Amerikalik mashhur qo‘shiqchi Qozog‘iston Prezidenti nevarasi to‘yida

Image caption "Borat diyoridagi chiqishi uchun Kane Uestga millionlar to‘landi", deb xabar bergan axborot vositalari

Amerikalik taniqli reper Kanye West rekord darajadagi gonorar evaziga Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning nevarasi Aysultanning nikoh to‘yida ishtirok etgan.

Qozog‘istonning gazeta.kz web-saytiga ko‘ra, nikoh to‘yida o‘zining uncha katta bo‘lmagan kontsert dasturi bilan qatnashgan reper uch million dollarga yaqin pul olgan.

Dunyoning qator mashhur nashrlari ham qo‘shiqchiga "misli ko‘rilmagan haq" to‘langanini yozishdi, deyiladi web-saytda.

"Borat diyoridagi chiqishi uchun Kanye Westga millionlar to‘landi" deb yozishgan muxbirlar.

Shu bilan birga ba‘zi manbalarning ta‘kidlashicha, amerikalik mashhurning chiqishi kelin-kuyovga sovg‘a sifatida taqdim etilgan.

Boshqa manbalarga ko‘ra, rep qo‘shiqchining xizmat haqi mamlakatdagi yirik banklardan birining egasi, qozog‘istonlik milliarder tomonidan to‘langan.

Aytilishicha, kelgan mashhurlarga 6 million dollar atrofida mablag‘ sarflangan.

Aysultan Nazarboyev va Alima Bo‘ronboyevalarning nikoh marosimi 31 avgust kuni Qozog‘istonning sobiq poytaxti Olmaotada bo‘lib o‘tgan.

Nikoh marosimini kuyovning bobosi Prezident Nazarboyevning o‘zi ochib bergan.

Marosimning birinchi qismi milliy an‘analarga mos tarzda tashkil qilingan, ikkinchisida esa oilaviy kechki tanovul ko‘rinishida bo‘lib, qozog‘istonlik va xorijiy qo‘shiqchilar ishtirok etishgan.

Dabdabali marosimda shuningdek MDH davlatlari va Turkiyadan ham san‘atkorlar bor edi, deb xabar beradi ommaviy axborot vositalari.

Ularga ko‘ra, prezident nevarasi to‘yiga Mustafo Sandal, Vaxtang Kikabidze, aktyor Gennadiy Xazanov, Lev Leshchenko, Maksim Galkin, Lolita Milyavskaya, Yolka, Comedy clubdan Aleksandra Revva, teleboshlovchi Nonna Grishayevalar kelishgan.

Marosimni Qozog‘iston KVN jamoasining vakili Tursunbek Kabatov, rossiyalik Nonna Grishayeva va Maksim Galkinlar olib borgani aytiladi.

To‘yda ishtirok etgan manbaning aytishicha, amerikalik taniqli qo‘shiqchi Beyons Noulz ham yoshlar uchun maxsus chiqish qilgan.

Yigirma uch yoshli Aysultan Nazarbayev Britaniyaning Royal Military Academy Sandhursti bitiruvchi hisoblanadi.

Kelin bo‘lmish 20 yoshli Alima esa KazRosGaz Qozog‘iston-Rossiya qo‘shma korxonasining boshlig‘i Qayrat Bo‘ronboyevning qizidir. Alima Londondagi san‘at tarixi universitetida tahsil oladi.

Qozog‘iston Prezidenti nevarasining to‘yi haqidagi xabar ko‘plab internet foydalanuvchilarning bahslariga sabab bo‘lgan. Ko‘pchilik shu qadar katta pul ishlatilganidan norozi bo‘lganlar.

Bu davlat mablag‘larini ko‘kka sovurishdir, deb yozadi internet foydalanuvchilardan biri.

"Dabdaba uchun soliq to‘lash nima bo‘ladi?" deb so‘raydi Almatinets.

"Yangi yildan boshlab nafaqaxo‘rlar qo‘shimcha 2000 tenge olishlari mumkin, agar iqtisodiy inqiroz bo‘lmasa...", deydi Anonim.

"Agar siz mamlakatdagi aholi turmush darajasi va hukumatning ish sifatini hisobga olsangiz, ular Kayrat Nurtas (qozoq qo‘shiqchisi)dan boshqasiga arzimaydi!, deb yozadi Anonymox Anonymox.

"Kimdir qo‘shiqlari uchun 3 million dollar oladi, bu yerda esa men 20 ming to‘lanmagan soliq uchun titrab turaman", deydi Azamat Ibragimovich.

"Ular bu pullarga avtomobil yo‘lini ta‘mirlashsa yaxshi bo‘lardi", maslahat beradi Renat Bennet.

"Olti million dollar sportni rivojlantirishga sarflansa yaxshi bo‘lardi. Uch million dollar Qozog‘iston boksini dunyoga chiqarayotgan Astana Arlans boks klubining yillik byudjeti sanaladi. Bu xarajatlar nima uchun? Odamlar "Kanye West mendan bir metr narida edi" deb maqtanishadimi?", deya kinoya qiladi Aleksandr.

"Haqiqatdan axmoqlik, biz qozoqlar bu pullarga qancha odamlarni suv, gaz bilan ta‘minlagan, bolalar uylari haqida qayg‘ursak bo‘lardi... uning qo‘shiqlari butun asrga baxtiyorlik beradimi?" so‘raydi Anoni".

"Qozog‘istondan Amerikaga 3 million dollar oqib ketdi. Biz endi hech bo‘lmaganda amerikalik san‘atkorlarni quvvatlayotganimizdan faxrlana olamiz", deb hazil qiladi Azamat Altayev.

Inson huquqlari tashkilotlari boshqa yakkahokim rahbarlar kabi Nazarboyevni ham Qozog‘istonda inson huquqlarining poymol etilishi va so‘z erkinligining bo‘g‘ilishi, hamda neftdan kelayotgan milliardlab dollarni o‘zlashtirishda ayblashadi.

Shu boisdan 2011 yil britaniyalik qo‘shiqchi Sting Janaozen voqealaridan keyin Ostonaga kontsertini bekor qilgandi.

Kanye West o‘zining Qozog‘istondagi chiqishi haqida hali izoh bermagan.

Bu dunyoga taniqli yulduzlarning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi xos tadbirlarga ilk tashrifi emas.

Inson haqlari faollari amerikalik por qo‘shiqchi Jenifer Lopesning inson huquqlari vaziyati abgor Turkmanistonda Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov tug‘ilgan kunida kontsert berganini tanqid qilganlar.

Britaniyalik qo‘shiqchi Stingning O‘zbekiston Prezidenti qizi Gulnora Karimova tashkil qilgan dabdabali marosimda ishtiroki ham tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Qiynoqlar "sistematik" qo‘llaniladigan O‘zbekistonda qo‘shiqchi rejim vakillarining ko‘ngilxushligi uchun xizmat qilganlikda ayblangan.