Holland sayyohlari: "O‘zbekistonliklar do‘stsevar xalq, Toshkent esa bo‘m-bo‘sh, ko‘lka shahar ekan..."

Image copyright bbc
Image caption Syord Klumpenar va Lindsey Kort

Syord Klumpenar (Sjoerd Klumpenaar) 23 yoshda, u 2011 yilda Amsterdam universitetida jurnalizm sohasida saboq chiqardi. Asosan multimediya jurnalisti o‘laroq xalqaro voqealar, tarix va siyosatga qiziqadi. Syord Daniya, Gana, Belgiya va Qatarda bo‘lib qator maqolalar yozgan. Niderlandiya radio-televizion shirkatining Nyu-Yorkdagi byurosida kasb amaliyotini o‘tagan. Shu yil yozida Menjatj loyihasi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlariga safar qilgan. Ayni loyiha Sho‘ro davlatlarida 1991 yildan keyingi o‘zgarishlarni o‘rganadi. Uning hamrohi Lindsey Kort (Lindsey Groot) esa 22 yoshda. Niderlandiyalik jurnalist. U 2012 yilda jurnalizm fakultetini yakunlagan. Hozir antropologiyani o‘rganmoqda. Lindsey ham xorijiy jurnalistikaga qiziqadi. Gana, Qatar, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Fransada xabarchilik safarida bo‘lgan. The New York Times internet xabarchiligi loyihasida ishtirok etgan. Shu yil yozida Menjatj (www.menjatj.nl ) loyihasi bilan Syord Klumpenar bilan birga Markaziy Osiyo mamlakatlariga safar qilgan. BBC O‘zbek xizmati ikki sayyoh bilan bog‘lanib, O‘zbekistonga safar taasurotlari haqida so‘ragan.

Lindsey Kort: Biz Toshkentga tunda yetib keldik. Birinchi bo‘lib bizga mahalliy pul kerak edi. Bankomat qidirdik. Ammo bizda VISA kartochkamiz yo‘q edi. Boshimiz rosa qotib qoldi. Endi nima qilamiz? Qayerga boramiz? Keyin biz mehmonxonamiz tomon otlandik. Juda qiziq voqea ro‘y berdi. Mehmonxonada ma‘murxonasi yo‘q ekan. Kimga aytamiz kelganimizni... Ingliz tilida hech kim gaplashmas edi bu yerda... Xonamizdagi hammom...albatta, Hollandiyada bunaqa emas... Men muqaddam ko‘plab Osiyo davlatlarida bo‘lganman, ammo bunaqa holatga duch kelmagan edim. O‘zbekistonda shunaqa bo‘ladi deb o‘ylamagandim, ochig‘i, O‘zbekiston bizni to ketganimizga qadar hayratlantirib turdi...

BBC: Syord, keyin qanaqa qilib pul topdingiz? Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, naqd pul muammosi hamon dolzarb O‘zbekistonda...

Syord Klumpenar: Rost, to‘g‘ri aytasiz. Bankomatlardan pul olish mushkul edi. Buning ustiga Lindsey aytganiday bizda VISA kartochklari yo‘q edi, bori Mastercard edi. Ammo baxtimizga biz bilan sayyohat qilayotgan hamrohimizda VISA kartochkasi bor ekan va biz undan foydalanib turdik. Ishonsangiz, Mastercard bilan bormagan joyimiz qolmadi, katta mehmonxonalar va banklardan so‘radik. Hech qayerdan pul olib bo‘lmadi. O‘zbekistonni tark etayotganimizda hatto bu safarimizda tanishib qolgan bir ayoldan qarz olishga ham majbur bo‘ldik... Chunki Farg‘onada hech qanaqa kartochka bilan pul ololmadik. Bu katta muammo edi.

BBC: Odamlar haqida taasurotlaringiz qanday? Oddiy o‘zbekistonliklar haqida so‘zlasangiz?

Syord Klumpenar: Men yaxshi ma‘noda hayratlandim. Tabiiyki, o‘zbekistonliklarning aksariyati ingliz tilini bilmaydi, qaytaga ruschani biladiganlar ko‘p va ular rus madaniyatidan ko‘proq xabardor ekan... Tojiklar tojikcha gapirishadi, tojik tilini biladigan o‘zbeklar, o‘zbekchani biladigan tojiklar ham ko‘p. Yoshlar orasida ingliz tilini biladiganlar bor edi. Ayrimlar esa bir-ikki inglizcha kalimalarni bilishar ekan... Ba‘zilar bizning oldimizga kelib inglizchada, qayerdansiz, qalaysiz deb so‘rashar, biz Hollandiyadanmiz deb javob berar edik. Tamom. Keyin ular o‘z yo‘llarida davom etishar va yo o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishardi. Qizig‘i ular juda muloyim tabiat edi. Bizga boshqa Osiyo davlatlarida bo‘lgani kabi sayyoh ekan bular, G‘arblik ekan deb o‘z narsalarini sotish uchun "shilqimlik" qilishmas edi. Hatto sayyohlar gavjum joyda ham hech kim ortimizdan yugurib, uni oling, buni oling deb turmas edi. Men o‘zbekistonliklarni avval ham do‘stsevar va mehmondo‘st deb eshitgan edim, ammo ular eshitganimdan ko‘ra yaxshiroq edilar...

BBC: Ayrim so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar dunyoda o‘zlarini baxtiyor sanaydigan xalqlardan biri ekan. Sizda qanday taasurot qoldi?

