Qozoq jurnalistini davlat tilida so‘zlashishni talab qilgani uchun qamashdimi?

Image copyright thinkstock
Image caption Hodisa Turkiyadan Qozog‘istonga uchib kelgan uchoqda yuz bergan

Qozog‘istonda chiqadigan jurnalning bosh muharriri uchoqda to‘polon qilgani uchun 3 kecha-kunduzga qamalgan.

Bosh muharrir uning qamalishiga qozoq tilida gaplashishni talab qilgani sabab bo‘lganini aytmoqda.

Qozog‘istonda 75 ming nusxada chop etiladigan "Yulduzlar oilasi" jurnali bosh muharriri Jarilqap Qalibay 26 avgust kuni Qozog‘istonning Skat aviashirkati uchog‘ida Antaliyadan Olma otaga uchib kelgach qo‘lga olingan.

Guvohlar va styuardessalar bosh muharrir uchoqda to‘polon qilganini va uchishga xalaqit berganini aytganlar.

Biroq oilasi bilan uchib kelgan Jarilqap Qalibay unga nisbatan ma‘muriy ish qozoq tilida so‘zlashni talab qilgani uchun ochilganini aytmoqda.

"Men bolamni yupatib, sirkam suv ko‘tarmay jahlim chiqib turgandi. Styuard bo‘lsa bir marta kelib turtib ketdi, ikki marta turtdi. Uchinchi marta tomat sharbatini ustimga to‘kib yubordi. Bu nima qilganing, desam "govorite na russkom", deb javob berdi", - deydi Jarilqap Qalibay mahalliy telekanalga bergan intervyusida.

Biroq Skat aviashirkati hodisaning umuman boshqacha bo‘lganini ta‘kidlamoqda. Shirkatning jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi rahbari Viktoriya Ulyanova BBCga yo‘lovchi o‘zini agressiv tutib parvozga halaqit berganini aytdi.

"Uchoq salonida turib yo‘lovchi o‘zini bort provodniklariga nisbatan agressiv va noloyiq tutdi. Ushbu fakt parvozning xavfsizligiga tahdid soldi. Xizmat ko‘rsatishga xalaqit qildi va qolgan yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirdi", - deydi Viktoriya Ulyanova.

Shundan so‘ng uchoq Olma otaga qo‘ngach shirkat xodimlari politsiyani chaqirishga va guvohlarni so‘roq qildirishga qaror qiladi. Natijada bosh muharrir aybdor deb topildi.

Bosh muharrirning uch kunga qamalishi qozoq tilli ijtimoiy tarmoqlarda keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar bosh muharrirning qozoq tilida gaplashishni talab qilgani uchun jazolanganiga ishonar va shirkatni davlat tiliga hurmatmatsizlikda ayblardi.

Bahslarga qozoq ziyolilari ham qo‘shildi. Siyosatshunos Rasul Jumali Facebookdagi sahifasida Qozog‘istonning fuqarosi sifati murojaatnoma qoldirdi. Rasul Jumalii yarim yil oldin Skat shirkati bilan bog‘liq ikkita fojea sodir bo‘lgan bo‘lsa ham uning jazosiz qolib ketayotganidan junbushga kelgan.

"Aniq bo‘lishicha, ushbu shirkat jazolanmasligiga qattiq ishonib yuborganidan davlatimizning asosi bo‘lmish Qozog‘iston Konstitutsiyasini toptamoqda! Vaziyat shunga yetib bordiki, davlat tilida xizmat ko‘rsatishni talab qilgan fuqarolarimiz qamoqqa tiqilmoqda. Qozog‘istonda kim xo‘jayin? Davlatmi yoki Skat?", - deyiladi murojaatda.

Aviashirkatning jamotchilik bilan ishlovchi ma‘suli uchoqda qozoq tili bilan bog‘liq muammo bo‘lmaganini ta‘kidladi. Unga ko‘ra bosh muharrirga xizmat qilgan styurdessaning ona tili qozoq va bu tilda bemalol so‘zlasha oladi.

"Bort provodniklarimizga nisbatan til borasida talablarimiz bor. Har bir xodimimiz qozoq, rus va ingliz tilini bilishga majbur. Kamida so‘zlashuv darajasida bilishadi", - deydi Viktoriya Ulyanova.

Aviashirkat mas‘ulining aytganlarini zakon.kz axborot agentligiga gapirgan guvohlar ham tasdiqlagan.

Bosh muharri bilan yonma yon o‘tirgan Gulmira ismli yo‘lovchining aytishicha, Jarilqap Qalibay parvoz davomida ta‘qiqlangan bo‘lishiga qaramasdan spirtli ichimlik iste‘mol qilganini va o‘zini juda ham qo‘pol tutganini aytadi.

"Styuardessa undan nima ichishini istashini so‘radi. Erkak unga qozoq tilida gapirishini talab qildi. Shu ondan boshlab hamma styuardessalar unga faqat qozoqcha gapirdi. Bolasi uxlaguncha u menga viski ichishni taklif qildi. Men rad etdim. U ochilgan shishadan uchoqda beriladigan stakanga quyib icha boshladi", - deydi Gulmira.

Gulmiraning qo‘shimcha qilishicha, parvoz davomida bosh muharrir o‘zini juda qo‘pol tutgan va undan o‘tirishni talab qilgan styuardni turtib yuborgan.

Boshqa guvohlar ham Jarilqap Qalibayning o‘zini noloyiq tutganini tasdiqlashgan.