O‘zbekiston mustaqilligi: boshqaruvda nima o‘zgardi?

Image caption Olim Atayev qarib 30 yil davomida rahbarlik lavozimlarida ishlagan

O‘zbekistonda aholi mamlakat mustaqilligining 22 yilligini nishonlar ekan, xalqaro tashkilotlar mamlakat idoriy tizimi hamon ma‘muriy-buyruqbozlikka tayanishini aytishadi.

Mamlakat kundalik hayoti 14 ta vazirlik va 9 ta davlat qo‘mitalari tomonidan idora etiladi.

Bugungi o‘zbek mulozimi Sovet davridagidan nimasi bilan farq qiladi?

BBC ayni savollar bilan hozirda Frantsiyada yashayotgan, sobiq vazir Olim Atayevni suhbatga tortdi.

Olim Atayev: Sovet payti lavozimga o‘tish uchun yaxshi mehnat qilish kerak bo‘lar edi. Mehnatingizni har tomonlama baholab, erishgan yutuqlarga, g‘alabalarga qarab, keyin sizga lavozimni o‘zlari taklif qilishardi. O‘zlari suhat o‘tkazishardi, "fotiha" berishardi...

BBC: Pora berish bo‘lmasmidi?

Olim Atayev: Bu masalada endi Sovet payti "fotiha" berish diniy tomondan emas, balki omad tilaganday bo‘lishardi. O‘shanda ham ishlagan paytingiz nazoratda bo‘lib turardingiz. Zarur bo‘lsa, har kuni uchrashishga, har kuni maslahat so‘rashga imkoningiz bor edi. Atrofingizda ishlayotgan shahar rahbarlari yoki partiya tashkilotida ishlayotganlarga ham borib yozilib qo‘ysangiz, sizga albatta yo‘l ochiq edi. Siz kirib, ochiq-oydin: "mana shunaqa qiyinchiliklar bor, mana shu masalalar yechimini topsak, natijada yaxshi yutuqlarga erishish mumkin", - deganingizda, sizga quloq solishardi. Ma‘qul topsalar, sizga "ko‘k chiroq" yoqib berishardi. Yo‘l ochib berishardi. Mustaqillikdan keyin, bu masalalar yildan yilga qiyinlashdi. Ish joylari kamayib ketdi. Katta rahbariyat bilan muloqot qilish rejalashtiriladigan bo‘ldi.

BBC: Biz rahbarlar go‘yoki o‘z qoli ostidagilarga qattiq munosabatda bo‘lisharkan, hattoki kaltaklash hollari ko‘p bo‘larkan...

Olim Atayev: Ha, gapingizda jon bor. Chunki, bu haqiqatan to‘g‘ri. Masalan, O‘zbekiston sharoitida oldin SSSR payti Moskva orqali bironta yechilmaydigan masalaning yechimi bemalol topilardi. Yozgan shikoyatlar, arizalar bemalol natija berardi. Bir, ikki kun ichida O‘zbekistonga yaxshi tomonga ta‘siri bo‘lar edi. Hozir esa bu narsalar hammasi bir odamga qarab qolgan. Shu bir shaxs tayinlagan odami, to‘g‘ri ish qilayaptimi noto‘g‘ri ish qilayaptimi, gapi gap. Muhtoj bo‘lgan inson u odamdan sakrab, yechimini ham topa olmaydi, kelib-kelib "tupik" deydi buni, mana shu "tupik"ka boshini urib oladi. Baloga uchragan mana shu murojaat qilgan odam bo‘lib qolaveradi. Vaziyatni yaxshilayman, degan inson o‘z maqsadiga yetolmaydi.

BBC: Siz O‘zbekiston prezidentini qanchalik bemalol borib ko‘ra olardingiz?

Olim Atayev: Prezident bilan uchrashish uchun ancha to‘sqinliklar bor edi. Masalan, meni prezident bilan uchrashishim uchun uning qo‘li ostida ishlayotgan kamida sakkizta-o‘nta odamlarga murojaat qilishim kerak edi. Masalan, Olimjonov, Jo‘rabekov, Sultonov va hokazolar. Mana shunga o‘xshagan odamlar orqali masala yechimini topishga harakat qilishim kerak edi. Lekin, ular ham bizning (sohamiz hisoblangan) non, don masalalarini hal qilishga huquqlari bo‘lmas edi yetarli darajada. Ular ham tayyorlangan iltimosnoma, hujjatlarni to‘plab turib, baribir, prezidentga chiqishlari kerak bo‘lardi. Shuning uchun ancha qiyinchiliklar, ancha to‘siqlar yuzaga kelardi.

