Prezident Nikson bilan suhbatlashgan Devid Frost hayotdan ko‘z yumgan

Image copyright AFP
Image caption Ser Devid Frost dunyodagi ko‘plab mamlakatlarning rahbarlari bilan suhbatlashgan

Taniqli Britan teleboshlovchisi va yozuvchi Ser Devid Frost 74 yoshida yurak xurujidan vafot etgan.

Devid Frost sobiq AQSh prezidenti Richard Niksonni qiyin-qistovli savolga qo‘ygan intervyusi bilan mashhur bo‘lgandi.

Bu suhbatda Richard Nikson Amerika xalqidan kechirim so‘ragan.

Ser Devid Frost dunyodagi ko‘plab mamlakatlarning rahbarlari bilan intervyular qilgan.

Jumladan, u Amerika Qo‘shma Shtatlarining yetti prezidenti bilan, Britaniyaning sakkiz bosh vaziri, Janubiy Afrika Respublikasi sobiq prezidenti Nelson Mandela, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va boshqalar bilan savol-javoblar uyushtirgan edi.

Ser Devid Frost Britaniya sobiq bosh vaziri Margaret Tetcherdan Folklend urushi haqida, sobiq Bosh vazir Toni Bleyrdan Iroq urushi haqida siyosatchilarni qiyin ahvolga solib qo‘ygan savollarni bergan.

U hayotining oxirgi kunlarigacha ham bosh qarorgohi Doxada joylashgan Qatarning "Al-Jazira" telekanali uchun ingliz tilida intervyular qilgan.

Har haftada "Al-Jazira"da "Frost intervyusi" degan ko‘rsatuv efirga uzatilar edi.

Devid Frost Angliyaning Kent grafligida tug‘ilgan.

U Kembridj universitetini tamomlagan.

Universitetdan keyin ITV telekanalida ishlagan.

So‘ng Devid Frost BBCga taklif qilingan va "Frost hisoboti" va "Bo‘lganu, bo‘lib-o‘tgan hafta" deb nomlangan mashhur ko‘rsatuvlarga boshlovchilik qilgan.

Devid Frost olamdan o‘tgani haqidagi xabardan qayg‘uga botganini aytgan Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron uning "o‘zining do‘sti va qo‘rqinchli intervyuchi" bo‘lganini tan olgan.