarmog‘idan olib tashlangani aytilmoqda.

Bu haqda xabar bergan O‘zbekistondagi internet nashrlarida rasmiylardan hech qanday izoh keltirilmaydi.

Ko‘ngilochar dastur va xorijiy teleseriallar bilan ommalashgan kanal avvalroq raqamli televideniye orqali uzatiladigan telekanallar ro‘yxatidan olib tashlangani xabar qilingandi.

"Domashniy" sohibi bo‘lgan Rossiyaning "CTC Media" guruhi O‘zbekiston hukumat komissiyasining qaroriga munosabat bildirmagan.

BBC bilan suhbatda "CTC Media" vakili Andrey Belov o‘zbek tomoni translyatsiyani to‘xtatganini tasdiqladi, ammo uning sabablari borasida sharh bermadi.

"Domashniy" telekanali dasturlari orasida so‘nggi paytlarda eng ko‘p ko‘rilgani Turkiyaning "Muhtasham asr" teleseriali bo‘lgani aytiladi.

Gulnora Karimovaning hamkori

Rossiyaning eng yirik televizion xoldinglaridan bo‘lgan "CTC Media" guruhi O‘zbekistondagi loyihasini 2007 yilda boshlagan edi.

Shirkat Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan "Terra" guruhi bilan birga "SofTC" qo‘shma korxonasini ta‘sis etgan.

"CTC Media"korxona hissasining 51 foiziga egalik qilgan.

2007 yilning aprelidan boshlab "SofTC" Toshkentning "30-kanal"i bilan imzolangan shartnoma asosida ko‘rsatuvlarni efirga uzatishni boshlagan.

Ammo 2010 yilga kelib, "CTC Media" O‘zbekistonning televizion bozori jozibali emasligi va daromad keltirmaganini aytib, Toshkentdagi qo‘shma korxonasi tugatilishini e‘lon qilgan.

Ammo kabel televideniyesi tarmog‘ida "Domashniy" telekanali qanday shartlar asosida saqlanib qolgani ma‘lum emas.

"Terra Group" O‘zbekistonning eng yirik media-xoldingi bo‘lib, uning tarkiibiga "Radio Terra" va "Zamin" radiostantsiyalari, "Markaz TV" telekanali, "PanTerra" reklama agantligi hamda "BellaTerra" va "BabyTerra" jurnallari kiradi.

O‘zbekistonda Rossiyaning aksariyat telekanallarini to‘g‘ridan - to‘g‘ri uzatish 1990-yillar o‘rtalaridayoq to‘xtatilgan, ammo keyinroq kabel televideniyelari videofilmlar namoyishidan Rossiya teleko‘rsatuvlarini namoyish qilishga o‘tgach DTV, TNT va Ren-TV kabi telekanallar kabel tarmoqlarida paydo bo‘lgan edi.

So‘nggi yillarda bu telekanallarning hammasi turli vajlar bilan yopilgan.

2012 yil boshida shuningdek, O‘zbekiston tekanallarida barcha turk seriallarining namoyishi to‘xtatib qo‘yilgan.

Kuzatuvchilar buni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashishi bilan izohlashgan.