BBC: Siz, 8-10 ta inson bilan uchrashishim kerak bo‘lardi, deb aytayapsiz. To‘siqlar qanchalar kuchli bo‘lardi? Ular sizni birinchi rahbar bilan uchrashishingizni qanchalik istashmasdi?

Olim Atayev: Bir xil paytlarda MXX joylarda - misol uchun Surxandaryoda, Qashqadaryoda yoki Samarqandda - non yoki unning kamayib ketayotgani haqida "sekretnыy zapiska" yozib, kiritar edi. Buni darhol hal etish uchun, masalan men, bu ishlarga to‘g‘ridan-to‘g‘r shaxs Mirabror Usmonovga murojaat qiladigan bo‘lsam, o‘sha odam ham: "Ha, bu hammasi to‘g‘ri. Meni bundan xabarim bor. Faqat, bu masalani siz hozircha fondga boshqa kvartaldan olib, bu kvartalga tushirib turing, ishlatib turing, keyinchalik men "podtverjdeniye" beraman," - derdi. Endi Mirabror Usmonovning bu masalalarda o‘zini u yoqqa, bu yoqqa tashlashini, kamchiligini bilib, men "xat bermasangiz bu narsani qilolmayman", - derdim. Chunki u odamning qog‘ozi bo‘lmasa, men, bizning sistema uchun "narusheniye" hisoblanardi. Shunday paytlarda ancha asabbuzarlik, ancha bo‘lar-bo‘lmas konfliktlar yuzaga chiqardi.

BBC: O‘zbekiston rahbari bilan uchrashdan oldin, uning muovinlari yordamchilaridan qaysi mavzuni gapirish mumkin, qaysinisini mumkin emasligi haqida topshiriq olarmidingiz?

Olim Atayev: Albatta. Masalan, u odam bilan uchrashuvdan oldin qanday masala muhokama qilinishi bir necha instantsiyalarda ko‘rib chiqilardi. "Bu masalada siz kimga murojaat qildingiz?" - deb so‘rashardi. "Men mana bu, mana bularga murojaat qildim," - derdim. Shunday paytlar bo‘lardiki, oxirgi bosqichda, masalan, yordamchilari bosh vazirga yoki boshqasiga telefon qilib: "Bu masala bilan o‘rtoq Atayev prezidentga kiradigan bo‘lsalar, siz ancha tanqidga uchraysiz. Masala yechimini o‘zingiz topib, keyin prezident qabuliga kirsangiz, boshqacharoq chiqar edi", - deb ogohlantirishardi. Ana o‘shandan keyin ular muammoni hal etib berishardi. Mana shunaqa paytlar ham bo‘lgan. Chunki, meni prezidentga kirishdan to‘xtatib, bosh vazir yoki boshqasining prezident bilan uchrashishiga yo‘l ochishardi.

BBC: O‘zbekiston prezidentining qo‘li ostidagilarni kaltaklashi haqida gap-so‘zlar yuradi doimo. Bu qanchalik haqiqat?

Olim Atayev: Endi qattiq gaplar, tanqidlar bo‘ladi degan gaplarning hammasidan men ham xabardorman. Men o‘z ko‘zim bilan shu narsalarni ko‘rganim yo‘q. Lekin og‘ir sharoitda, keskin tanqidlar bilan, haqoratlar bilan o‘tgan majlislarga guvoh bo‘lganman.

BBC: O‘zbekistonda maqtov doimo bor, lekin tanqid yo‘q. Sobiq vazir sifatida bunday siyosatning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

Olim Atayev: Yuqori lavozimlarda ishlayotgan rahbarlarning ko‘pi hech narsadan qo‘rqmaydi. Sizning tanqidingizdan ham qo‘rqmaydi. Chunki, u ishlayotgan odamning tomiri kuchli.

BBC: "O‘zbekiston kelajagi buyuk", - deb aytishadi. O‘zbekistondagi yuqori mulozimlarning o‘zlari O‘zbekiston kelajagi yaxshi bo‘lib ketishiga ishonishadimi?

Olim Atayev: Ayrim sohalarda ishlayotgan yaxshi mutaxassislar ham bor. Buni tan olish kerak. Faqat bu mutaxassilarning imkoniyati yetarli darajada emas.