UzWebiston: Twitter foydanaluvchilari prezident qizidan yordam so‘rashdi

Image copyright Reuters
Image caption Gulnora Karimovani Twitter orqali kuzatib boruvchilar 37 mingga yaqinlashgan

Twitter foydalanuvchilari O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga mehnat muhojirligi, bank tizimi va kontrakt to‘lovlari yuzasidan murojaat qilganlar.

"Yaxshi mutaxassislar ishsiz yurishipti va xorijda ish qidirishmoqda. Bu qayg‘ulidir", - deb yozgan Gulnora Karimovani Twitter orqali ta‘qib etuvchilardan biri.

"Ko‘plarning ishonishicha, bu muammo... ammo boshqalarga ko‘ra, mamlakatda hattoki kam tajriba yoki yetarli bilimga ega mutxassislarni topish amalda imkonsiz. O‘z ishini biladigan professional esa anqoning urug‘i", - deb javob qaytargan Gulnora Karimova.

Yana bir Twitter foydalanuvchisi O‘zbekistondagi ish beruvchilarni tajribali emas, kam maoshga ishlaydigan mutaxassislar qiziqtirishini aytadi.

Gulnora Karimova O‘zbekistonda muvaffaqiyat qozonish uchun odamlar qattiqroq ishlashi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

"Mamlakatda ishni jo‘yaliroq yuritish uchun ko‘proq mas‘uliyat va professional sadoqat talab qilinadi", - deb yozgan Gulnora Karimova.

"Biz tadbirkorlikni mamlakat bo‘ylab ko‘tarishimiz kerak. Biz ularga to‘siq yaratish o‘rniga yordam berishimiz kerak. Misol uchun, bank tizimi juda yomon", - deya shikoyat qilgan yana bir foydalanuvchi.

Bu tvitga Gulnora shunday javob qaytargan: "Shuncha yillardan buyon bu banklarda qolib ketganlar nima qilishsin?!"

"Bank va moliya siyosati tubdan o‘zgarishi kerak", - deya ilova qilgan Adham Sultonov.

Ba‘zi web foydalanuvchilar Gulnora Karimovaga talabalarning kontrakt to‘lovlari o‘ta qimmatligidan shikoyat qilganlar.

Javoban Gulnora Karimova bunga mamlakatda inflyatsiya darajasi yuqoriligini sabab qilib ko‘rsatgan.

"Yillik inflyatsiya darajasi 20 foiz ekani inobatga olinsa, o‘qituvchilar maoshlarini kim to‘laydi?" - deb yozgan u.

Zafar Toshpo‘latov ismli foydalanuvchi esa bu fikrga qo‘shilgan, biroq rasmiy inflyatsiya darajasi 7-8 foiz ekanini yozgan.

"Men inflyatsiyani past ko‘rsatadigan rasmiy moliyaviy agentliklarda ishlamayman. Meni kim bilandir adashtirayapsiz", - deb javob qaytargan u.

Gulnora Karimova Twitter-dan faol foydalanadigan va web foydalanuvchilar bilan muloqot qiladigan O‘zbekistonda yagona yuqori mulozimdir.

30 avgustdagi raqamlarga ko‘ra, Gulnora Karimovani Twitter orqali ta‘qib etuvchilar soni 36,736 bo‘lib, uch kun ichida bu raqam yana 100 taga ko‘paygan.