Avstraliya askarlari Afg‘onistonda isyonchi jasadini kesganlari ayblovlari yuzasidan tekshiruv

Image copyright BBC World Service

Avstraliya matbuoti xabarlariga ko‘ra, askarlar Afg‘onistonda o‘ldirilgan isyonchi qo‘lini kesib olganliklari borasidagi ayblovlar yuzasidan tekshiruv boshlangan.

ABC agentligining ma‘lum qilishicha, maxsus kuchlar askarlari 28 aprel kuni Zabul viloyatida o‘ldirilgan isyonchining qo‘llarini kesib olganlar.

Avstraliya Qurolli Kuchlari rasmiylari ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazayotganliklarini aytganlar.

Xodisa haqida boshqa tafsilotlar ma‘lum emas.

Avstarliya Mudofaa Vazirligi bayonotida aytilishicha, O‘ruzgon viloyatida Avstraliya Maxsus Kuchlari Afg‘on Milliy Xavfsizlik kuchlari bilan birgalikda mintaqada faoliyat yuritayotgan isyonchi qo‘mondonga qarshi amaliyot o‘tkazganlar.

Bayonotda aytilishicha, amaliyot mobaynida 4 nafar isyonchi o‘ldirilgan.

"Ushbu amaliyotdan keyin yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik borasida ichki tekshiruv olib borilmoqda".

Avstraliya Qurolli kuchlari rahbari, general Devid Harli 8 mayda bayonot chiqarib, qonunbuzarlik borasida tekshiruv olib borilayotganligini ma‘lum qilgandi.

ABCning xabar berishicha, tushunilishicha o‘shanda general Harli kamida bir isyonchi jasadining qo‘llari kesib olinganligi hodisasiga ishora qilgan.

Agentlikning ilova qilishicha, kesib olingan qo‘llar Tarin Kotdagi bazaga, shaxsini aniqlash uchun olib kelingan.

Avstraliya Mudofaa Vazirligi tekshiruv jarayoni davom etayotganligi uchun bu borada qo‘shimcha ma‘lumot bera olmasligini bildirgan.

"Vazirlik Afg‘onistondagi amaliyot davrida mamlakat urflarini buzmaslik yo-da diniy va boshqa an‘analarga qarshi amal qilmaslik yo‘lida hamma choralarni amalga oshirib keladi", deyiladi bayonotda.

Avstarliya qo‘shinlari Tarin Kotda 2005 yildan beri bazaga egalar.

Hozirda Afg‘onistonda 1 500 nafar avstraliyalik askar borligi taxmin qilinadi. Ulardan aksari O‘ruzgon viloyatida, yana bir qanchasi Qandohor va Kobul viloyatlarida joylashtirilgan.