Tojikiston: Islom me‘yorlari bilan sun‘iy homila yaratish

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ko‘plab musulmon davlatlarda sun‘iy yo‘l bilan homila yaratish qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘layotgan masala. Meditsina xizmati ko‘plab befarzand oilalarga ota-ona bo‘lish imkonini bersa-da, diniy e‘tiqodlari bunga to‘sqinlik qiladi.

Tojikistonda parlament sun‘iy homila orttirishga izn beruvchi qonunni tasdiqdan o‘tkazgan. Shu bilan ayollarni sun‘iy urug‘lantirishga qonun yo‘li bilan ruxsat etildi.

Tojikiston Ulamolar kengashi esa, bu borada maxsus fatvo qabul qilib, qonunga muayyan o‘zgarishlar kiritgan bo‘ldi.

Fatvoga binoan ayni usulda bola ko‘rishni istagan erkak va ayol Islomiy qonun-qoidalar asosida nikohda bo‘lishlari talab qilinadi.

Fatvoga ko‘ra,sun‘iy yo‘l bilan farzand ko‘rishni istagan ayolga faqat o‘z erining urug‘i qo‘llanishi mumkin. Nikohdan tashqari homila orttirish musulmonchilikda gunoh hisoblanadi. Bu bois fatvoda o‘zga erkakning urug‘idan foydalanish mutlaqo ma‘n etilgan.

Xuddi shunday, xotinida homila bo‘lmaydigan erkak ham nomahram ayolning tuxum xujayrasidan foydalana olmaydi.

Buning uchun ham, ayol erkakning nikohida bo‘lishi talab qilinadi. Ulamolar kengashi fatvosida surogat onalikka ham faqat shu shart bilan ruxsat beriladi. Ya‘ni, kimdir birovga bola tug‘ib berishga rozi bo‘lsa, o‘sha odam bilan Islomiy taomil asosida nikohdan o‘tishi kerak.

Tojikiston ulamolarining hukmlari huquqiy kuchga ega bo‘lmaydi. Ammo, imkon qadar Islom qonunlari asosida yashashga intiladigan tojiklar fatvoga amal qilishlari majburiydir.