Suriyaga hujum 9 sentyabrga qoldirildimi?

Image copyright AFP
Image caption BMT tekshiruvchilari Suriyada to‘rt kun bo‘lganlar

AQSh Prezidenti Barak Obamaning Suriyaga harbiy amaliyotni ortga surganini AQSh kongressmenlari olqishlaganlar.

Biroq Suriya muxolifatiga ko‘ra, Amerikaning Suriyaga hujumni qoldirgani Prezident Bashar al-Assadni "ruhlantiradi".

Damashqda bo‘lib turgan BBC muxbiri Jeremi Bouenning aytishicha, shanba kuni Prezident Obamaning e‘lon qilgan bayonoti u yerdagi odamlarni tinchlantirgan.

Chunki ko‘pchilik dam olish kunlari - 31 avgust-1 sentyabr kunlari Suriyaga hujumlar boshlanib qoladi, degan qo‘rquvda edi.

Oq Uyda qilgan bayonotida Prezident Obama Suriyaga hujum zarur, deb aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "amallar cheklangan" bo‘ladi.

AQSh prezidenti Suriyaga hujumda quruqlik qo‘shinlari qatnashmasligini ma‘lum qilgan.

Biroq janob Obama "Suriya hukumatining kimyoviy qurol hujumlarini sodir etishi oldini olish uchun" kuch ishlatishdan oldin AQSh Kongressidan ma‘qullov olishga qaror qilgan.

AQSh kongressmenlari hozir yozgi ta‘tildalar, ular 9 sentyabrda ta‘tildan qaytadilar.

Suriya muxolifatining Milliy Koalitsiyasi Prezident Obama qarorini tanqid qilgan.

Suriya Milliy Koalitsiyasiga ko‘ra, bu "AQShning yetakchilikni uddalay olmagani"dir.

Muxbirlarga ko‘ra, AQSh Kongressining qanday qarorga kelishi noaniq.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriya hukumati tinch fuqarolarga qarshi kimyoviy qurol hujumini amalga oshirganini isbotlovchi dalillarga ega ekanlarini aytgan.

Amerika josuslik ma‘lumotlariga tayanib, AQSh Davlat kotibi e‘lon qilishicha, Suriya hukumatining Damashq atrofidagi kimyoviy hujumlari oqibatida 1429 kishi halok bo‘lgan.

Janob Kerriga ko‘ra, qurbonlarning 426 nafari yosh bolalardir.

31 avgust kuni Suriyada to‘rt kun bo‘lgan BMT kimyoviy qurol bo‘yicha nazoratchilari ortga qaytganlar.

Nazoratchilar kimyoviy hujumlar sahnasi deb aytilgan joylardan tuproq, insonlar qoni va siyodigi namunalarini olganlar.

Bu namunalar laboratoriya tekshiruvlari yakunlari ikki haftada ma‘lum bo‘ladi, shundan keyin BMT tekshiruvchilari o‘z xulosalarini Bosh kotib Pan Gi Munga taqdim qiladilar.

Ayni paytda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSh rasmiylarining kimiyoviy qurol hujumini Suriya hukumati amalga oshirgani haqidagi bayonotini shubha ostiga olgan, bu dalillarni BMT nazoratchilari va Xavfsizlik Kengashini taqdim etishni so‘ragan.

1 avgust kuni Arab Ligasiga a‘zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Qohirida to‘planib Suriyadagi vaziyatni muhokama etishga qaror qilganlar.