Toshkentdagi "Qatortol" savdo majmuasida yong‘in ro‘y bergan

Image copyright podrobno.uz

Toshkentning Qatortol ko‘chasida joylashgan shu nomdagi ulgurji savdo majmuasida yong‘in kelib chiqqan.

Muxbirlarning shu yerda yashaydigan insonlarga tayanib xabar qilishlaricha, ko‘p qavatli savdo binosida olov tungi soat 3 larda ko‘ringan.

Savdo majmuasi birinchi qavatidagi oziq-ovqatlar bilan savdo qilinadigan do‘konlar va ikkinchi qavatdagi kiyim-kechaklar bo‘limlari ko‘p zararlangani aytilmoqda.

Bu yerda savdo qiladigan tujjorlar ancha moddiy zarar ko‘rganlar.

Qatortolga ko‘p sondagi o‘t o‘chirish avtomobillari va militsiya xodimlari yuborilgan.

Voqea joyida bo‘lgan muxbirlarga ko‘ra militsiya xodimlari "Qatortol"da savdo qiladigan tujjorlarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlarini ko‘rganlaridan keyingina ichkariga kirishlariga ruxsat bermoqda.

Yong‘in kelib chiqishining ikkita sababi bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Biri, do‘konlardan birida o‘chirmay ketilgan konditsionerdan.

Ikkinchisi, atayin o‘t qo‘yish.

O‘zbekistondagi buyum bozorlarida yong‘inlar tez-tez ro‘y berib turadi.

Sho‘rolar zamonida asos solingan "Yoshlik", "Yosh kuch" jurnallari tahririyatlari va sobiq "Yosh gvardiya" nashriyoti joylashgan binoga tutash qilib barpo etilgan "Qatortol" savdo majmuasi 1990 yillarda mashhur bo‘lgan.

Bu yerda oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilingan.

Toshkentliklar bu majmuani "Roz Trading" shirkati ochganidan yaxshi xabardorlar.

Bu shirkat Gulnora Karimovaning sobiq turmush o‘rtog‘i oilasi Maqsudiylarga tegishli bo‘lgan.

2002 yilda savdo majmuasi sohibi o‘zgarishi ko‘plab tujjorlarni savdo qilayotgan nuqtalaridan ayirgan va bu narsa savdogarlarning noroziligiga ham sabab bo‘lgan edi.