Professional boks: Ruslan Chagayev WBA Intercontinental kamari uchun ringga tushmoqchi

Image copyright rt.com
Image caption Bo‘lajak jang g‘olibi WBA Intercontinental va PABA kamarlari sohibiga aylanadi

O‘zbekistonlik dongdor bokschi 5 oktyabr kuni serbiyalik raqibi Yovo Pudar bilan jang o‘tkazmoqchi.

Ushbu jang g‘olibi WBA Intercontinental va PABA kamarlari sohibiga aylanadi.

Bo‘lajak jang tafsilotlari haqida boksga ixtisoslashgan qator xalqaro internet nashrlari xabar tarqatishgan.

Ruslan Chagayev professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni sanaladi.

Uning bo‘lajak raqibi Yovo Pudar esa, PABA (Pan Asian Boxing Association) kamarining amaldagi sohibidir.

Ayon bo‘lishicha, ikkovlon Vladimir Klichko va Aleksandr Povetkinlar o‘rtasidagi jangdan avval ringga tushishadi.

Ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko professional boksning IBF, WBO, IBO tasniflarida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempioni, WBA tasnifida esa, superchempiondir.

Uning rossiyalik bo‘lajak raqibi, WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni Aleksand Povetkin ana shu to‘rtta kamar sohibligini qo‘lga kiritish uchun ringga chiqadi.

Har ikki jang ham 5 oktyabr kuni Rossiya poytaxti Moskva shahridagi 14.000 kishilik "Olimpiyskiy" sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Bo‘lajak raqiblar

Image copyright Reuters
Image caption Ruslan ashaddiy raqibining navbatdagi jangidan oldin ringga chiqadi

34 yoshli Ruslan Chagayev professional ringda 34 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning 31 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va yana bir jangida durang natija qayd etgan.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi uchragan ana shu ikki mag‘lubiyat esa, aynan Vladimir Klichko va Aleksandr Povetkinlar bilan janglariga to‘g‘ri keladi.

Uning 42 yoshli bo‘lajak raqibi Yovo Pudar professional ringda 30 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning uchtasida mag‘lubiyatga uchragan.

Xabarlarga ko‘ra, ikkovlon o‘rtasidagi jang g‘olibi Aleksandr Povetkinning WBA tasnifidagi jahon chempionligi kamari uchun bemalol kubalik bokschi Luis Ortiz bilan jang o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Agar, Klichko-Povetkin janggi durang natija bilan yakunlanadigan bo‘lsa, g‘olib muvaqqat jahon chempionligi kamari uchun Luis Ortiz bilan bellashib, so‘ngra doimiysini qo‘lga kiritish uchun Aleksandr Povetkinga qarshi ringga tushishi kerak bo‘ladi.

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgan.

Rejalar

Image copyright AP
Image caption Ruslan bundan avval imkoniyat bo‘lishi bilan Vladimir Klichko bilan ham ringga tushish niyati borligini aytgandi

O‘zbekistonlik dongdor bokschi qator janglar o‘tkazish bilan WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxirlarida yana jahon chempionligi kamari uchun ringga tushishni rejalagan.

Ruslan Chagayev o‘tgan va shu yil hisobidan o‘tkazgan har to‘rt reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan.

Agar 2012 yil noyabr oyidagi ma‘lumotlarga qaralsa, Ruslan Chagayev so‘nggi janggiga qadar WBA reytingida 3-o‘rinni egallab turgandi.

Ruslan o‘tgan yil avgust oyida Olmoniyaning o‘zi qariyb 10 yildan buyon shug‘ullanib kelgan Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzgan va so‘nggi janglarini erkin agent maqomida o‘tkazgan.

Ruslan Chagayev bir necha oydan buyon yangi murabbiysi Shugar Hill qo‘l ostida Amerikaning Detroyt shahrida shug‘ullanib kelgan va yaqinda Olmoniyaga qaytgandi.

Uning avvalroq biz bilan suhbatida aytishicha, bundan keyingi mashg‘ulotlarini har ikki mamlakatda ham davom etdirish rejasidadir.

Havaskor boksda ham bir necha bor Osiyo va Jahon chempionlari bo‘lgan Ruslan Chagayev professional boksda ham eng og‘ir vazn toifasida dunyodagi eng kuchli bokschilardan biri sanaladi.