Putin: Rossiya Suriyaga qarshi amaliyotlarga rozilik berishi mumkin

Image caption "Rossiya uchun qaysidir tomonning kimyoviy qurol qo‘llagani haqida aniq dalillar kerak", - degan janob Putin

Suriyada Bashar al-Assad armiyasining kimyoviy qurol ishlatgani isbotlanadigan bo‘lsa va faqat BMT Xavfsizlik kengashi qarori bilan Rossiya Suriyaga qarshi harbiy amaliyotlarga qarshilik qilmasligi mumkin, deb aytgan Prezident Putin jurnalistlarga bergan intervyusida.

"Rossiya uchun qaysidir tomonning kimyoviy qurol qo‘llagani haqida aniq dalillar kerak, shundan so‘ng Moskva qat‘iy harakat qiladi", - degan janob Putin.

Shuningdek, ayni vaziyatda shoshma-shosharlik qilmasdan, BMT tekshiruvchilarining xulosalarini kutish zarurligi, hali qaysi tomon kimyoviy qurol qo‘llagani haqida aniq dalillar yo‘qligini ta‘kidlagan Rossiya Prezidenti.

Peterburgda boshlanadigan "Yirik yigirmalik" sammiti oldidan Vladimir Putin Birinchi kanal va Associated Press agentligiga intervyu berib, ayni paytdagi muhim masalalar, Rossiya-Amerika munosabatlari, Rossiyada gomoseksualistlarning huquqlari, Navalniy va Snoudenga doir savollar va albatta Suriyadagi vaziyatga to‘xtalgan.

"Agar bizda bu jinoyatni kim sodir etgani haqida aniq dalillar bo‘lsa, o‘shanda munosabat ham qat‘iy bo‘ladi. Hozir taxmin qilish va oldindan bunday qilamiz, deb aytish butunlay noto‘g‘ridir. Lekin men sizni ishontirib aytamanki, biz printsipial yo‘l tutamiz. Bu munosabat shunday bo‘ladiki, insonlarga nisbatan ommaviy qirg‘in qurolini ishlatish jinoyat. Lekin boshqa savol ham tug‘iladi. Agar ommaviy qirg‘in qurollarini jangarilar qo‘llagani isbotlansa, AQSh u paytda jangarilarga qarshi qanday yo‘l tutadi?".

Suriyada kimyoviy hujum oqibatida zaharlangan bolalar tushirilgan videolavhalar haqidagi savolga javob berarkan, janob Putin shunday deydi:

"Bu yerda savol bu jinoyatni kim qildi va kim aybdor? Bu lavhalarning o‘zi ushbu savollarga javob berolmaydi. Shunday fikrlar ham borki, bu videolar biz yaxshi bilganimizdek va Qo‘shma Shtatlar ma‘muriyati ham tasdiqlaydigan shafqatsizligi bilan ajralib turadigan Al-Qoidaga aloqador jangarilarning montaji bo‘lishi mumkin degan farazlar bildirilmoqda".

So‘nggi xabarlarga binoan, Qo‘shma Shtatlarning xorijiy masalalar bo‘yicha senat qo‘mitasi Amerikaning Suriyaga hujumini quvvatlaydigan rezolyuziya loyihasini tayyorlagan.

Unga ko‘ra, harbiy amaliyotlar 60 kun davom etishi kerak, vaziyatga qarab yana bir oyga uzaytirilishi mumkin.

Ayni paytda Frantsiya Prezidenti Fransua Olland AQSh Kongressining Damashqqa hujumi haqidagi qarorini sabrsizlik bilan kutayotganini ma‘lum qildi.

Assad tuzumiga qarshi Frantsiya yakka holda harbiy amaliyotlarga chiqmaydi, deb aytgan Olland janoblari.