Xitoyni ko‘proq nima o‘ylantirayapti: xavfsizlikmi yo iqtisod?

Image copyright Reuters

Xitoy Prezidenti Shi Jinpingning Markaziy Osiyo respublikalari bo‘ylab safari boshlanmoqda.

U Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda bo‘ladi.

Bu janob Shi shu yil mart oyida o‘z lavozimini egallaganidan mintaqaga ilk safaridir.

Aksar tahlilchilar fikricha, Xitoyning mintaqa mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorligi va Afg‘oniston bilan bog‘liq xavfsizlik vaziyati rasmiy Pekin uchun eng muhim masalalardir.

Xitoy prezidentining Markaziy Osiyo mamlakatlariga safari Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar chiqib ketishi mintaqani beqarorlashtirishi mumkin degan xavotirlar yangrayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda.

Bunday xavotir Xitoyda ham bor.

Mamlakat rahbarlari 2014 yildan keyin Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari mamlakatdagi amniyatni ta‘minlay olmaydilar, mutaassib islomiy jangarilar Afg‘oniston sarhadlaridan oshib o‘tib, Xitoy chegaralarigacha ham kelib qolishlari mumkin, deya xavotirlanadilar.

Shu paytgacha Afg‘onistondagi xorijiy qo‘shinlarga qarshi janglarga e‘tiborini qaratgan islomiylar mintaqa mamlakatlari hududlariga tarqalib, shundog‘am mo‘rt Markaziy Osiyo respublikalari ahvolini yanada og‘irlashtirishi ehtimolini Pekindagilar ham nazarda tutadilar.

Shanxaydagi Xorijiy tadqiqotlar instituti tahlilchisi Li Sin aytishicha, Pekin uchun farovon, tinch va barqaror Markaziy Osiyo o‘ta muhim.

Xitoy Markaziy Osiyoni tobora ortib borayotgan xomashyo ehtiyojini qondirish manbasi hamda tobora kengayib borayotgan tayyor mahsulotlarining bozori sifatida ko‘radi.

Prezidenti Shi Jinping safari 3 sentyabr kuni Ashxoboddan boshlanishi xabar qilingan, shundan keyin u Ostona, Toshkent va Bishkekka yo‘l oladi.

U bir necha kunni Qirg‘izistonda o‘tkazadi.

Qirg‘izistonda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yillik sammiti rejalangan.

Xitoy 2010 yilda Ovro‘po Ittifoqini Markaziy Osiyoning eng yirik savdo sherigi degan qatordan siqib chiqardi va keyingi yil mintaqaning besh mamlakati bilan oldi-berdisi 40 milliard dollarni tashkil etdi.

Buning asosiy qismi Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan Xitoyga uzangan neft va gaz quvurlari orqalidir.

Xitoy ko‘plab iqtisodiy yordamlarni bermoqda, mintaqa mamlakatlari juda muhtoj bo‘lgan sarmoyalar va loyihalarga bosh qo‘shgan.

Shunday loyihalardan biri Tojikistonni Xitoy bilan bog‘laydigan uzunligi 2 kilometrdan ziyod Shar-Shar tunnelidir.

Tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy uchun bu mintaqaga kiritgan sarmoyalarini muhofaza qilishdan ham ko‘ra ko‘proq musulmon Uyg‘ur radikallarining ularning o‘z vatani Shinjonga yo‘llarini to‘sish muhimdir.

Afg‘oniston va Pokistondagi O‘zbekiston yoki Turkiston Islomiy harakati saflarida jang qilayotgan uyg‘urlar Xitoy hukumatiga qarshi bosh ko‘targanlarini e‘lon qilganlar.