Olma-otadagi tartibsizliklarda kontsert tashkilotchilari ayblandi

  • 2 Сентябр 2013
Image copyright BBC World Service
Image caption Xonandaga ko‘ra ochiq maydonda tekin kontsert tashkil qilinganidan so‘ng, xavfsizlik choralari ko‘rib qo‘yilishi kerak edi

31 avgust kuni Olma-otada ommaviy tartibsizliklar boshlanishidan sal oldin qo‘shiq kuylagan xonanda Qayrat Nurtas hamma aybni tashkilotchilarga yuklagan.

Xonanda muxlislarning juda ko‘p bo‘lgani va tashkilotchilar tadbirni o‘tkazish uchun xavfsizlikni ta‘minlay olmaganini ta‘kidlagan.

Tartibsizliklar natijasida 160 dan ortiq tomoshabin qo‘lga olingan. Ularning ayrimlari qo‘yib yuborilgani aytilmoqda.

Olma ota chekkasidagi Praym plaza savdo va ko‘ngil ochar markazida yoshlarning suyukli xonandasi Qayrat Nurtasning kuylashi sahnaga predmet otilganidan so‘ng to‘xtab qolgan.

Tashkilotchilar xonandaga yanada yaqinroq kelishga intilayotgan va buning uchun oldinda turgan to‘siqlarni birin ketin buzib kelayotgan tomoshabinlarni to‘xtatishga urinadi. Biroq maydonchani to‘ldirib turgan 5 mingan ortiq olomon o‘rtada turgan sahnani qisib kelaveradi va ovoz kuchaytirgachlarni qulata boshlaydi.

"Sahnaga yetib olishimning o‘zi qiyin bo‘ldi. 2 ming odam deb juda ham kam aytishdi. U yerda kamida 5-6 ming odam bor edi. 6 chog‘li soqchi meni sahnaga yetkazguncha ancha qiynalishdi. Chunki kimdir sochimdan, yana kimdir boshimdan ushlardi. Tomoshabinlarni ayblay olmayman, chunki ular yaxshi ko‘rganidan shunday qildi", - deydi Qayrat Nurtas.

Xonandaga ko‘ra ochiq maydonda tekin kontsert tashkil qilinganidan so‘ng, xavfsizlik choralari ko‘rib qo‘yilishi va tomoshabinlarning sahnaga chiqib ketmasligi uchun tadbirlar olinishi kerak edi.

Qayrat Nurtas shuningdek, bu uning yakkaxon kontserti emasligini, tashkilotchilar ko‘proq odam yig‘ish uchun reklama bilbordlarida faqat uning rasmidan foydalanganini tanqid qilib chiqdi.

Praym plaza savdo va ko‘ngilochar majmuasida to‘palon bo‘lgan kechada karaoke festivalining finali bo‘lishi kerak edi.

Olma-otada mijozlarni ko‘proq jalb qilish uchun savdo va ko‘ngilochar majmualari mana shunday tekin kontsertlarni tez tez o‘tkazib turadi.

Qayrat Nurtas ishtirok etgan kontsertga Olma-ota viloyatining qishloq va tumanlaridan ko‘plab yoshlar kelgani aytilmoqda.

O‘z navbatida prokuratura savdo markazi ushbu tadbirni o‘tkazishga hokimiyatdan maxsus ruxsatnoma olmaganini ta‘kidlagan. Savdo markazi rahbariyatiga nisbatan tashkilotchi sifatida jinoiy ish ochilgan.

Biroq "Praym plaza" savdo majmuasi rahbariyati ushbu ayblovlarni rad etib chiqdi. Markaz kontsertdan bir necha kun oldin xavfsizlikni ta‘minlashda ko‘mak ko‘rsatishni so‘rab Auezov tuman hokimiyatiga xat yuborgan. Bir kun o‘tib hokimiyatdan arizani qondirish haqida javob olingan.

Savdo markazi rahbariyati o‘sha kuni tartibni saqlash uchun ichki ishlar departamentining 150 ta ichki tarkibi va savdo markazining 50 ga yaqin xodimi jalb qilinganini aytgan.

Politsiya tartibsizliklar davomida 165 kishini hibsga olgan. Ularning ko‘pchiligi ilk so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgani aytilmoqda.