Prezident Putin: Suriya inqirozini kechki ovqatda muhokama qilish kerak

Image copyright AP

Jahondagi iqtisodiyoti yirik 20 davlat rahbarlarining Sankt-Peterburgdagi sammiti kun tartibiga Suriya inqirozi muhokamasi kiritilmagan, biroq bu sammitga yo‘l olganlarning barchasi bugungi kunning eng muhim masalasini batafsil muhokama qilish istagini bildirgan.

Sammitni ochar ekan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oliymaqom uchrashuv kun tartibida bo‘lmasa ham Suriya mojarosini kechki taom payti muhokama qilishni taklif etgan.

Janob Putin so‘zlariga ko‘ra, "hammasini bir uyumga yig‘maslik uchun" Sankt-Peterburg sammiti qatnashchilari Suriya inqiroziga harbiy aralashuv borasidagi kelishmovchilik haqida kechqurun tanovul payti gaplashib olganlari ma‘qul.

Sammitda qatnashayotgan Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron Suriya hukumati kimyoviy qurolni ishga solgani haqidagi yangi dalillarni qo‘lga kiritganliklari haqida aytgan.

Sankt-Peterburg sammiti ikki kunga mo‘ljallangan.

Oldinroq BMT ma‘lum qilishicha, BMT va Arab ligasi nomidan Suriyadagi vakil Lahdar Braximiy Sankt Peterburg sammitida ishtirok etadi.

BMT rasmiylariga ko‘ra, janob Braximiy Suriyadagi mojaroni yechish uchun xalqaro tinchlik anjumanini o‘tkazishga erishishga umid qilmoqda.

Sammit oldidan ishtirokchilarda Suriya inqirozi yuzasidan kuchli kelishmovchilik yuzaga chiqqan.

Arafada AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo‘mitasi Suriyadagi kimyoviy qurol qo‘llangani da‘vo qilingan hujumga javob sifatida harbiy kuch ishlatilishini ma‘qullagan.

Chorshanba kuni qo‘mitaning 10 a‘zosi Prezident Obamaning rejasini qo‘llab ovoz bergan, yetti senator qarshi va bir kishi ovoz berishdan tiyilgan.

Endilikda rezolyutsiya loyihasi butun Senatga taqdim etiladi.

Ovoz berishning kelasi hafta bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Prezident Obama Amerika va dunyoda Suriyaga qarshi zarbalar uchun imkon qadar ko‘proq dastak olishga harakat qilmoqda.

BBC muxbiri Bridjit Kendall aytishicha, janob Obama ham, janob Putin ham hali ikkilanib turgan yirik 20 lik rahbarlari orasidan imkon qadar ko‘pini o‘z tarafiga og‘dirishni istaydi.

Sankt-Peterburg yig‘ini arafasida Prezident Vladimir Putin kimyoviy qurolni tinch fuqarolarga Suriya hukumati qo‘llaganini isbotlash lozim va harbiy amaliyotni BMT Xavfsizlik kengashi ma‘qullashi talab qilinadi.

Busiz harbiy amaliyot bosqin bo‘ladi, deb aytgan Rossiya rahbari.

Xitoy ham BMT ma‘qullashini talab qilmoqda.

AQSh Prezidenti Barak Obama esa Suriya borasida o‘zining emas, balki jahon hamjamiyatining obro‘yi garovga qo‘yilganini ta‘kidlagan.

Rossiya hududida sanoati rivojlangan yirik 20 mamlakat rahbarlari ilk bor uchrashmoqdalar.

20 likka Avstraliya, Argentina, AQSh, Braziliya, Britaniya, Janubiy Koreya, Janubiy Afrika Respublikasi, Indoneziya, Italiya, Kanada, Meksika, Olmoniya, Ovro‘po Ittifoqi, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Frantsiya, Xitoy, Hindiston va Yaponiya kiradi.

Yirik 20 likka kirmasa ham Sankt-Peterburg sammitida Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etayapti.

Bu sammitda dunyoda iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish va ishsizlikka qarshi kurash choralari muhokamasi asosiy masalalardan bo‘lishi xabar qilingan.