"Bilayn"ning Chechenistondagi idoralari yopildi

Image copyright RIA Novosti
Image caption "Checheniston yuragi" masjidi birinchi o‘rinni egallamagani chechenistonliklarni g‘azablantirgan

"Bilayn" brendi ostida xizmat ko‘rsatadigan Rossiyadagi "VimpelCom" shirkatidan mas‘ul qilishlaricha, Chechenistondagi o‘z xodimlari va mijozlar xavfsizligini o‘ylab, ushbu Shimoliy Qofqoz respublikasidagi ofislarini yopishga qaror qilganlar.

Bunga "Bilayn"ning Grozniy shahridagi idoralaridan biriga tuxumlar bilan hujum qilinganini sabab bo‘lgan.

Mobil shirkat ofisiga tuxum otganlar "Rossiya 10" deb nomlangan tanlov natijalaridan norozi bo‘lganlar.

Gap shundaki, 25 martdan 29 avgustgacha Rossiyaning eng yaxshi me‘moriy, tabiiy yoki tarixiy yodgorligini taniqlash maqsadida tanlovning ikki bosqichi o‘tkazildi.

Ikkinchi bosqich 29 avgust kuni kech soat 12 da yakunlanishi xabar qilingan edi.

Bu tanlovda qaysi inshoot uchun ko‘p ovoz berilsa, o‘sha g‘olib chiqishi aytilgan va konkurs ishtirokchilaridan o‘zlari yoqtirgan narsa uchun sms-xabar yuborib, ovoz berish so‘ralgan.

Tanlovning ikkinchi bosqichida ikkinchi o‘rinni Grozniy shahridagi Ahmad Qodirov nomidagi "Checheniston yuragi" deb nomlangan masjid egallagan.

"Rossiya 10" tanlovi web-saytiga ko‘ra, jami 145 977 634 ta ovoz berilgan.

Moskva viloyatidagi Kolomenskiy kremli uchun 38 603 629 ovoz berilgan va shuning uchun bu bino birinchi o‘rinni egallagani aytilgan.

Grozniydagi "Checheniston yuragi" masjidi uchun esa 38 200 249 ta ovoz berilgani xabar qilingan.

Lekin Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirovning Instagram orqali xabar qilishicha, tanlov ikkinchi bosqichi tugashiga bir necha soat qolganda chechenistonliklarning ovozlari hisobga olinmay qolgan.

Janob Qodirov buni qalloblik deb atagan va ovozlarni hisobga olmaganlikda ikki mobil aloqa shirkati - "MegaFon" va "Bilayn"ni ayblagan.

Biroq mobil aloqa shirkatlari sms-xabarlar tanlov tashkilotchilarining serveriga biror bir muammosiz o‘tkazilayotganini aytganlar.

Tanlov tashkilotchilari chindan ham ovozlar yo‘qolib qolishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelganlarini tan olganlar.

1 sentyabrdan boshlab "Rossiya 10" tanlovining uchinchi turi boshlangan.

Biroq Checheniston rahbariyati bu tanlovdan Grozniydagi masjidni olib tashlashga qaror qilganlar.

Shundan keyin Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirovning aytishicha, tanlovdan hafsalasi pir bo‘lgan chechenistonliklar endi boshqa mobil telefon shirkati "Vaynax Telekom"ga o‘tishga qaror qilganlar.

"Biz bundan keyin "MegaFon" va "Bilayn"ni boqmoqchi emasmiz", deb aytgan Ramzan Qodirov.