Fransa Suriyaga qarshi ehtimoliy hujumda Amerikani qo‘llamoqda

  • 30 Avgust 2013

Fransa prezidenti Fransua Ollandning aytishicha, Britaniya parlamenti Suriyaga qarshi harbiy aralashuvga qarshi ovoz berishiga qaramay mojaroni yechish uchun qat‘iy amal qilinishi tarafdoridir.

Janob Ollandning aytishicha, hozirda hamma yo‘llar ko‘rib chiqilmoqda va bir necha kun ichida havo hujumlari ehtimoli ham yo‘q emas.

Avvalroq AQSh Mudofaa vaziri Chak Heygel ehtimoliy harbiy hujum uchun ittifoqchilarni izlashda davom etayotganliklarini bildirgandi.

Ayni vaqtda Olmoniya harbiy amaliyotlarda ishtirok etmasligini ma‘lum qilgan.

Hozirda Suriyada bo‘lgan BMT qurol nazoratchilari hali biron xulosaga kelmaganliklari aytilmoqda.

Bugun kun davomida ular ikki marotaba o‘zlari turgan mehmonxonadan mashinalar karvonida chiqishgan va ikkala maroatba ham mehmonxonaga qaytib kirishgan.

Taxmin qilinishicha, ular Damashq yaqinidagi isyonchilar nazorati ostida bo‘lgan mintaqalarga tekshirish uchun bormoqchi bo‘lishgan, lekin o‘sha tomonlarda kun bo‘yi raketa otishmalari davom etgan.

Keyinchalik ular kimyoviy hujum qurbonlari keltirilganligi aytilgan kasalxonaga borganlar.

Nazoratchilar juma kuni kechga yaqin o‘z faoliyatlarini tugatib, shanba kuni xulosalarini BMT Bosh Kotibi Pan Ki Munga taqdim etishlari kutilmoqda.

Rossiya Britaniya parlamentining harbiy aralashuvga qarshi ovoz berganligini olqishlagan.

Xitoy Tashqi Ishlar vaziri BMT qurol nazoratchilari o‘z xulosalarini e‘lon qilmagunlariga qadar biron chora ko‘rishga shoshilmasliklarini bildirgan.

Suriya hukumati o‘tgan hafta kimyoviy qurol ishlatganligini rad etib kelmoqda.

"Fransa hujumga tayyor"

Le Monde ro‘znomasiga bergan intervyusida prezident Olland Britaniya parlamentining qarori uning Suriyaga nisbatan mavqeiga ta‘sir qilmaganligini aytdi.

"Har bir mustaqil mamlakat amaliyotlarda ishtirok etish yo-da etmaslik huquqiga ega. Bu narsa ham Fransa va ham Britaniyaga taaluqli".

Janob Ollandning aytishicha, BMT Xavfsizlik Kengashi biron amal qila olmaydi, chunki Kengashning ikki a‘zosi, Rossiya va Xitoy bu amallarga qarshidir.

"Lekin kerakli choralarni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘lgan qator davlatlar bor. Fransa ana shu davlatlar qatoridadir. Fransa tayyor", deb aytdi prezident Olland.

Uning ilova qilishicha, hozirda aralashuvning turli yo‘llari ko‘rib chiqilmoqda va biron qaror yetarlicha asossiz qabul qilinmaydi.

Ayni vaqtda Vashingtonda gapirgan Davlat Kotibi Jon Kerri AQSh o‘zgalarning tashqi siyosatiga bog‘lanib qolmaganligini aytdi.

O‘tmishdagi harbiy aralashuvlar

Iroq, 1991 yil: AQSh boshchiligidagi xalqaro ittifoqchi kuchlar BMT Xavfsizlik Kengashining mandati bilan Quvaytdan Iroq kuchlarini siqib chiqarishda ishtirok etganlar.

Bolqon, 1990 yil: BMT embargosiga qaramay AQSh serblarga qarshi kuchlarga qurol-yarog‘ yetkazib bergan. Keyinchalik AQSh yetakchiligida serblar strategik nishonlari havodan hujumga tutilgan.

Somali, 1992-93 yillar: BMT insonparvarlik nuqtai nazaridan xalqaro kuchlar aralashuviga ruhsat bergan. AQSh harbiylari aralashuvi fojeali muvaffaqiyatsizlikka uchrab, mamlakatni tashlab chiqishga majbur bo‘ldilar.

Liviya, 2011 yil: Fransa va Britaniya hujumlarni boshlash uchun BMTdan mandat so‘raganlar. Havo hujumlari Qaddofi qudartdan ag‘darilganga qadar davom etdi.