Lindsey Kort: Buni tasavvur qilish mumkin, odamlar juda ham do‘stsevar va mehmonnavoz edi. Ehtimol, ular anchayin kambag‘al yashashar, ammo baribir do‘stona munosabat bo‘lishar va mamnun ko‘rinishardi. Tushkun va yo g‘amginlikni ko‘p ko‘rmadik u yerda... Men ham o‘zimni baxtiyor his etdim va bunda o‘zbekistonliklarning hissasi ko‘proq edi deb o‘ylayman...

BBC: Ikkingiz ham g‘arblik va yo demokratiya shakllangan bir mamlakat fuqarolarisiz. O‘zbekistondagi rejim va siyosat haqida nima deb o‘yladingiz?

Image caption "O‘zbekistonliklar mehmondo‘st ekan..."

Lindsey Kort: Bilasizmi, odamlar siyosat haqida gapirishmaydi. Siyosat va yo hukumat haqida gapirish xuddi olabo‘ji haqida gapirishday... qo‘rqishadi deb o‘ylayman. Chunki ular bu haqda gapirishsa, biror bir muammo paydo bo‘ladi deb o‘ylaydilar. Bir o‘zbekistonlik ayol biz bilan suhbatda "O‘zbekistonda devorning ham quloqlari bor", deb aytdi. Biz hatto Hollandiya siyosatiga doir nimadir desak ham, ular darrov, "nima uchun siyosat haqida gaplashmoqdamiz, qo‘yinglar shuni", deb mavzuni o‘zgartirishardi. Biz uchun Hollandiya siyosati haqida gapirish muammo emas, ammo ular qo‘rqishardi siyosat haqida og‘iz ochishga...

Syord Klumpenar: Biz rejim bilan aloqada bo‘lmadik... rost, bir – ikki marta politsiya mashinalari to‘xtatishdi. Bori shu. Albatta, O‘zbekistonda politsiyaga tez-tez ko‘zingiz tushadi. Rejim haqida gapirish uchun mening nazarimda odamlar bilan suhbatlashish kerak. Ular aksariyat holatlarda gapirishmaydi va yo deylik mamlakat prezidenti, hukumat haqida so‘rasangiz nosamimiy javob berishadi. Buni sezish juda oson. Ammo odamlar bilan do‘stlashib, deylik ular o‘z uylariga mehmonga chaqirishsa, ana o‘sha yerda aksariyat hukumat siyosatini ma‘qullamayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Lindsey Kort: Biz suhbatlashgan odamlar orasida Sho‘rolar ittifoqini qo‘msash hissi kuchli bo‘lgan o‘zbekistonliklar talaygina edi. Ularga ko‘ra, Sho‘rolar davrida hamma narsa yaxshi bo‘lgan, endi esa... qisqasi, ular hozirgi hukumatdan rozi emaslar. Ijtimoiy himoya va iqtisodiy barqarorlik yo‘q deyishadi.

BBC: Yoshlar ham sog‘inisharkanmi Sho‘rolar ittifoqini? Yangi avlod vakillari?

Lindsey Kort: Yo‘q, yo‘q... albatta, ular yashashmagan Sho‘rolar davrida, ammo ota-onalaridan eshitishgan, xolos. Ammo kattaroq avlodning aksariyatida nostalgiya bor edi.

Syord Klumpenar: Biz bir guruh talabalar bilan gaplashdik. Bu suhbat jamoat joyida ro‘y berdi, albatta, ular mening nazarimda aslida nimalarni o‘ylashlari va orzu qilishlarini ochiq aytisholmadi. Bunga ishonaman. Ular o‘zbekistonlik bo‘lganlaridan faxrlanishlarini aytishar va O‘zbekiston o‘tish jarayonida ekanini urg‘ulashardi. Ya‘ni, o‘tish jarayonida demokratiya bo‘lmasligi tabiiy, mana G‘arb davlatlarida ham shunday kechgan deyishardi. Demokratiya o‘rnatilishi uchun vaqt kerak deyishardi.

BBC: Siz Toshkentda, Samarqand va Buxoroda bo‘ldingiz... Nimalar yoqdi? Nimalar yoqmadi?

Syord Klumpenar: Samarqand va Buxoro Toshkentdan keskin farq qilar ekan. Tojiklar ko‘p yashar ekan bu qadimiy shaharda. Ochig‘i, tildan tashqari bu ikki millat o‘rtasida biz farq ko‘rmadik. Me‘morchilik obidalari lol qoldiradi odamni... Toshkent esa zamonaviy va katta shahar...

Lindsey Kort: Toshkent menga ko‘lka shaharday tuyuldi (ghost town). Xiyobonlar, ko‘chalar bo‘m-bo‘sh edi. Yolg‘iz haykallar... Qayerdamiz deb o‘ylab qolasan kishi. Biz bir odamdan bunaqa bo‘m-bo‘shlikning sababini so‘radik. U hamma o‘z uyida deb aytdi. Hayot ichkarida davom etadi. Bizda ko‘chaga chiqib yurmaydi odamlar dedi.

BBC: Siz O‘zbekistonga safaringizdan avval mamlakat haqida nimalarni bilardingiz?

Syord Klumpenar: Biz ko‘p o‘qidik O‘zbekiston haqida... U yerdagi rejim haqida, qanday boshqarilayotgani va mamlakatdagi inson huquqlarining abgor vaziyati haqida bilar edik. Bu yerda so‘z erkinligi yo‘qligidan xabarimiz bor edi. Ammo mamlakatga "o‘qimagan" sayyoh bo‘lib kelsangiz, ko‘cha-kuyda bu muammolarni osongina ko‘rmaysiz. Albatta, politsiya ko‘p, ular hamma yoqda... O‘zbekistonliklar esa bu muammolar haqida gapirishni xushlamaydi.