O‘zbekistonlik go‘zallik tanlovining sirli g‘olibasi qanday g‘alaba qozongan?

Image caption Rahima G‘aniyevaning kimligi, konkurs uchun qaysi bellashuvdan tanlab olingani muhokama qilinmoqda

Indoneziyada o‘tadigan Jahon go‘zali-2013 konkursida o‘zbek qizi Rahima G‘aniyevaning qatnashayotgani haqida xabar O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilari orasida hamon muhokamada.

Jumladan, "Mezon.uz" sayti bu borada jurnalistik tadqiqot o‘tkazib, jahonga O‘zbekistonni taqdim etadigan Rahima G‘aniyeva kim o‘zi, qayerda yashaydi, nima ish qiladi?- degan savolni beradi.

Maqolada yozilishicha, muxbirlar jahon go‘zali bo‘lishga da‘vogar Rahima G‘aniyeva bilan bog‘lanishga urinolmaganlar.

"Biz u bilan dastlab Facebookda gaplashishga urindik, lekin hech qanday javob ololmadik. Keyin biz Toshkentdagi barcha Model agentliklariga qo‘ng‘iroq qilib chiqdik. Shunisi, ajablanarliki, ulardan hech biri nafaqat Rahima G‘aniyevani balki Jahon go‘zali-2013 konkursi o‘tayotganini ham bilmadi".

"Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin? Jahon go‘zali sifatida o‘z mamlakatini dunyoga ko‘rsatadigan nomzod qanday, qaysi bellashuvda tanlab olingan?" deydi Mezon.uz.

Qiziquvchan muxbirlar shundan so‘ng Rahima G‘aniyeva o‘zini "Jahon iqtisodi va diplomatiya universiteti talabasi" deya tanishtirgan videolavhasiga binoan, ushbu o‘quv yurti dekaniga murojaat qilishadi.

Dekanning so‘zlariga ko‘ra, Rahima G‘aniyeva o‘qishga endi kirmagan bo‘lsa, u haqda oldin eshitmagan.

Youtubega joylashtirilgan videolavha 15 avgust sanasini ko‘rsatadi. Unda Rahima G‘aniyeva o‘zining bu yil universitetga kirgani va qiziqishlari haqida gapirib, O‘zbekiston nomidan go‘zallik konkursida qatnashayotganidan baxtiyorligini aytadi.

"Qanday qilib test natijalari 16 avgustda e‘lon qilingan bo‘lsa, Rahima o‘zining talaba bo‘lganini oldindan bila qoldi?", - deydi muxbir yana.

Internet foydalanuvchilar ham O‘zbekiston go‘zalining kelib chiqishiga qiziqib ko‘radilar.

O‘z navbatida prezident Karimovning qizi Gulnora Karimova Twitterda bu haqda fikr bildirmay o‘tmaydi.

Uning "Qanday qilib 50 darajali issiqda milliy konkurs bo‘lib o‘tishi mumkin va Angliya yoki boringki Rossiya uchun "mahalliy"bo‘lgan tojik qiyofalik qiz paydo bo‘lib qolgani qiziq?"- degan istehzosiga boshqalar ham fikr bildirishadi.

Farida ismli foydalanuvchi "Balki u qirg‘izistonlik o‘zbekdir?", deb savol tashlaydi.

Ba‘zi internet foydalanuvchilar Rahima G‘aniyevaning go‘zalligini shubha ostiga olishadi.

Nodira: "Men albatta go‘zallikka baho beradigan professional emasmanu, lekin bizda bu konkursda qatnashishga arziydigan juda go‘zal qizlar bor. Jurnalistlar yaxshilab tekshirib, bu voqeaning tagiga yetsalar zo‘r bo‘lardi. Ko‘rinmas konkursning "tashkilotchilari"fosh qilinsa, keyingi safar bu komediya o‘ynalmasdi".

Dilyaning: "Albatta qiz xushbichim, lekin go‘zal deganda menda boshqacha tasavvurlar bor", degan fikriga

Fayzulla: "Boshqa tomondan hamma o‘zbek qizlar ham konkurs shartlariga ko‘nmasliklari mumkin", deya javob qaytaradi.

"Johndoe": "Keyingi paytlarda Rossiya kanallarida go‘zallik tanlovlariga borish pulga sotilishini ko‘rsatishyapti. Bu yerda ham shunday bo‘lgan bo‘lishi mumkin..."

Oldinroq go‘zallik konkurslari qizg‘in muhokama qilingan, ba‘zi foydalanuvchilar uni "aksil islomiy" deb ta‘riflagan edi.

"O‘zbekistonda faqat bitta "Malika"bor emasmi? Yoki Gulnora (Karimova) chiqindi quttiga tashlandimi allaqachon? Lekin men Rahima G‘aniyeva uchun! Omadlar yangi malikaga!" deb yozadi Alik.

"Qanday? Tashkilotchilar qayerga qarashyapti? Bu Gulnora Karimova boshqalardan chiroyliroq emasligiga imo qilishmi?"- deydi "6km".

"Java" tilak bildiradi: "To‘g‘ri keladi, kelmaydi, qo‘yinglar, O‘zbekistonni namoyon qilayotgan ekan uni quvvatlaylik. Balki uning dastlabki qadami omadli kelar!"

Yana birining gapi: "Bolalar, u vatanga xizmat qiladi, shunday emasmi? U orqali dunyo bizni biladi. Nimaga ba‘zilar o‘z yurtdoshining yutug‘idan bunchalik hasad qilishadiya?"